20.08.2024 13:12
Kursk viloyatidagi hujumlarda 17 kishi halok boʻldi
Oxirgi maʻʻlumotlarga koʻra, Ukraina qurolli kuchlari hujumlari oqibatida Rossiyaning Kursk viloyatida 17 nafar tinch aholi vakili halok boʻlgan, 140 dan ortigʻi jarohatlangan. Yaralanganlarning 75 nafari kasalxonaga yotqizilgan.
Rossiyaning Kursk viloyatidagi hujumlar natijasida 17 kishi halok boʻldi. Bu haqda TASS tibbiy xizmatlarga tayanib xabar bermoqda.
“Oxirgi maʻʻlumotlarga koʻra, Ukraina Qurolli kuchlari hujumlari natijasida 17 kishi halok boʻlgan. 140 dan ortiq jabrlanganlardan 75 nafari kasalxonaga yotqizilgan, ulardan 4 nafari bola”, — dedi agentlik manbasi.
Avvalroq, 12 avgust kuni viloyat gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatiga uyushtirgan hujumlari natijasida 12 kishi halok boʻlgani va yana 121 nafar fuqaro jarohatlangani haqida xabar bergan edi.
Kursk viloyatidagi vaziyat
6 avgust kuni ertalab Ukraina Qurolli Kuchlari Rossiyaning Kursk viloyati chegara hududlariga bostirib kirdi. Chegara hududlarida Rossiya va Ukraina qoʻshinlari oʻrtasida shiddatli janglar davom etmoqda, aholi punktlarida uchuvchisiz samolyotlarning keng koʻlamli hujumlari qayd etilmoqda, vaqti-vaqti bilan raketa hujumi haqida ogohlantirish signallari eshitilmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi maʻʻlumotlariga koʻra, Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatiga bostirib kirganidan soʻng janglar asosan viloyatning Korenevskiy va Suja, qisman Belovskiy va Lgovskiy tumanlarida davom etgan.
Mintaqadagi vaziyat federal favqulodda holat sifatida tan olingan.
Bundan tashqari, Rossiyaning Belgorod, Kursk va Bryansk viloyatlarida aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etilgan.
Ayni paytda bir qator hududlarda tinch aholini evakuatsiya qilish ishlari davom etmoqda. 12 avgust kuni Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov Vladimir Putinga evakuatsiya qilinishi kerak boʻlgan 180 ming kishidan 121 ming kishi allaqachon hududni tark etgani haqida xabar berdi. Oʻz navbatida, RF Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kursk viloyatining chegara hududlaridan 121 mingdan ortiq odam koʻchirilganini maʻʻlum qildi.
Ayni paytda Ukraina tomoni Kursk viloyatida 90 dan ortiq aholi punkti nazorat ostiga olinganini daʻʻvo qilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Suja shahri Ukraina armiyasi nazoratiga oʻtganini maʻʻlum qilgandi.