27.09.2024 09:30
Isroilning Livanga hujumi: 748 kishi halok boʻldi
Isroil armiyasi oxirgi 24 soat ichida Livanning turli hududlariga havo hujumlarini uyushtirishda davom etmoqda, natijada 94 kishi halok boʻldi, 168 kishi tan jarohati oldi. Livan SSV hujumlar natijasida jami 748 kishi halok boʻlganini maʻʻlum qildi.
Isroil armiyasi oxirgi 24 soat ichida Livanning turli hududlariga havo hujumlarini uyushtirishda davom etmoqda, natijada 94 kishi halok boʻldi, 168 kishi tan jarohati oldi.
Livan Sogʻliqni saqlash vazirligining maʻʻlum qilishicha, janubdagi Nabatiya viloyatida sodir etilgan hujumlarda 26 kishi halok boʻlgan, yana 42 kishi yaralangan. Janubiy Livan provintsiyasida esa 14 kishi halok boʻldi va 38 kishi yaralandi.
Bundan tashqari, sharqiy Bekaa viloyatida ham hujumlar natijasida 23 kishi halok boʻlgan, 30 kishi jarohatlangan. Shuningdek, Baalbek al-Hirmil hududidagi zarbalar natijasida 25 kishi halok boʻlgan va 14 kishi yaralangan.
Isroil armiyasi Jabal Livan hududiga ham hujum qildi, 4 kishi halok boʻldi, 29 kishi yaralandi. Bundan tashqari, poytaxt Bayrutning Dahieh mahallasida uyushtirilgan hujum oqibatida 2 kishi halok boʻldi, 15 kishi yaralandi.
Maʻʻlumot uchun, Isroil armiyasi 23 sentyabrdan buyon Livanga havo hujumlarini kuchaytirib, janubiy shaharlar va Bekaa va Baalbek hududlariga yuzlab zarbalar bermoqda.
Livan hukumati maʻʻlumotlariga koʻra, Isroilning mamlakat hududlarini bombardimon qilish natijasida jami 748 kishi halok boʻlgan, 150 mingga yaqin kishi oʻz uylarini tark etishga majbur boʻlgan.
“Hizbulloh” harakati esa, oʻz navbatida, Isroil armiyasining intensiv havo hujumlariga raketa hujumlari bilan javob qaytarmoqda. Isroil tomonida odatda harbiy bazalar nishonga olinadi, biroq katta zarar haqida xabar berilgani yoʻq.
Ayni paytda Livanning janubiy viloyatlaridan poytaxt Bayrut va mamlakat shimoliga migratsiya davom etmoqda, shuningdek, Suriya tomon qochqinlar harakati ham kuzatilmoqda.