09.07.2024 08:07

Россиянинг Украинага ялпи ҳужумлари натижасида энг камида 37 киши ҳалок бўлди

Rossiya Ukrainaning qator shaharlariga uyushtirgan keng koʻlamli raketa hujumlari natijasida eng kamida 37 kishi halok boʻldi, ularning 3 nafari bolalar, 170 dan ortiq kishi jarohatlandi. Kievda joylashgan mamlakatdagi eng yirik bolalar shifoxonasiga jiddiy zarar etdi.

8 iyulʻ kuni ertalab Rossiya Ukrainaning Kiev, Dnepr, Krivoy Rog va boshqa shaharlariga yirik raketa hujumini amalga oshirdi.

«UNIAN» agentligi maʻʻlumotlariga koʻra, hozirda butun Ukraina boʻylab 37 nafardan ortiq odam halok boʻlgan va 170 nafardan ziyod kishi jarohatlangan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hujum vaqtida mamlakat boʻylab 40 dan ortiq turli raketalar uchirilganini bildirdi. Ularning aksariyati urib tushirilgan.

Raketalardan biri Kievning Shevchenkovskiy tumanida joylashgan «Oxmatdet» bolalar shifoxonasi boʻlimiga kelib tushgan. Ukraina sogʻliqni saqlash vaziri Viktor Lyashkoning soʻzlariga koʻra, zarba bolalar dializ olgan korpusga kelib tushgan. Reanimatsiya, operatsiya xonalari, onkologiya boʻlimlari zarar koʻrgan.

Ukraina ommaviy axborot vositalarining aniqlik kiritishicha, «Oxmatdet» Ukrainadagi eng katta bolalar shifoxonasi hisoblanadi. 620 oʻrinli shifoxonada yiliga 18 minggacha bola davolanadi. Voqea joyida ishlar ketmoqda; vayronalar ostida odamlar boʻlishi mumkin.

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina shaharlari oʻqqa tutilganini tasdiqladi, ammo hujum «Ukrainaning harbiy sanoat obʻʻektlari va Ukraina Qurolli kuchlarining aviatsiya bazalariga» amalga oshirilgani aytildi. «Zarbadan koʻzlangan maqsadlarga erishildi», — deyiladi harbiy idora bayonotida.

Vazirlik fuqarolik obʻʻektlariga qaratib raketa zarbalari berilgani haqidagi bayonotlarni «haqiqatga toʻgʻri kelmaydi» deb atadi va halokatni Ukraina havo mudofaasi ishi bilan bogʻladi.

Mavzuga aloqador