14.09.2024 08:39

Islomofobiya kuchayishidagi muhim bosqich: 11 sentyabrʻ xurujlari

AQSh "Terrorga qarshi kurash" shiori bilan dunyoning barcha davlatlariga islomofobiyani eksport qilishga muvaffaq boʻldi.

2001 yil 11 sentyabrda Nʻyu York shahridagi Jahon savdo markazining egizak minoralari va Vashingtondagi Pentagonda sodir etilgan terror xurujlaridan 23 yil oʻtib, dunyoning katta qismida musulmonlar va islom diniga nisbatan ehtiyotkorlik, kamsitish, begonasirash va hatto dushmanlikkacha aylanib ketgan harakatlarga zoʻravonlik ham qoʻshildi, deyish mumkin.

Islomofobiya qanday paydo boʻlgan?

Bugungi kunda musulmonlar va islomga boʻlgan adovat, yaʻʻni islomofobiyaning kelib chiqishi 2001 yildan ancha ilgari boshlangan. Islom jamiyatlari VIII asrda nasroniylar bilan toʻqnash kelgan vaqtdan to XII-XIV asrlardagi salib yurishlarigacha Gʻarbda Islom va musulmonlarga nisbatan ehtiyotkorlik, qoʻrquv va dushmanlik shakllandi.

Andalusiyaning fath etilishi va Usmonlilar davlati Evropaning sharqiy qismida hukmronlik qilgan davrda yanglish qarashlar, xurofot va tuhmatga asoslangan Islomga dushmanlikning ham ijtimoiy, ham siyosiy asoslari yaratildi. Ikkita jahon urushi oʻrtasida vujudga kelgan antisemitizm Gʻarb tafakkur olamida islomofobiya oʻrnini egallagan boʻlsa-da, 1979 yildagi Eron inqilobi, Evropada millionlab musulmon “gastarbayter”larining mavjudligi va 1991 yilda Sovet Ittifoqining parchalanishi islom va musulmonlarning yangidan begonalashtirilishiga sabab boʻldi.

1973 yilgi neft inqirozi ortidan Evropada yuz bergan iqtisodiy muammolar turklar va musulmonlardan yotsirashni va chetlashtirishni yanada kuchaytirdi. Natijada 1980 yilda Germaniyada birinchi marta neonatsistlar tomonidan Turkiya fuqarosi oʻldirildi. Ayniqsa, Germaniyada turklarga qarshi qotillik va terror faoliyatlari yil sayin ortib bordi. Musulmonlar yashaydigan uylar va qochqinlar lagerlari yoqib yuborildi.

90-yillarda boʻlib oʻtgan Checheniston hamda Bosniya urushlari ham Gʻarbning islomga boʻlgan dushmanligini kuchaytirishda muhim rol oʻynadi. Bundan tashqari, koʻp qutblilikka aylangan xalqaro munosabatlar globallashuvga olib keldi, rivojlanayotgan musulmon davlatlaridan Gʻarb mamlakatlariga mehnat va talabalar migratsiyasi sezilarli darajada oʻsdi. Bu oʻsish bilan bir qatorda, shu paytgacha oʻz holicha yashab kelgan nasroniy jamiyatlari faqat noxolis ommaviy axborot vositalari va tarix kitoblaridagi notoʻgʻri maʻʻlumotlar orqali yanglish taniganlari musulmonlar bilan birga yashay boshladilar. Bu jarayonda har qancha “Islom xanjari” (1979), “Tsivilizatsiyalar toʻqnashuvi” (1996) kabi asarlar hamda musulmonlarni tajovuzkor va terrorchi sifatida tasvirlovchi video oʻyinlar va filʻmlar yaratilgan boʻlsa-da, ularning hech biri bugungi islomofobiyani keltirib chiqarishda 2011 yil 11 sentyabrdagi terror hujumidan keyingi siyosatchilar, ziyolilar, akademiklar va ommaviy axborot vositalari tomonidan olib borilgan muntazam aksil-islom tashviqotlari kabi samarali boʻlmadi.

Islomofobiya butun dunyoga eksport qilindi

AQShning oʻsha paytdagi prezidenti kichik Jorj Bush 11 sentyabrʻ xurujlaridan keyingi nutqida terrorizmga qarshi global urush eʻʻlon qilganlarini aytib, bu urushni Salib yurishlariga oʻxshatdi. Shu tariqa Bush yuzlab yillik yomon gumon, nafrat va marginallashtirishni yana yuzaga chiqardi. Bush "Terrorga qarshi urush" nomi ostida butun dunyoga oʻz doktrinasini oʻtkazishga urindi. Doktrinaga koʻra, barcha davlatlar AQShni "terrorizm"ga qarshi kurashda qoʻllab-quvvatlashga majbur qilindi.

Shunday qilib, AQSh va “terrorchi” sifatida koʻrsatilgan musulmonlar oʻrtasida jahon miqyosida “urush” boshlandi. AQSh 2001 yilda Afgʻonistonni, 2003 yilda Iroqni ishgʻol qildi. Ushbu davlatlar va uning atrofidagi hududlar hokimiyatidagi boʻshliqlar sababli vujudga kelgan yangi terrorchilik tashkilotlari global miqyosda xurujlarni amalga oshirdi. Bu xurujlarini Islom davlatini barpo etish yoʻlida amalga oshirganliklarini eʻʻlon qilgan mazkur tashkilotlarning xatti-harakatlari va nutqlari AQSh va Evropa davlatlari tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi, “Islomiy terrorizm” atamasi ommalashtirilib, musulmonlar zoʻravon, inson huquqlari va demokratiyaga dushman terrorchilar sifatida koʻrsatildi. Bundan tashqari, 2008 yildagi global iqtisodiy inqiroz ortidan oʻrta qatlamning moliyaviy qiyinchilikka uchrashi dunyoda islomofobiyaning kuchayishiga sabab boʻldi.

Evropa va AQSh jamiyatlarining muhim qismi boshidan kechirayotgan iqtisodiy muammolarga musulmon immigrantlari va elita hukmronlik qilayotgan demokratik institutlarni asosiy sababi sifatida koʻrdi. Jamiyatlarning oʻta oʻng gʻoyalar va partiyalarni qoʻllab-quvvatlashi kundan-kunga ortib bordi.

Evropa mafkuraviy spektridagi deyarli barcha partiyalar va nohukumat tashkilotlari (NNT) oʻngchilari-yu, soʻlchilari bir-biriga oʻxshash fikr va shiorlarni maʻʻqullashi natijasida markaziy mavqeini yoʻqotib, marginallashmoqda. Islomofobiyaning inʻʻikosi sifatida ommaviy axborot vositalarida musulmonlarga qarshi karikatura va nafrat soʻzlari, Qurʻʻoni Karimni yoqish harakatlari koʻpayib borayotgan bir paytda, zoʻravonlik va terrorchilik harakatlari ham kuchaymoqda. Musulmonlar soni eng koʻp Evropa davlatlaridan biri boʻlgan Germaniyada 2001 yilda musulmonlarga qarshi 980 ta, 2008 yilda 1113 ta, 2015 va 2016 yillarda mos ravishda 1485 va 1698 ta zoʻravonlik sodir etilgan. Xuddi shu yillarda oʻta oʻngchilik taʻʻsiridagi jinoyatlar soni 2001 yilda 14 ming 725, 2008 yilda 20 ming 422, 2015 va 2016 yillarda mos ravishda 22 ming 960 va 23 ming 555 tani tashkil etgan. Oʻta oʻng guruhlarga qoʻshilish ehtimoli boʻlganlar soni 2017 yilda 24 ming kishini tashkil etgan boʻlsa, 2021 yilga kelib bu koʻrsatgich 33 ming 900 nafarga yuksaldi.

Biroq Islomga tarixiy dushmanlikdan tashqari, islomofobiya kuchayayotgan yagona mintaqa Evropa yoki AQSh kabi Gʻarb dunyosi emas. AQSh "Terrorga qarshi kurash" bahonasi bilan dunyoning barcha davlatlariga islomofobiyani eksport qilishga muvaffaq boʻldi. Myanmada rohinjalarga, Hindistonda musulmonlarga, Xitoyda uygʻurlarga qarshi sodir etilayotgan vahshiylik va zulmlar, Germaniya, Kanada, Shri-Lanka va Yangi Zelandiyada yashovchi musulmonlar va masjidlarga qarshi sodir etilgan terror xurujlari va nihoyat Isroil tomonidan Falastinda olib borilayotgan genotsid va Gʻarbning Isroilni soʻzsiz qoʻllab-quvvatlashi hisobga olinsa, islomofobiya endi global hodisaga aylangani ayon boʻladi....

Dr. Soner Taucher,

Sakarya universiteti Siyosiy fanlar fakulʻteti

xalqaro aloqalar boʻlimi oʻqituvchisi

 

Mavzuga aloqador