21.03.2024 11:47

Okeanlar sathida rekord darajada issiq harorat qayd etildi

Okeanlar sathida kunlik oʻrtacha harorat rekord darajada koʻtarildi. Avvallari 20 yilda kuzatilgan harorat koʻtarilishi 2023 yilning oʻzida qayd etildi. Dengiz suvining ilishi suv ostidagi ekotizimining oʻzgarishiga, kuchli tropik boʻronlarning vujudga kelishiga sabab boʻlmoqda.

Dunyo okeanining sirt harorati 2023 yilda 2022 yilga nisbatan Tselʻsiy boʻyicha oʻrtacha 0,25 darajaga oshdi. Oʻzgarishni tushunish uchun: avvallari bunday oʻsish taxminan yigirma yilda kuzatilgan. Bu haqda Buyuk Britaniya Milliy okeanologiya markazi (NOAA) xodimi, professor Gregori Jonson maʻʻlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, suv harorati koʻtarilishi dengizda ayrim turlarning qutblarga koʻchishiga sabab boʻlgan.

AQShdagi Meyn universitetining Climate Reanalyzer sayti va NOAA maʻʻlumotlariga koʻra, 13 mart, chorshanba kuni dengiz sathining oʻrtacha kunlik harorati 21,2 darajani tashkil etib, rekord oʻrnatdi. Avvalgi eng yuqori harorat oʻtgan yilning avgust oyida 21,1 darajani tashkil etgan edi.

Evropa Ittifoqining Copernicus iqlim oʻzgarishini kuzatish agentligi hisobotiga koʻra, fevralʻ oyi qishning rekord darajadagi eng issiq ikkinchi oyi boʻldi va bu dengiz yuzasi haroratiga taʻʻsir koʻrsatdi.

Dengiz yuzasining global harorati fevralʻ oyida oʻrtacha 21,06 darajani, kunduzgi dengiz yuzasi harorati esa oy oxirida 21,09 darajani tashkil etdi.

Suvning eng yuqori harorati Atlantika okeani va markaziy Tinch okeani, Hind okeani, Oʻrta er va Qora dengiz havzalari, Qizil dengiz va Fors koʻrfazida qayd etilgan.

Professor Jonsonning Anadolu agentligiga aytishicha, okean suvi hozirda sanoat inqilobidan oldingiga nisbatan oʻrtacha 1 daraja issiqroq va iqlim oʻzgarishi ekstremal haroratni keltirib chiqaruvchi asosiy omil hisoblanadi.

Uning soʻzlariga koʻra, okeanlar er usti suvlari haroratining oshishi 2023 yilda rekord darajaga etdi.

“Menimcha, dengiz yuzasi harorati 2023 yilda 2022 yilga nisbatan 0,25 darajaga oshgan. Oʻlchovni tushunish uchun: ilgari bunday oʻsish taxminan yigirma yil davom etgan. El Ninʻo va La Ninʻo ob-havo sharoitlari tufayli yildan-yilga oʻzgarishlar sodir boʻlgan boʻlsa-da, bu safargisi, baribir, tarixdagi eng katta sakrashlardan biriga aylandi. Boshqa tomondan, harorat har doim shunday boʻladi, deyishga hali erta, - dedi professor.

Jonson dengizda tashishda dizelʻ yoqilgʻisidan foydalanish va vulqon otilishi kabi tabiiy hodisalarni, masalan, 2022 yil yanvarida Xunga Tonga Xunga Xapai vulqonining otilishini okean yuzasi haroratining koʻtarilishiga hissa qoʻshuvchi omillar sifatida keltirdi.

“Ushbu vulqon atmosferaga juda katta miqdorda suv bugʻlarini chiqardi. Albatta, bu kichik omil, lekin, baribir, potentsial taʻʻsir koʻrsatishi mumkin”, — dedi u.

Okeanlarda esayotgan shamollarning zaiflashishi natijasida okean yuzasidagi suvning chuqurlikka qorishib keta olmasligi ham er usti suvlari haroratining oshishiga sabab boʻlishi mumkin, deya taʻʻkidladi agentlik suhbatdoshi.

NOAA qariyb ikki kilometr chuqurlikdagi suv haroratini oʻlchash uchun 20 yildan beri ilgʻor texnologiyadan foydalanmoqda, dedi u.

“Bu maʻʻlumotlar bizga nafaqat okeanlar yuzasi, balki chuqur okeanlar ham isinayotganini koʻrsatadi. Hatto Antarktida atrofidagi ancha sovuq va okeanlardagi issiqlikni oʻziga singdirishi bilan maʻʻlum boʻlgan suvlar ham isib ketdi”, — deya qoʻshimcha qildi u.

Jonson okeanlar yuzasida haroratning oshishi ularning ekotizimida oʻzgarishlarga sabab boʻlayotganiga eʻʻtibor qaratdi.

“Er yuzasida suv haroratining koʻtarilishi tufayli okeandagi mavjudodlarning baʻʻzi turlari qutblar tomon yoʻnalgan boʻlsa, boshqalari esa chuqurlikka qarab harakatlanmoqda. Marjon riflari kabi joylashuvni oʻzgartira olmaydigan organizmlar uchun vaziyat boshqacha. Biz butun ekotizim uchun muhim boʻlgan marjon riflarining sezilarli darajada qorayishini koʻrmoqdamiz. Issiqlik, shuningdek, qizil suv toshqini kabi zararli suv oʻtlari miqdorini oshiradi, - dedi u.

Professorning soʻzlariga koʻra, isish tufayli dengiz qushlari va sutemizuvchilar turlari nobud boʻlmoqda. “Okean yuzasidagi yuqori haroratlar chuqurlikka aralasha olmasligi natijasida er yuzasida qatlam hosil boʻldi. Bu qatlam tufayli okean tubidagi plankton uchun zarur boʻlgan oziq moddalar yuqoriga koʻtarila olmaydi, sirtdagi kislorod esa chuqurlikka choʻkmaydi”, — dedi professor.

Uning soʻzlariga koʻra, okean tubidagi organizmlar uchun zarur boʻlgan kislorod miqdori ham kamaymoqda.

"Kislorodga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun bu hayvonlar er yuzasiga chiqishga harakat qilmoqda, ammo, afsuski, yuqoridagi suv ular uchun juda issiq", - dedi u.

Okeandagi bunday oʻzgarishlar minglab odamlar tirikchiligiga bogʻliq boʻlgan baliqchilik faoliyatiga salbiy taʻʻsir koʻrsatmoqda, dedi Jonson.

Bundan tashqari, tropik okeanlar yuzasidagi issiqlik kuchliroq boʻronlarning vujudga kelishi uchun zarur boʻlgan energiyani hosil qilib, intensiv va yanada vayronkor boʻronlarni paydo qilmoqda.

Mavzuga aloqador