05.02.2025 09:43
490
Oʻzbekiston Afgʻonistondan olib oʻtilgan vertolyotlarning bir qismini AQShga qaytardi
Oʻzbekiston hukumati Afgʻonistonda “Tolibon” hokimiyatni qoʻlga olgan paytda afgʻon uchuvchilari tomonidan mamlakat hududiga olib oʻtilgan harbiy texnikalarning bir qismini AQShga qaytardi. Bu haqda "Amerika ovozi" Pentagon rasmiylariga tayanib xabar berdi.
Maʻʻlumotlarga koʻra, 2021 yil avgust oyida afgʻon harbiylari 22 ta samolyot va 24 ta vertolyotni Oʻzbekistonga olib oʻtgan edi. Ular orasida Embraer EMB 314 Super Tucano, Pilatus PC-12, UH-60 Black Hawk, MD-530 va Mi-17 rusumli havo texnikasi bor edi.
Pentagon yaroqli deb topgan texnik vositalardan ettitasi – Black Hawk vertolyotlari hozirda AQShga qaytarilgan.
Oʻzbekistonning AQSh va Kanadadagi elchisi Furqat Sidiqovning taʻʻkidlashicha, Toshkent va Vashington harbiy hamkorlikni kuchaytirish va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga tayyor.
"Oʻzbekiston AQSh bilan strategik sheriklikni kengaytirish niyatida. Biz harbiy va xavfsizlik sohasidagi aloqalarni yuqori baholaymiz", — dedi Sidiqov.
Avvalroq “Tolibon” hukumati Toshkentdan Afgʻonistonga tegishli harbiy texnikalarni qaytarishni bir necha bor soʻragan. Biroq Oʻzbekiston va AQSh bu borada kelishuvga erishib, texnikalar Oʻzbekistonda qolishi maʻʻlum qilingandi.