06.08.2024 16:41
530
Musulmon davlatlari Britaniyadagi fuqarolarini ehtiyotkorlikka chaqirdi
Nigeriya, Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya va Indoneziya Britaniyadagi fuqarolarini mamlakat miqyosida sodir boʻlayotgan tartibsizliklar hamda "musulmonlar yoki rangli odamlar"ga qarshi hujumlar fonida odamlar gavjum joylarga borish va sayohat qilishdan ogohlantirib, ehtiyot choralarini koʻrishni tavsiya qilmoqda.
"Siyosiy yurishlar va namoyishlar, mitinglar yoki marshlardan qoching, gavjum joylar va odamlarning katta guruhlaridan saqlaning, doimo hushyor va ehtiyot boʻling", deya maʻʻlum qildi Nigeriya Tashqi ishlar vazirligi dushanba kuni. BAA va Malayziya Tashqi ishlar vazirliklari ham fuqarolarga “zaruriy ehtiyot choralarini koʻrish”, “siyosiy yurishlar va norozilik namoyishlaridan saqlanishni” tavsiya qildi.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan dushanba kuni Sautportda pichoqli hujumda uch qiz oʻldirilganidan soʻng hafta davomida Britaniya shahar va shaharchalarida zoʻravonlik va musulmonlarga qarshi pogromlar avj oldi. Fojiadan soʻng darhol oʻta oʻng ommaviy axborot vositalarida hujumchi goʻyoki islom diniga eʻʻtiqod qilishi va mamlakatda noqonuniy yashagani haqida yolgʻon xabarlar tarqaldi. Bir qator oʻta oʻng nashrlar hatto 17 yoshli gumonlanuvchi uchun "Ali Al-Shakati" islomiy nomini ham oʻylab topishdi.
Avvalroq Britaniya hukumati tartibsizliklarning asosiy tashkilotchisi hisoblangan "Ingliz oʻzini oʻzi qayta tiklash ligasi"ning olti nafar aʻʻzosi qoʻlga olingani haqida xabar qilingandi.