Isroil-Hizbulloh ziddiyati urushgacha boradimi?
Isroil-Hizbulloh ziddiyati urushgacha boradimi?
Isroil-HAMAS mojarosi tufayli bugun falastinliklarning
shafqatsizlarcha qirilayotgani, yosh goʻdaklar, keksalar va ayollarning genotsidga
uchrayotgani Yaqin Sharqdagi vaziyatni keskinlashtirib yubordi. Hatto ziddiyatga
Livanning katta nufuzga ega boʻlgan “Hizbulloh” harakatining aralashib qolish
ehtimolini yuzaga keltirdi. Toʻgʻri, hozircha Isroil va “Hizbulloh” oʻzaro jangi chegaradosh hududlarni
oʻqqa tutish bilan chegaralangan. Ammo ziddiyat 2006 yil iyulidagi 34 kunlik,
Isroilning magʻlubiyatiga olib kelgan urush kabi keng qamrovli harbiy harakatlarga
olib kelmasligiga hech kim kafolat bermaydi.
Afsuski, bir asrdan oshdi, Yaqin Sharqda tinchlik yoʻq. Hammasiga
birinchi Jahon urushida Usmoniylar magʻlub boʻlishi va 1923 yilda imperiya sifatida
parchalanib ketishi sabab boʻldi. Natijada Britaniya ilgari ularga tegishli boʻlgan
Yaqin Sharqning shu qismini, yaʻʻni Falastinni oʻz nazoratiga oldi. Hududda yahudiy
ozchilik, arab koʻpchilik va yana bir qancha mayda etnik guruhlar istiqomat qilar
edi. Xalqaro hamjamiyat Buyuk Britaniyaga Falastinda yahudiy xalqi uchun "milliy
uy" berish vazifasini yuklagandan soʻng arab va yahudiylar oʻrtasida ziddiyat
oʻsa boshladi. Bu Britaniya tashqi ishlar vaziri, asli yahudiy Artur Balfurning
Britaniya yahudiy jamoasiga bergan vaʻʻdasi - 1917 yili eʻʻlon qilingan Balfur
deklaratsiyasi bilan bogʻliq edi. Bu deklaratsiya Britaniya mandatida nazarda
tutilgan va 1922 yili yangi tashkil topgan Millatlar Ligasi tomonidan
maʻʻqullangan. Yahudiylar uchun Falastin ularning ajdodlari makoni, ammo arablar
bu erlarni oʻziniki deb hisobladi va rejaga qarshi chiqdi. XIX asrda sionistlarning
maxfiy anjumanidan keyin, 1920 va 1940 yillar oraligʻida bu erga koʻchib keluvchi
yahudiylar soni ortdi, ayniqsa, Ikkinchi Jahon urushida natsistlar xolokostidan keyin. 1947
yili BMT Falastin hududini ikkiga boʻlib, arablar va yahudiylar uchun ikki davlat
tashkil qilishga ovoz berdi. Quddus xalqaro shahar boʻlib qolishi kerak edi. Ammo
Isroilning hududlarini kengaytirish urinishlari tufayli hamon Falastin davlati
tuzilmadi. Aksiga olib Falastin qolib Isroil Suriya, Misr, Livan hisobiga oʻz
hududlarini kengaytirib oldi. Suriyadan
Joʻlon tepaliklari, Misrdan Sinay yarim oroli, Livandan janubiy hududlari tortib
olindi. Ayni Isroilning okkupatsiya siyosati oʻlaroq Livanda «Hizbulloh» qarshilik
harakati dunyoga keldi.
Harbiy jihodni va Isroilni Eron kabi yashashga haqqi yoʻqligini
asosiy maqsadi deb bilgan Hizbulloh tashkiloti tashkil topgan 1980 (ayrim manbalarda 1982, baʻʻzilarida1985) yillardan beri TsAXAL qoʻshinlariga va
ularning Livandagi obʻʻektlariga hujum qilib keladi. Tashkilot Livanni ozod qilish
ishiga hissa qoʻshishdan tashqari, AQSh va Isroilga nisbatan qoʻporuvchilik
harakatlarini sodir etish bilan ham
tanilgan. Bayrutda koʻplab AQSh harbiy dengizchilari oʻlimiga olib kelgan hudkush hujumchi boshqargan yuk
avtomobili ishtirokidagi, Argentinada 1992 yili Isroil elchixonasidagi, 1994 yili
yahudiylar jamoati markazidagi portlashlar shular jumlasidan. Uning dunyoga
kelishiga ham aslida Isroil
sababchi. Hizbulloh 1982-1983 yillarda Isroilning Janubiy Livanga bostirib
kirishi natijasida ozodlik harakati sifatida Eron yordamida oyoqqa turdi. 1992
yilda esa birinchi marta Livan saylovlarida ishtirok etib, soʻnggi 30 yildan beri
mamlakatdagi eng yirik siyosiy kuchlardan biri boʻlib qolmoqda. Hizbulloh
Livanning aksariyat shialar yashaydigan hududlari – janubiy Bayrut, Livan janubi va
Bekaa vodiysining sharqiy qismini nazorat qiladi. “Hizbulloh” Suriyaning Bashar
Asad rejimi bilan ham, Eron bilan mustahkam munosabatda. Suriyadagi fuqarolar
urushi chogʻida Bashar Asadning ittifoqchisi sifatida maydonga chiqdi va 10 mingga
yaqin jangchilarini uning ixtiyoriga berdi. Aynan “Hizbulloh” hujumlari tufayli TsAXAL
1985 yilda janubiy Livanning egallab olingan hududlarining yarmidan chiqib
ketishga majbur boʻldi. AQSh va Frantsiya ham tinimsiz portlatish hujumlari tufayli
Livandan oʻz tinchlikparvar kuchlarini olib chiqdi. 2000 yilning 24 mayida esa
Isroil oʻz kuchlarini Livan janubidan toʻliq olib chiqdi, bu bilan Isroilning uzoq
yillik harbiy ishtirokiga chek qoʻyildi. Keyinchalik tashkilot Isroil hamon
Livanning Shebaa fermasi deb nomlangan kichik hududini egallab turganini eʻʻlon
qildi. BMT qaroriga koʻra, hudud Livanning emas, balki Suriyaning Isroil ishgʻol
qilgan Joʻlon tepaliklarining bir qismidir. Bunga qarshi boʻlgan «Hizbulloh» Suriya
maʻʻqullovi bilan Shebaadagi postlarga hujum qilib keladi. Ammo asosiy maqsadi
Isroil davlatini yoʻq qilish deb biladi. Partiya rahbari Hasan Nasurulloh taʻʻbiri bilan
aytganda, qurollantirayotgan, moliyalashtirayotgan va ruhlantirayotgan Eronga
saqodatli. Tehron ushbu siyosiy va harbiy tashkilotga qurol-yarogʻni samolyot orqali
Damashqqa etkazadi va u orqali Livanga yuboriladi. Eron va Hizbulloh Yaman,
Afrika, Iroq va boshqa urush ketayotgan davlatlarga, oʻlkalarga qurol-yarogʻ etkazib
berish bilan ham shugʻullanadi. Moliyaviy mustaqillikka erish maqsadida uning
narkotiklar, olmos va odam kontrabandasi, pul yuvish kabi jinoyatlarga qoʻl urgani
ham aniqlangan. Birgina 2022 yilda narkotiklar savdosidan 1 milliard dollar
daromad topgan, bu Eron har yili etkazib beradigan moliyaviy subsidiyaga
teng.
Yaqinda harakat etakchisi Hasan Nasrulloh koʻpchilik uzoq kutgan
chiqishida Livanda oʻldirilgan har bir tinch aholi vakili uchun chegaraning Isroil
tomonida ham kimningdir oʻldirilishi koʻrinishida javob berilishini aytgandi. Ammo
«Hizbulloh» lideri koʻpchilik kutganiga zid oʻlaroq Isroilga urush ochilishi haqida
eʻʻlon qilmadi. Shayx harakatni Eron moliyalashtirishi va qoʻllashini tan olgan, lekin
uning aytishicha, Tehron «Hizbulloh»ni boshqarmaydi, urushga kirish-kirmaslik boʻyicha
buyruq ham bermaydi. Bir narsani unutmaslik kerakki, agar «Hizbulloh» urushga
kiradigan boʻlsa, Isroil hozir koʻrayotganidan jiddiyroq qarshilikka uchrashi aniq.
Chunki Gʻazoda uch oydan beri bir joyda depsinib turgan Isroil mudofaa kuchlari
mamlakat shimolidagi chegarada kuchli “Hizbulloh” armiyasiga bas kelolmaydi. Boz
ustiga, harbiy ekspertlarga koʻra, «Hizbuloh»da 150 mingta raketa va ayni paytda
100 mingdan ziyod askar boʻlishi mumkin va HAMAS bu borada ittifoqchisiga yaqinlasha
olmaydi.
2006 yilda harakat Isroil bilan chegara punktiga hujum qilib,
ikki nafar isroillik askarni asir olishi urush keltirib chiqargandi. Oʻshanda harbiy
harakatlar bir oydan ortiq vaqt davom etgan, Livan tomonidan 1000 dan ortiq
kishi halok boʻlgan va ularning koʻpchiligi tinch aholi vakillari edi. Isroilda esa
121 harbiy va 44 nafar tinch aholi vakili qurbon boʻlgan. Bir zarbada Livandagi
jangarilarni mahv etishni maqsad qilgan Isroil rahbariyatining istagi osonlik
bilan amalga oshmadi. Livandagi urush 2006 yilning 14 avgustiga qadar davom etdi.
Isroil armiyasi "Hizbulloh" bilan kurashda talafot koʻrgani ham
etmagandek, ular bilan sulhga kelishishga majbur boʻldi. Oʻt ochishni toʻxtatish
toʻgʻrisidagi sulh bitimi esa Isroil jamoatchiligi tomonidan magʻlubiyat oʻlaroq
qabul qilindi. Chunki butun dunyoga vahimali ovoza va haybatli chaqiriqlar bilan
boshlangan harbiy amaliyotlar davomida vaʻʻdalar bajarilmadi: garovga olingan
askarlar ozod qilinmadi, «Hizbulloh» tor-mor etilmadi. Aksincha, Livan iqtisodi
milliardlab dollar zarar koʻrganiyu, yuzlab begunoh odamlarning qurbon boʻlgani
qoldi. Mamlakat hukumati Livan urushi masalasidan aholini har qancha chalgʻitishga
urinmasin, bu mavzu yahudiy jamiyatining eng ogʻriqli nuqtasi boʻlib qoldi.
Jamoatchilik noroziligi oshib ketganidan keyin hukumat Livan urushi boʻyicha maxsus
tekshiruv komissiyasi tuzishga majbur boʻldi.
Boshqa tomondan, oʻshandan buyon Livan chuqur inqirozdan chiqib
keta olmayapti: iqtisodiyot kollapsga uchradi, siyosiy tizim quladi. Bularning
hammasiga 2020 yil Bayrutdagi portda sodir boʻlgan dahshatli portlash qoʻshildi.
Bunday holatda Livan hukumati harakatni bosiq boʻlishga chaqiryapti. Koʻpchilik
livanliklar «Hizbulloh» Isroilga zarba berishidan hayiqmoqda, chunki oqibatda
Livan ham urush domiga tortilishi mumkin. «Har bir livanlik urushdan qoʻrqish
huquqiga ega, bu normal holat, hech kim urushni yaxshi koʻrmaydi. Ana u Isroildagi
tuzilmaga ayting, agressiyani bas qilsin. Shunda harbiy harakatlar maydoni
kengaymaydi», dedi harakat rahbarining oʻrinbosari shayx Qosim. Ekspertlar
fikricha, harakat urushga qoʻshiladigan boʻlsa, yoʻqotishlar juda katta boʻladi.
Eʻʻtibor bering, engilmas deb koʻrilgan AQSh va uning ittifoqchilari Qizil dengizda
husiylarni, Isroil
Gʻazoda HAMASni enga olmayapti. Demak, Isroil-Livan chegarasida katta urush chiqsa, hozir
Gʻazoda boʻlayotgan voqealar “hamir uchidan patir” boʻlib qoladi. Barcha isroilliklar
bombapanalarda oʻtirishiga toʻgʻri keladi. Aviareyslar, dengiz qatnovlari bekor
qilinadi. «Hizbulloh» ancha kuchli qudratga ega raketalari bilan Isroildagi
harbiy nishonlarni oʻqqa tutishi mumkin. Bunga javoban esa Isroil butun Livanni er
bilan bitta qilishga intiladi.
Hozircha azaliy dushmanlar Isroil, Eron va «Hizbulloh» keskin
harakatlardan tiyilib turibdi. Ammo bu urush kattalashmasligi aniq degani emas.
Balki hech kim atayin mojaroni kattalashtirmas, lekin bu kimningdir xatosi sabab
sodir boʻlishi ehtimoldan xoli emas.
Barcha
aktyorlarning
mintaqada oʻz manfaatlari bor. AQSh Yaqin Sharq va Fors koʻrfazidagi neftʻ va savdo
yoʻllarini nazoratida saqlab qolmoqchi. Eronning mintaqada oʻz asosiy maqsadi
mavjud. Birinchidan, u Suriya va Livandagi pozitsiyalarini saqlab qolishni, bu yoʻlda
mintaqadagi oʻzining ittifoqchilariga etkazib berilayotgan raketalar taʻʻminoti
yoʻlining ochiq boʻlishini istaydi. Ikkinchidan, u Hizbulloh va HAMAS qoʻlida mavjud
raketalar salohiyatini yanada kuchaytirish niyatida. Bu bilan Isroilning Eronga ehtimoliy
harbiy zarbalar berish salohiyatini yoʻqqa chiqarmoqchi. Uchinchidan, Eron Suriyadagi
Assad rejimini qoʻllash orqali erishgan taʻʻsir doirasi yordamida Isroilga qarshi
yangi front ochib, oʻzini harbiy oʻyinchi oʻlaroq namoyon etishni xohlaydi. Ammo
Isroilga ochiq hujum qilolmaydi. Bunday holda AQSh, Britaniya va NATO davlatlari
Eronga hujum boshlaydi. Natijada Eron parchalanishi ehtimoli yuzaga keladi. Eronda
30 millionli ozarbayjonlar tarixiy vatanlariga qaytishni istab qolishi, kurdlar ham, balujlar ham
mustaqillik uchun kurash boshlashi mumkin. Buni Tehron xohlamaydi. Isroilni er yuzasidan supurib tashlashni
Konstitutsiyada muhrlagan Eron Islom Respublikasining yadroviy inshootlar qurish
istagini shu bois Isroil yadroviy qurolga ega boʻlishga urinish sifatida koʻradi. Isroil ham jim turayotgani yoʻq. U eronliklarning
mintaqa boʻylab faoliyatiga tish-tirnogʻi bilan qarshilik qilib kelmoqda. Isroilning
harbiy razvedkasi esa Eron harbiylari paydo boʻlgan Suriya va Livandagi yuqori
martabali harbiylariga jiddiy zarbalar beryapti.
Eronga aloqador konvoylar, qurol omborlari, dron bazalari va sanoat
hududlari muntazam oʻqqa tutilmoqda. Ammo bular taktik muvaffaqiyatlar, xolos.
Strategiya nuqtai nazari bilan qaraganda, Isroil Eronning harakatlarini biroz
sekinlashtirayotgan boʻlishi mumkin, lekin Tehron oʻz oldiga qoʻygan maqsadidan voz
kechgani alomatlari hali koʻzga tashlanmayotir. Tashqi oʻyinchilar ham Eronning oʻz
yoʻnalishidan chetga ogʻdira olmayapti. AQSh Yaqin Sharqdagi ochiq oʻyinlarga aralashishga
roʻyxushlik bermayotgani allaqachon maʻʻlum boʻlgan. Suriyaliklarni Eron va uning
ittifoqchilari taʻʻsiriga tushib qolmaslikka koʻndirish yoʻlida Moskva bergan
vaʻʻdalar esa haqiqatdan yiroq boʻlib chiqdi. Isroilning Rossiya va AQSh bilan
yashirin maslahatlashuvlaridan keyin Suriyada Isroil havo hujumlarining kuchayib
ketgani buning isbotidir. Yirik urush tahdidi esa yaqinlashgandan yaqinlashmoqda. Bu
xuddi kinolardagi mashhur bir holatga oʻxshaydi: qahramon mashinaga qoʻyib ketilgan
bombani soʻnggi lahzalarda zararsizlantirishga erishadi. Oʻxshash tarzda, Isroil va
Hizbulloh oʻrtasida oʻrnatilgan bombaning soat millari tinmay chiqillamoqda. Lekin
u eng soʻnggi onlarda zararsizlantiriladimi yoki yoʻq - buni vaqt koʻrsatadi. Biroq
AQSh strategik bombardimonchilari Isroil hududlariga tobora koʻproq joʻnatilmoqda.
Harbiy dengiz kuchlari Fors koʻrfazi va Qizil dengizda izgʻib yuribdi. AQSh kongressmenlari esa toʻgʻridan‑toʻgʻri Eronning
oʻziga zarbalar berishni talab etmoqda. Suriya-Iordaniya chegarasidagi AQSh
harbiylariga berilgan raketa zarbasidan keyin Isroil va AQSh aviatsiyasining
Hizbulloh va hatto Eronga harbiy havo zarbalari berish tahdidi oshib boryapti.
Nazarimizda, Pentagon
Eronning yuqori martabali harbiylarini oʻldirishi yoki muhim harbiy obʻʻektlariga
zarba berishi mumkin. Ammo ochiq urush eʻʻlon qilishga botinolmaydi. Bu AQSh iqtisodiyotiga ham, jahon
iqtisodiyotiga ham zarba beradigan inqirozni keltirib chiqaradi. Neftʻ narxi keskin
koʻtariladi. AQSh va Isroil HAMASni yoʻq qilolmagani ortidan jamoatchilik
eʻʻtiborini chalgʻitish maqsadida Eron va uning proksisi Hizbulloh mavqelariga
zarba berish ehtimoli yuqori.
Abduvali Soyibnazarov, siyosiy sharhlovchi