22.08.2024 09:02
Rossiya: Ukraina qoʻshinlarining Bryansk viloyatiga bostirib kirishga urinishi toʻxtatildi
Rossiyaning Bryansk viloyati Klimovskiy tumanida Ukraina qoʻporuvchilik-razvedka guruhining Rossiya hududiga bostirib kirishga urinishi toʻxtatildi. Bu haqda gubernator Aleksandr Bogomaz 21 avgust, chorshanba kuni oʻzining Telegram-kanalida maʻʻlum qildi.
“Jang paytida Rossiya FSBning Bryansk viloyatidagi kuchlari va RF Qurolli Kuchlari boʻlinmalari tomonidan yorib oʻtishga urinishning oldi olindi. Dushman oʻqqa tutildi”, — deyiladi gubernator bayonotida.
Mahalliy OAV maʻʻlumotlariga koʻra, ukrain harbiylari Zabrama qishlogʻi hududida Rossiya hududiga kirishga uringan. Hozirda Klimovskiy tumaniga kirish yoʻli nazorat punktlari tomonidan toʻsib qoʻyilgan.
Bogomazning soʻzlariga koʻra, hozirda toʻqnashuv joyida vaziyat barqarorlashgan va mintaqaviy tezkor shtab nazorati ostida.
Avvalroq Kursk viloyatidagi hujumlar chogʻida 30 dan ortiq kishi halok boʻlgani, yana 143 kishi yaralangani maʻʻlum qilindi.
“21 avgust kuni ertalab Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatiga uyushtirgan hujumi natijasida 31 kishi halok boʻlgani tasdiqlandi, 143 kishi turli darajadagi ogʻirlikdagi jarohatlar oldi. 79 nafari kasalxonaga yotqizildi, ulardan 4 nafari bola”, — deya xabar qildi TASS manbasi.