29.08.2024 07:33

Telegram asoschisi Pavel Durov garov evaziga ozod qilindi

Frantsiya sudi uyushgan jinoyatchilikda ayblanayotgan Telegram asoschisi Pavel Durovga nisbatan rasmiy tergov boshladi, biroq u 5 million evro miqdorida garov puli evaziga sudgacha qamoqqa olishdan qutildi. Shuningdek, Durovga Frantsiya hududini tark etish va haftasiga ikki marta politsiya idorasiga kelish topshirildi.

28 avgust, chorshanba kuni Parij sudi Telegram asoschisi Pavel Durovni qamoqdan ozod qildi. Bu haqda Parij prokuraturasi xabarida bayon qilingan.

Prokuraturaning qayd etishicha, Durov 5 million evro garov puli toʻlash majburiyatini olgan holda sud nazorati bilan ozod qilingan. U haftada ikki marta politsiyaga kelishi kerak. Shuningdek, uning Frantsiya hududini tark etishi taqiqlangan.

Durov 6 ta jinoyatda, jumladan, noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirish maqsadida onlayn platformani boshqarishda ayblanmoqda. Ular orasida noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirish uchun onlayn platformani boshqarishda uyushgan guruh faoliyatiga sheriklik (buning uchun eng yuqori jazo – 10 yilgacha qamoq va 500 ming evro miqdorida jarima), vakolatli organlarning soʻroviga asosan maʻʻlumot yoki hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortish va pul yuvish jinoyatlari mavjud.

Reuters agentligining tushuntirishicha, Frantsiya qonunchiligiga koʻra, tergov Durovning aybdor deb topilishi yoki sudga tortilishini anglatmaydi. Bunday qaror faqat sudʻyalar ishda tergovni davom ettirish uchun etarli asoslarni koʻrishini bildiradi. Biroq u sudga keltirilgunga qadar yillar davom etishi yoki yopilishi mumkin.

Eslatib oʻtamiz, 24 avgust kuni kechqurun Durov Parijdagi aeroportida hibsga olingan edi.

Mavzuga aloqador