27.01.2025 15:18
343
Isroil ozod qilgan falastinliklar tantana bilan kutib olindi
Isroil HAMAS bilan tuzilgan sulh doirasida 114 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi. Ular Ramalloh shahriga uchta avtobusda etib keldi va aholi ularni baland hayqiriqlar hamda quvonchli tantanalar bilan kutib oldi.
Isroil qamoqxona xizmatining maʻʻlum qilishicha, umumiy hisobda 200 nafar falastinlik ozod etilgan. Ulardan 114 nafari Gʻarbiy Sohilga, 70 nafari Misrga, 16 nafari esa Gʻazo sektoriga yoʻnaltirilgan.
Ozod qilinganlar orasida 16 yoshli yoshlardan tortib, 69 yoshli Muhammad at-Tous kabi 39 yil qamoqda boʻlganlar ham bor. Mahbuslarning aksariyati umrbod qamoq jazosini oʻtayotgan boʻlgan.
Oʻz navbatida HAMAS garovda saqlangan isroillik toʻrt nafar ayolni Qizil Xoch jamiyati orqali Isroilga topshirgan. Ozod etilganlar orasida Naami Levi, Karina Ariev, Daniel Gilboa (20 yosh) va Liri Albag (19 yosh) bor. Ularning barchasi harbiy xizmatchilar boʻlib, 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS hujumi vaqtida qoʻlga olingan.
Isroil va HAMAS oʻrtasidagi kelishuvga koʻra, har bir garovga olingan fuqaro uchun Isroil 30 nafar falastinlik mahbusni, har bir harbiy uchun esa 50 nafarni ozod qiladi. HAMAS tomonidan garovda saqlanayotgan 97 nafar isroillikdan 33 nafari 6 hafta davomida ozod qilinishi kerak.