29.04.2024 11:30

Iroqda bir jinsli munosabatlar 15 yilgacha qamoq jazosiga olib kelishi mumkin

Iroq parlamenti 1988 yilda qabul qilingan fohishalikka qarshi qonunga oʻzgartirishlar kirituvchi qonun loyihasini qabul qildi. Unga koʻra, bir jinsli munosabatlar 15 yilgacha, LGBT faoliyatini targʻib qilish 7 yilgacha qamoq jazosiga sabab boʻladi. Yangi qonunda jinsini oʻzgartirganlar va bunday jarrohlik amaliyotini qilgan shifokorlar uchun ham jazo choralari belgilandi.

Iroq parlamenti 27 aprelʻ kuni 1988 yilda qabul qilingan fohishalikka qarshi qonunga oʻzgartirishlar kirituvchi qonun loyihasini qabul qildi, deya xabar bermoqda CNN. Yangi qonunga koʻra, bir jinsli munosabatlar 15 yilgacha, LGBT faoliyatini targʻib qilish 7 yilgacha qamoq jazosiga sabab boʻladi.

Yangi qonun, shuningdek, jinsini oʻzgartirish operatsiyasini amalga oshirgan transgenderlar va shifokorlar uchun 3 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi, ammo sud qaroriga koʻra, "insonning jinsini tasdiqlash uchun tugʻma nuqsonlarni davolash" maqsadida tibbiy aralashuv hollari bundan mustasno.

Jazolar 2023 yil avgust oyida qonun loyihasini taqdim etgan mustaqil Iroq deputati Raad al-Malikiy talab qilgan jazolardan kamroq. Deputat bir jinslilar uchun umrbod qamoq va oʻlim jazosi koʻrinishidagi jazoni joriy etishni taklif qildi.

Biroq shanba kungi parlament yigʻilishida ishtirok etgan 329 deputatdan 170 nafari jazoni engillashtirish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini qabul qilishni yoqlab chiqdi.

Parlament spikeri vazifasini bajaruvchi Mohsen Al-Mandalavining aytishicha, yangi qonun jamiyatning “axloqiy poydevorini” himoya qilishga qaratilgan.

Mavzuga aloqador