26.07.2024 13:08

Germaniya hukumati Gamburgdagi islom markazi faoliyatini taqiqladi

 

Germaniya hukumati 24 iyulʻ kuni Gamburg islom markazi (IZH) faoliyatini rasman taqiqladi. Germaniya ichki razvedkasi markazning Eron taʻʻsiri ostida ekani haqida xabar berdi. Taqiq doirasida Germaniyada jami toʻrtta shia masjidi yopildi, deya xabar qildi TRT.

Taqiqqa amal qilinishini taʻʻminlash uchun nemis politsiyasi IZH, shuningdek, Gamburgdagi Moviy masjid sifatida ham tanilgan Imom Ali masjidida tekshiruvlar oʻtkazdi. IZH  tomonidan boshqariladigan mazkur shialar masjidi Gamburgdagi Alster koʻli qirgʻogʻidagi nufuzli hududda joylashgan.

Taxminan bir vaqtning oʻzida bir necha politsiyachi Berlinning Tempelxof tumanidagi shia tashkiloti binosida ham reyd uyushtirdi.

Germaniya ichki razvedka xizmati IZH ni ekstremistik tashkilot sifatida tasniflagan. Ichki ishlar vaziri Nensi Feserning aytishicha, IZH "Germaniyada islomiy ekstremistik totalitar mafkurani targʻib qiladi".

“Ushbu islomiy mafkura inson qadr-qimmati, ayollar huquqlari, mustaqil sud tizimi va demokratik hukumatimizga ziddir”, dedi vazir.

Uning taʻʻkidlashicha, IZH “Eron oliy rahbarining vakili” sifatida faoliyat yuritadi va bu mafkurani “tajovuzkor va jangari” tarzda tarqatmoqda.

"Bu erda aniq farq qilish men uchun juda muhim: biz dinga qarshi ish qilmayapmiz", deb aniqlik kiritgan Feser taqiq shialarning tinch amaliyotiga taʻʻsir qilmasligiga ishontirdi.

Germaniyada 150 dan 200 gacha shia jamoalari mavjud.

Eronning “Irna” davlat axborot agentligi 25 iyulʻ kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi Germaniyadagi shia masjidlariga reydlar uyushtirilgani va islomiy markaz yopilgani haqidagi xabarlar ortidan Germaniyaning Tehrondagi elchisini chaqirgan. Eron hukumati Germaniya hukumatining siyosatini "qabul qilib boʻlmaydigan" deb atadi.

Nemis razvedkasi 1990-yillardan beri IZH ni kuzatib keladi va deyarli barcha vaqt davomida nemis deputatlaridan markazni yopish toʻgʻrisida faol chaqiriqlar boʻlgan. Germaniya parlamenti bir necha bor hukumatni IZH  ni butunlay yopish mumkinmi yoki yoʻqligini baholashga chaqirdi. Hozirda markaz yopilgan, uning faoliyati ekstremistik deb eʻʻlon qilingan va Germaniyada taqiqlangan. Markazning oʻzi vaziyatga izoh bermadi; uning veb-sayti mavjud emas.

Mavzuga aloqador