06.09.2024 09:19
Pavel Durov Frantsiyada hibsga olinganidan keyin birinchi bor vaziyatga izoh berdi
Pavel Durov oʻzining Telegram-kanalida Frantsiyada qoʻlga olinganidan soʻng ilk bor bayonot bilan chiqdi.
U frantsuz politsiyasi oʻtgan oyda Parijga borganida qoʻlga olinganidan soʻng toʻrt kun davomida soʻroq qilganini bildirdi. Telegram messenjeri asoschisi kompaniyasining Evropa Ittifoqida Evroittifoq soʻrovlariga javob beradigan rasmiy vakiligi borligini aytib, boʻlgan voqealarga nisbatan hayratini bildirdi.
Bundan tashqari, Frantsiya fuqarosi hisoblangan Durov Amirliklardagi frantsuz elchixonasiga tez-tez tashrif buyurishi, biroq frantsuz hukumati bunga qadar unga ushbu masalada hech qanday savol bermaganini taʻʻkidladi.
Durov, shuningdek, Telegram koʻplab mamlakatlar bilan hamkorlikka tayyorligi, biroq oʻz printsiplaridan voz kechmasligini maʻʻlum qildi.
U Rossiya messejerdan kuzatish imkoniga ega boʻlish uchun "shifrlash kaliti"ni soʻragani, biroq rad javobini olgani, natijada Telegram vaqtinchalik bloklangani; Eron namoyishchilar kanallarini bloklashni soʻragani va natijada Telegram Eronda taqiqlanganini misol qilib keltirdi.
Messenjer asoschisi Telegram "anarxistik jannat" ekani haqidagi gap-soʻzlarni ham rad etdi.
U har kuni millionlab zararli post va kanallar oʻchirilishini maʻʻlum qildi. Bundan tashqari, Telegramʼda shaffoflik toʻgʻrisidagi kunlik hisobot mavjudligi, shuningdek, moderatsiya uchun tezkor soʻrovlarni yanada tezroq koʻrib chiqish uchun nohukumat tashkilotlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatilganini maʻʻlum qildi.