07.05.2024 16:05
Putin rasman Rossiya prezidenti lavozimiga kirishdi
Vladimir Putin qasamyod qabul qilib, Rossiya Federatsiyasi prezidenti lavozimiga kirishdi, deb xabar bermoqda Kremlʻ sayti.
Davlat Dumasi deputatlari va Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalari ishtirokida Vladimir Putin Rossiya xalqiga qasamyod qildi.
RF prezidenti Rossiya xalqi bilan birgalikda Rossiya ushbu qiyin, muhim davrni bosib oʻtishiga, yanada kuchliroq boʻlishiga hamda " rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan uzoq muddatli rejalar va keng miqyosli loyihalarni" albatta amalga oshirishiga ishonch bildirdi.
“Biz Rossiyani ishonchli va halol hamkor deb biladigan barcha davlatlar bilan yaxshi munosabatlarni mustahkamlash uchun ochiq boʻlganmiz va shunday boʻlib qolamiz. Va bu haqiqatan ham global koʻpchilik. Biz Gʻarb davlatlari bilan muloqotdan bosh tortmaymiz. Tanlov ularniki: ular Rossiya taraqqiyotini toʻxtatishga urinishda davom etmoqchimi, bosqinchilik siyosatini, mamlakatimizga yillar davomida tinmay bosim oʻtkazishni davom ettirish niyatidami yoki hamkorlik va tinchlik yoʻlini izlash niyatidami”, — dedi Putin.
U, jumladan, xavfsizlik va strategik barqarorlik masalalari boʻyicha ham muloqot boʻlishi mumkinligini taʻʻkidladi. "Ammo kuchlarning takabburlik, dimogʻdorlik va shaxsiy ustunliklar pozitsiyasidan emas, balki faqat teng sharoitlarda, bir-birining manfaatlarini hurmat qilgan holda", - deya taʻʻkidladi Rossiya prezidenti.
“Evrosiyo integratsiyasi boʻyicha hamkorlarimiz, boshqa suveren rivojlanish markazlari bilan birgalikda koʻp qutbli dunyo tartibini, teng va boʻlinmas xavfsizlik tizimini shakllantirish ustida ishlashni davom ettiramiz. Tez oʻzgarib borayotgan murakkab dunyoda oʻzimizni oʻzimiz taʻʻminlashimiz va raqobatbardosh boʻlishimiz, tariximizda bir necha bor sodir boʻlganidek, Rossiya uchun yangi ufqlarni ochishimiz kerak”, — deya qoʻshimcha qildi u.
Ayni paytda, Rossiya prezidentining qasamyod qabul qilish marosimida qatnashish-qatnashmaslik masalasi Evropa Ittifoqi mamlakatlari oʻrtasida bahs va boʻlinishlarga sabab boʻldi. Spiegel jurnalining oʻz manbalariga tayanib xabar berishicha, Frantsiya, Vengriya va Slovakiya Moskva bilan aloqa kanallarini ochiq saqlash uchun Putinning qasamyod marosimiga oʻz vakillarini yuborishini maʻʻlum qilgan. Biroq Germaniya va boshqa Evropa Ittifoqi davlatlari ishtirok etishni nomaqbul deb hisobladi.
Evropa Ittifoqining Moskvadagi rasmiy vakili ham marosimda ishtirok etishdan bosh tortdi. Britaniya ham marosimga oʻz vakilini yubormadi. Xuddi shunday qaror AQShda ham qabul qilingan, dedi Davlat departamenti.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin inauguratsiyasiga Moskvada akkreditatsiyadan oʻtgan barcha diplomatik vakolatxonalar rahbarlari rasman taklif etilgan.
Eslatib oʻtamiz, mart oyida boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovlarida amaldagi davlat rahbari 87,28 foiz ovoz bilan gʻalaba qozondi. Vladimir Putin RF prezidenti lavozimida yana olti yil – 2030 yilgacha faoliyat koʻrsatadi.
Maʻʻlumot uchun, bu 72 yoshli Putinning davlat rahbari sifatida beshinchi muddatga saylanishi. Avvalgi – 2000, 2004, 2012 va 2018 yillardagi qasamyod marosimlari ham 7 may kuni boʻlib oʻtgan.