31.07.2025 15:46
86

Rafahning yopilishidan norozi boʻlgan misrlik yigitlar dom-daraksiz ketdi


Oldinroq, 27 yoshli Muhsin Mustafo va uning 23 yoshli amakivachchasi Ahmad Sharif oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga Maъsor tumanidagi politsiya boʻlimiga hujum qilgani haqidagi videolarini joylagandi. Unda Falastin va Misr oʻrtasidagi Rafah chegara postining yopilishi hamda Gʻazoning qamal qilinishidan norozi boʻlganlar politsiya boʻlimlarida qattiq qiynoqqa solinayotgani, hatto oʻldirib yuborilayotgani aytilgandi. Ikki faol esa mazkur holatlarni videoga muhrlab jamoatchilikka etkazish istagida ekanini qoʻshimcha qilishgan.

Ushbu voqeadan soʻng Muhsin va Sharif bedarak yoʻqolgan.

Misr Ichki ishlar vazirligi esa bunday videolar "Ixvon-ul-Muslimin" harakati tomonidan ishlangan soxta tasvirlar ekanini aytib chiqdi. Biroq Misr inson huquqlari tarmogʻi videolarning haqiqiyligini tasdiqladi.

Politsiya boʻlimiga hujum qilgan yigitlardan biri – Muhsin Mustafoning oʻzi 2020 yilda xavfsizlik kuchlari uning qarindoshini izlayotgan paytda qoʻlga olingan va qiynoqqa solingan. Ozod etilganidan soʻng har oy politsiya boʻlimiga borib roʻyxatdan oʻtishi shart qilib qoʻyilgan. Uning oilasiga yaqin manbaning aytishicha, Muhsin oʻzini juda tahqirlangan his qilgan va “juda gʻazabda” boʻlgan.

Hujumdan soʻng oiladagi barcha erkaklar qoʻlga olingan. Oilaning oʻzi norasmiy uy qamogʻiga olingan va doimiy nazorat ostida. Hukumat esa hujum faktini tan olmayapti, bu esa yoʻqolgan yoshlarning taqdiri yuzasidan jiddiy xavotir uygʻotmoqda.

Misrdagi bu kabi koʻngilsiz voqealar Gʻazoda tinch aholining ochlikdan oʻlayotgani hamda rasmiy Qohiraning Rafah chegarasini ochish va gumanitar yordam etkazishga shoshilmayotgani uchun jamoatchilik orasida norozilik kayfiyati kuchayib borayotgan bir sharoitga toʻgʻri kelmoqda.

Mavzuga aloqador