19.08.2024 14:36

Rossiya Ukraina hududidan Kursk viloyatiga 5 ming nafar harbiy xizmatchini koʻchirdi

Rossiya harbiy qoʻmondonligi ukrain armiyasi bosqinini qaytarish uchun Ukrainadagi front chizigʻidan 5 ming askardan iborat guruhni Kursk viloyatiga oʻtkazdi, deya xabar berdi The Wall Street Journal nashriga vaziyatdan xabardor bir necha manba.

Ularning maʻʻlumotlariga koʻra, Rossiya bir nechta kam sonli brigadalarni koʻchirgan. Ulardan biri Ukrainaning Donetsk viloyatidan olib oʻtilgan, qolganlari esa strategik ahamiyatgi kamroq boʻlgan hududlardan qayta joylashtirilgan.

Kursk viloyatidagi bosib olingan hududlarni qaytarish uchun Rossiya harbiy qoʻmondonligi Ukrainadagi front chizigʻidan bundan ham koʻproq qoʻshinni olib chiqishga majbur boʻlishi mumkin. Manbaga koʻra, Rossiya armiyasiga bunday operatsiya uchun 20 ming nafar yaxshi tayyorgarlikdan oʻtgan harbiylar guruhi kerak boʻladi.

Gʻarb harbiy tahlilchilarining hisob-kitoblariga koʻra, Ukraina Kurskga 6 minggacha askarni joylashtirgan, yana 4 ming askar Sumi viloyatida yordamchi vazifalarni bajarish uchun joylashgan. Manbaning taʻʻkidlashicha, frontni zaiflashtirmaslik uchun ushbu qoʻshinlarning salmoqli qismi Ukraina Gʻarb koʻmagida tuzayotgan zaxira kuchlaridan joriy yil oxiri va 2025 yildagi operatsiyalar uchun safarbar qilingan.

Oʻtgan juma kuni ikki yuqori martabali amerikalik amaldor CNN telekanaliga Rossiya qoʻmondonligi Ukrainadan har biri kamida 1000 kishidan iborat bir necha boʻlinmani Kursk viloyatiga oʻtkazganini aytdi.

Ularning soʻzlariga koʻra, Ukraina Qurolli Kuchlari (UQK) operatsiyasining asosiy maqsadi Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun "strategik dilemma" yaratish - u qoʻshin yuborishi kerak. Biroq Ukrainadagi frontda yuz minglab rus qoʻshinlari bor, shuning uchun bir necha ming askarni boshqa joyga yoʻnaltirish qisqa muddatda katta taʻʻsir koʻrsatishi dargumon, deydi CNN manbalari.

Telekanalning yana ikki manbasi Rossiya oʻzining yirik va jangovar tayyor boʻlinmalarini Ukrainadan Kurskga hali oʻtkazmaganini taʻʻkidladi. Buning oʻrniga Rossiya qoʻmondonligi Kursk viloyati mudofaasini asosan Rossiyaning boshqa viloyatlaridan kelgan harbiy xizmatchilar orqali kuchaytirishga qaror qildi, deya qoʻshimcha qildi suhbatdoshlardan biri.

Rossiya qoʻshinlarining Ukrainadan koʻchirilishi “Putin Ukraina shimoli-sharqida yoki hatto janubda, Zaporojʻe kabi joylarda olib borilayotgan harbiy amaliyotlardan voz kechganini anglatmaydi”, dedi Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi.

Shu bilan birga, soʻnggi razvedka maʻʻlumotlari bilan tanish boʻlgan Amerika va Gʻarb rasmiylari Ukrainaning Kursk viloyatidagi bosib olingan hududlarni uzoq vaqt ushlab turishi dargumon, deya ogohlantirdi. Biroq, ularning fikricha, bu operatsiya urushning umumiy natijasiga qanday taʻʻsir qilishini aytishga hali erta.

Ukraina Qurolli Kuchlarining 6 avgust kuni boshlangan Kursk viloyatidagi hujumi chogʻida 1150 kv. km. maydon va 82 aholi punkti Ukraina qoʻshinlari nazorati ostiga oʻtgani haqida 15 avgust, payshanba kuni Ukraina Qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni Aleksandr Sirskiy maʻʻlum qilgan edi. Asirga olingan rossiyalik harbiy xizmatchilarning aniq soni nomaʻʻlum, biroq Independent nashri Ukraina harbiylari orasidagi xabardor manbaga tayanib yozganidek, ular soni 2 ming kishi, jumladan, chaqiriluvchilarni tashkil qilishi mumkin.

Shuningdek, rossiyalik harbiy halok boʻlganlar soni haqida ham rasmiy maʻʻlumot yoʻq, biroq faqat 9 avgust kuni Rylsk yaqinidagi karvonga qilingan hujum paytida 500 ga yaqin rus askari va zobiti halok boʻlgan boʻlishi mumkin. 16 avgust, juma kuni Ukraina qurolli kuchlari Kursk viloyatida Rossiyaning yana bir karvonini yoʻq qilgani maʻʻlum boʻldi. Demak, qurbonlar soni yanada koʻproq boʻlishi mumkin.

Rossiya hududidagi janglar fonida Kursk, Belgorod va Bryansk viloyatlarida “aksilterror operatsiyasi” (STO) rejimi joriy etilgan. Shuningdek, Kursk va Belgorod viloyatlarida federal darajada favqulodda holat eʻʻlon qilingan.

Mavzuga aloqador