16 sentyabrʻ kuni Germaniya Evropa Ittifoqidagi qoʻshnilarini ranjitgan holda chegaralari boʻylab vaqtinchalik nazoratni kuchaytirdi. Ichki ishlar vaziri Nensi Fezerning aytishicha, bu harakat nafaqat noqonuniy migratsiyani cheklashga, balki “islomiy terrorizm va tahdidlar” ni toʻxtatishga qaratilgan.

Bu xabar Germaniyaning Solingen shahrida yuz bergan pichoqbozlikdan soʻng paydo boʻldi. Boshpana olish maqomidan mahrum etilgan va deportatsiya qilinishi kerak boʻlgan suriyalik qochqin ushbu hujumni sodir etishda ayblangan.

Baʻʻzilar bunday shafqatsiz chora sotsial-demokratlar, yashillar va liberallardan tashkil topgan liberal-soʻl koalitsiyaning tashabbusi ekanidan ajablanishi mumkin. Haqiqat shundaki, Germaniyaning barcha siyosiy doiralarida oʻngga siljish va islomofobiya tobora kuchayib bormoqda.

Tahlilchilar oʻngga siljish drayveri sifatida “Germaniya uchun oʻta oʻng muqobil” (Alternative für Deutschland – AFD) partiyasining yuksalishini taʻʻkidladilar. Darhaqiqat, partiya milliy va davlat miqyosida sezilarli yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda. Oy boshida sharqiy Turingiya shtatidagi saylovlarda 32,8 foiz ovoz bilan gʻalaba qozongan. Sharqiy Saksoniya shtatida u 30,6 foiz ovoz bilan ikkinchi oʻrinni egalladi, yaʻʻni AFD Xristian-demokratlardan atigi 1,3 foiz punktga ortda qoldi.

Ammo AFD’ning saylovlardagi gʻalabasi faqat islomofobiyaga bogʻliq emas. Nemis siyosatida musulmonlarni yomonotliq qilish va ayblash jarayoni ortishi ham ularning foydasiga ishladi.

Hukmron koalitsiya aʻʻzolari Germaniyada “islomizm”ni bir necha bor qoraladi. Bundestagdagi “Yashillar” partiyasi etakchisi Katarina Droge oʻz bayonotida “Islom zahri nafaqat chet elda, balki Germaniyada ham odamlar ongini zabt etayotganini” daʻʻvo qilishgacha borib etdi. Keyinchalik u “Islom” oʻrniga “Islomizm” demoqchi boʻlganini qoʻshimcha qildi.

“Islom tahdidi” haqidagi ogohlantiruvchi soʻzlar nafaqat nemis siyosatchilarining asosiy mavzusiga aylangan, balki Germaniya institutlarining rasmiy hujjatlari va siyosiy bayonotlaridan ham oʻrin olgan. Masalan, asosiy ichki razvedka agentligi boʻlgan Konstitutsiyani himoya qilish federal idorasining veb-saytida shunday bandlar mavjud:

“Islomchilar oʻz dinlariga murojaat qilish orqali Germaniya Federativ Respublikasining erkin demokratik tuzumini yoʻq qilishni istaydi”.

Ushbu federal idoraning Bavariya boʻlimi yanada olgʻa siljib, oʻz veb-saytida “yuridik islomiylik” tushunchasini kiritdi va uni “mavjud huquqiy tizim doirasida siyosiy vositalar orqali ekstremistik maqsadlarini amalga oshirish”, deb taʻʻrifladi. Ularning iddao qilishicha, “legalist islomchilar lobbichilik orqali siyosat va jamiyatga taʻʻsir oʻtkazishga harakat qilishadi hamda oʻzlarini ochiq, bagʻrikeng va tashqi dunyo bilan muloqotga ochiq koʻrsatishadi”.

Mohiyatan ushbu tushuncha orqali siyosiy yoki ijtimoiy jihatdan uyushgan va oʻz faoliyatini qonun doirasida olib borayotgan har qanday musulmon guruhini jinoiy javobgarlikka tortish mumkin. U musulmonlar tomonidan bagʻrikenglik yoki ochiqlikning har qanday ifodasini shubhali deb belgilaydi, chunki bu “huquqiy islomiy daʻʻvo” boʻlishi mumkin.

Ushbu tushunchalardan asos sifatida foydalangan holda, shtat va federal darajadagi turli institutlar faqat musulmonlarga oid “radikallashuvdan xalos qilish” dasturini yaratishdi.

Shunday dasturlardan biri sifatida Bavariya profilaktika va radikallashuvga qarshi kurashish tarmogʻi yaqinda goʻyoki musulmon erkaklar tomonidan muslimalarning ekspluatatsiya qilinayotgani haqidagi irqchilik belgilari aks etgan “Salafiy radikalizmi” nomli video ishlab chiqardi.

Video shu oyning boshida Bavariya shtati hukumati tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda eʻʻlon qilingan boʻlib, hozirda konservativ Xristian sotsial ittifoqi (XSI) tomonidan nazorat qilinadi.

Nashr qilish toʻgʻrisidagi qaror Germaniya rasmiylari musulmonlarni jamiyat uchun xavf deb bilishini ochiq namoyon etdi.

Noroziliklardan soʻng lavha olib tashlandi va Ichki ishlar vazirligi OAVga bayonot berib, “gʻalayon va tushunmovchiliklar” uchun uzr soʻradi va videoda faqat “salafiylar” haqida gap borganini, umumiy musulmonlar qoralanmaganini qoʻshimcha qildi. Shuningdek, videodagi baʻʻzi sahnalari “qayta koʻrib chiqilishi”ga vaʻʻda berdi.

Bavariya hukumatining ushbu qarori baʻʻzi sharhlovchilar tomonidan videoning mohiyati natsistlarning antisemitik tashviqotiga juda oʻxshashligini aytganidan soʻng chiqarildi. Xususan, soqolli, xunuk qiyofali erkakning ayolni yutib yuborishi, fashistlarning etnik nemislarni yutib yuborayotgan yahudiy erkak haqidagi tasavvurlariga juda yaqin.

Isroil-nemis faylasufi Moshe Zukerman yozganidek, islomofobiya – bu taʻʻriflab boʻlmaydigan antisemitizmning proektsiyasidir.

Germaniyaning eski antisemitizmida aks etgan his-tuygʻularni endi davlatning filo-semitizmni rasmiy ravishda qabul qilishi tufayli omma oldida ifoda etish mumkin emas. Shuning uchun ular oʻz gʻazablarini islomofobiya orqali bildirishmoqda. Yahudiyga qarshi qilib boʻlmaydigan ishlarni endilikda ular musulmonga qarshi amalga oshirishlari mumkin.

Bu erda tarix paralleli yashiringan: oʻta oʻng kuchlar koʻtariladi, natijada irqchilik isteriyasi nemis davlati va jamiyatiga tarqaladi. Tarix toʻliq takrorlanmasligi, ommaviy qirgʻin ommaviy surgun bilan almashtirilishi mumkin. Chunki mamlakatda oʻta oʻng “remigratsiya” tushunchasi tez tarqalmoqda.

Turli toifaga mansub, lekin islomofobiya harakati boʻyicha birlashayotgan nemis siyosatchilari, deyarli bir asr oldin xuddi shunga oʻxshash ishni amalga oshirgan ajdodlari qismatini unutmasliklari kerak. Nafrat hech qachon muvaffaqiyat strategiyasi boʻla olmaydi.

Farid Hafez, Jorjtaun universitetining “The Bridge” tashabbusi boʻyicha etakchi tadqiqotchisi

Mavzuga aloqador