24.12.2023 00:29

Ona Zamin uygʻondi – zolimlarga bas demoqqa!

Dunyoning toʻrt tomonida yonar togʻlarning bir vaqtda uygʻonishini tasodif desangiz, bu yozuvlarni oʻqib, vaqtingizni behuda oʻtkazmang...

Islandiya, Italiya, Indoneziya, Tanzaniya, Kosta-Rika, Meksika, Peru, Papua-Yangi Gvineya, Yaponiya, AQSh, Avstraliya, Filippin, Rossiya, Antarktika... Bu mamlakatlarning umumiy jihati shundaki, vulqonlar faolligi keskin kuchaygan... Koʻplab vulqonlar otilishi haqida ogohlantirishlar berilgan...

Dunyoning toʻrt bir yonida nima uchun bir vaqtda vurqonlar uygʻonib, erlar tinimsiz silkinmoqda?

Ha, har holda, ularni falastinliklarning ohu nolalari, faryodlari sabab boʻlayotgani yoʻq, Sudanda, Iroqda, Suriyada, Mʻyanmada, Afgʻonistonda nima uchun oʻlayotganini bilmasdan vafot etayotgan tinch aholi vakillari ham oʻz nolalari bilan togʻlarning tinchini buzayotgani yoʻq.

Axir ular tabiat hodisalari-ku! Togʻ boʻlsa, tosh boʻlsa, baqir-chaqirlarga tebranib qolarmidi?! Ojizlarning faryodlarini eshitadigan, ularga yordam qoʻlini choʻzib, himoya qiladigan qolmadi bu er yuzida! Baland minbarlarda turib “Biz ojizlarning yonida, zolimlarning qarshisidamiz”, deyayotganlar siyosiy manfaatlarini oʻylashmoqda, xolos. Aslida ularning oʻzlari ham qirgʻinbarotlarga bevosita yoki bilvosita qoʻl urmoqda, eng kamida zolimning qoʻlidan tutib, tiyib qoʻya olgani yoʻq. Vaholanki bunga jurʻʻati, imkoniyati etadiganlar bor edi.

Aksincha, tili qisiqligi uchun ham miq etishmayapti. Olgan qarzlari, zolimlarga qoʻsh-qoʻllab topshirgan boyliklari ularning ogʻziniyu qoʻl-oyogʻini bogʻlab tashlagan. Asrlar davomida feʻʻlu fitratini bilib, bunga guvoh boʻlib, necha bor zahrini totganiga qaramasdan, yana chayonu ilonlarga, sirtlonu shoqollarga sherik boʻlishdi. Vishillab, baʻʻzida arillash, tishlab, chaqib, urib-tepib oʻz yoʻrigʻiga solishdi-qoʻyishdi.

Ha, aytgancha, dunyo razolatga botsa ham, zolimlarning qoʻl-oyogʻi, otgan tayogʻi jahonning har burchiga otilayotgan boʻlsa ham, sonlari kam, qurollari haminqadar boʻlgan guruhlar (!) ular suyangan ustunlarni silkitib, bitta-bitta toʻka olar ekan. Aslida koʻhna ochun sonlari, kuchlari, qurollariga ishonib oʻzligini, kimligini unutgan, shafqat va marhamatni olislarga uloqtirgan minglab elu elatlarni koʻrmaganmidi? Qani ularning shon-shavkati, mol-davlatiyu kuch-qudrati?

Necha buyuk imperiyalar zulmning choʻqqisida turib birdaniga razolat va xorlik jarligiga qulamaganmidi? Matematik hisob-kitob qilsak, ularning boyliklari, askarlari, ittifoqchilari qutqarib qolishi kerak emasmidi?!

Vulqonlarga qaytaqolaylik. Gʻarbu Sharq, Shimolu Janubda bir vaqtda yonar togʻlarning harakatga kelishini, siz mayli, tasodifga yoʻyavering, ammo men bunga ishonmayman. Men hech shubhasiz ishonadigan haqiqatlardan biri shu – zulm hech qachon jazosiz qolmagan, u faqat zolimlarni emas, zoʻravonlikni jim kuzatganlarning ham boshiga yogʻiladi, kechikmasdan, yoppasiga!

Mavzuga aloqador