16.03.2024 16:32

Islomofobiya, masjidlarga hujum: Londonda musulmonlar Ramazonni xavotirda qarshi oldi

Gʻazodagi urush fonida Londonda islomofobiya holatlari kuchaymoqda. Fevralʻ oʻrtalaridan buyon shahardagi uchta masjidga hujum uyushtirildi, musulmonlar Ramazon oyini qoʻrquv va xavotir bilan qarshi oldi.

London musulmon jamoasi uchun bu yil muqaddas Ramazon oyi notinch boshlandi. Isroilning Gʻazodagi urushi fonida islomofobiyaning avd olishi qoʻrquv va xavotirlarni kuchaytirdi, hukumatdan xavfsizlik choralarini oshirish soʻralmoqda.

Xususan, fevralʻ oyi oʻrtalaridan beri Londonda bir qancha hodisalar, jumladan, uchta masjid – Palmers-Grin, Sautgeyt va Oisha masjidiga hujumlar sodir boʻldi. Hujumchilar kuzatuv tizimlariga zarar etkazgan va kompʻyuterning qattiq disklarini oʻgʻirlagan, deya xabar beradi London Islom madaniyati jamiyati.

Musulmonlarga qarshi voqealarni qayd etib boruvchi Tell MAMA milliy targʻibot loyihasining qayd etishicha, Isroil Gʻazo sektorida halokatli urush boshlagan 7 oktyabrdan beri Buyuk Britaniyada islomofobiya holatlari uch barobardan koʻproqqa oshgan.

Mart oyi boshida Uembli masjidida va Lesterdagi boshqa masjidlarda ham hodisalar haqida xabar berilgan. Ushbu hududlarda jamoat aʻʻzolari Ramazon oyida qattiq xavfsizlik choralariga rioya qilishga chaqirilgan.

Musulmon jamiyati butun London boʻylab nafrat bilan bogʻliq jinoyatlar sezilarli darajada oshganiga guvoh boʻlmoqda. Jamoat bayonotida aytilishicha, ular orasida shaxslar yoki guruhlarga shaxsan yoki onlayn tarzda haqorat, irqiy yoki diniy tazyiq va boshqa huquqbuzarliklar kiradi.

Avvalroq Britaniya hukumati ayrim antimusulmon kayfiyatdagi kuchlar kurashlarni avj oldirgani fonida britaniyalik musulmonlar jamoalarini himoya qilish uchun 4 yil davomida 117 million funt sterling (taxminan 150 million dollar) ajratishi haqida xabar bergan edik. Ushbu mablagʻlar asosan masjidlar, musulmon diniy maktablari va boshqa jamoat markazlarini himoya qilishga sarflanadi.

Mavzuga aloqador