Nigeriyada oʻgʻirlab ketilgan 287 oʻquvchi ozod qilindi
Nigeriyaning Kaduna shtatida 7 mart kuni oʻgʻirlab ketilgan 287 nafar maktab oʻquvchisi ozod qilindi. Ularni qaysi jinoiy guruh oʻgʻirlab ketilgani maʻʻlum emas, biroq mahalliy aholi ularning tovon puli olish uchun qaroqchilik qiluvchi sobiq chorvadorlar ekanini aytmoqda.
Nigeriyaning
Kaduna shtati gubernatori Uba Sani 7 mart kuni Kuriga shahridagi maktablaridan
oʻgʻirlab ketilgan 287 nafar oʻquvchining ozod etilishi haqida maʻʻlumot berdi. Ulardan
kamida 100 nafari 12 yosh va undan kichikdir.
“Oʻgʻirlangan maktab oʻquvchilari sogʻ-salomat qoʻyib yuborildi”, - deb yozdi gubernator Uba
Sani X ijtimoiy tarmogʻidagi (sobiq Tvitter) rasmiy akkauntida.
U oʻz bayonotida Nigeriya prezidenti Bola Tinubuga, jumladan,
oʻgʻirlangan maktab oʻquvchilarining sogʻ-omon qoʻyib yuborilishini taʻʻminlagani uchun
minnatdorchilik bildirdi.
Kadunada bolalarning oʻgʻirlanishi uchun javobgarlikni hech qaysi
guruh oʻz zimmasiga olgani
yoʻq. Biroq mahalliy
aholi tovon puli olish uchun qaroqchilik qiluvchi guruhlarni ayblamoqda. Ularning
koʻpchiligi oʻtroq jamoalar bilan ziddiyatda boʻlgan sobiq chorvadorlardir.
Qaroqchilar
bilan muzokaralar olib borgan Usmon Danfodiyo universitetining
tadqiqotchi professori Murtala Ahmad Rufai hamda Shayx Ahmad Gumiyning aytishicha, jinoyatchilar mintaqadagi keng oʻrmonlarda
yashirinishgan.
Nigeriyada ommaviy odam oʻgʻirlash holatlari tez-tez uchrab turadi. Qaroqchilar
oʻgʻirlab ketilganlarning oilalari toʻlov toʻlaganidan keyin yoki hukumat va
xavfsizlik idoralari rasmiylari bilan muzokaralardan soʻng asirlarni qoʻyib
yuborishadi.
Shanba
kuni mamlakatning Shimoliy Sokoto shtatida ham kamida 17 nafar maktab oʻquvchisi ikki
hafta oʻtib qutqarilgani haqida xabar qilingan edi. Bayonotda aytilishicha,
qutqaruv operatsiyasi, xuddi Kadunadagi oʻquvchilar kabi, Nigeriya milliy xavfsizlik
maslahatchisi idorasi tomonidan muvofiqlashtirilgan.
2014
yildan buyon Nigeriya maktablaridan kamida 1400 nafar oʻquvchi oʻgʻirlab ketilgan.
Soʻnggi yillarda oʻgʻirlashlar mamlakatning shimoli-gʻarbiy va markaziy mintaqalarida
koʻproq kuzatilmoqda. Ushbu hududlarda oʻnlab qurolli guruhlar toʻlov uchun qishloq
aholisi va sayohatchilarga tez-tez hujum qilishadi.