05.12.2023 21:24

Nigeriyada harbiy xato tufayli oʻnlab ayollar va bolalar olamdan oʻtdi

Nigeriya shimoli-gʻarbidagi Kaduna shtatida mamlakat qurolli kuchlariga tegishli uchuvchisiz uchish apparati (dron) zarbasi natijasida kamida 30 fuqaro halok boʻldi, deya xabar bermoqda AFP agentligi. 
Xabarlarga koʻra, jangovar dron Mavlid - Muhammad paygʻambar sallollohu alayhi va sallam tavallud kunini nishonlayotgan bir guruh qishloq aholisiga hujum qilgan. 
Kaduna shtati gubernatori Uba Sanining agentlikka maʻʻlum qilishicha, harbiylarning "qasddan qilinmagan zarbasi" tufayli oʻnlab odamlar halok boʻlgan yoki yaralangan. 
Qurbonlarning aksariyati ayollar va bolalardir. Nashrning qayd etishicha, hujum noqonuniy qurolli guruhlarga qarshi oddiy reyd doirasida amalga oshirilgan.
Lagosda joylashgan SBM Intelligence kompaniyasi maʻʻlumotlariga koʻra, 2017 yildan beri mamlakat shimolida qurollangan guruhlarga qarshi olib borilayotgan kurashda xatoliklar tufayli 400 ga yaqin tinch aholi havo hujumlaridan halok boʻldi.

Mavzuga aloqador