12.10.2024 16:48

Geosiyosiy keskinlikdan Misr iqtisodiyoti qanday zarar koʻrmoqda?

Hozirgi kunda Eron va Isroil oʻrtasidagi keskinlikdan bevosita jiddiy zarar koʻrayotgan davlatlardan biri Misrdir. Livanda “Hizbulloh” bosh kotibi Hasan Nasrullohning oʻldirilishi, Tehronda esa HAMAS etakchisi Ismoil Haniyaga nisbatan suiqasd uyushtirilishi ortidan Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IIQK) yahudiy davlatiga qarata 200 ga yaqin ballistik raketa otdi. Oqibatda butun Yaqin Sharq keng koʻlamli urush yoqasiga kelib qoldi.

Misrning ehtiyotkorligi va muvozanatli siyosatiga qaramay, Qohira turli yoʻnalishlarda bir qator xavf-xatarlar va yoʻqotishlarga duch kelmoqda. Misr etkazilgan umumiy zararning asosiy qismini oʻzining moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib qoplashi mumkin, biroq ehtimoliy oqibatlar bundan ham kattaroq boʻlishi mumkin. Zero, mojaro tomonlari allaqachon belgilangan “qizil chiziq”larni kesib oʻtgan. Ayni paytda Isroilning Eronga jiddiy javob zarbalarini berishi kutilyapti.

Mintaqada sodir boʻlayotgan voqealar Misr manfaatlariga bevosita ziddir. Mamlakat shimoliy-sharqda Gʻazo, janubda Sudan, gʻarbda Liviya va sharqda Qizil dengiz singari beqarorlik hududlari oʻrtasida qolib ketgan. Qizil dengizda Yaman Husiylarining Isroil portlari sari yoʻl olgan yoki qaysidir maʻʻnoda ishgʻolchi davlatga aloqador yuk kemalariga hujumlari xalqaro yuk tashish hajmiga salbiy taʻʻsir qilib, Suvaysh kanali daromadlari kamayishiga olib keldi.

Yaqinda Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi Qizil dengizdagi tanglik sabab uning mamlakati 6 mlrd dollardan koʻproq zarar koʻrganini maʻʻlum qildi. Bloombergʻga koʻra, Qizil dengiz va Oʻrta er dengizini bogʻlovchi kanal orqali butun dunyo savdosining 12 foizi yuritilib, dunyodagi yuk konteynerlarining qariyb 30 foizi tashiladi.

2022-2023 yilda Misr Suvaysh kanalidagi yuk tranzitidan 9,4 mlrd dollar foyda koʻrgan. Mutaxassislar mamlakatga chet el valyutasi kirib kelishining kamayishi Misr iqtisodiga jiddiy zarba boʻlishini aytishmoqda. Qayd etilishicha, kanal tushumlari soʻnggi 19 yilgi eng past darajaga tushib ketib, qariyb 65 foizga qisqargan.

Misr Markaziy banki maʻʻlumotlariga koʻra, joriy yilning ikkinchi choragida daromad taxminan 870 mln dollarni tashkil etdi: ushbu koʻrsatkich 2023 yilning shu davri (2,5 mlrd dollardan koʻproq)ga nisbatan sezilarli pasayishdir.

Mojaro qancha uzoq davom etsa, yirik kompaniyalar kemalarining Qizil dengizdan Yaxshi Umid burnigacha boʻlgan yoʻnalishni oʻzgartirish ehtimoli shuncha yuqori boʻladi. Bu, shuningdek, Suvaysh kanalida kemalarga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan har qanday muammolarni bartaraf etish maqsadida yangi dengiz yoʻllarini ochish boʻyicha global tendensiyani kuchaytirishi mumkin.

Oʻtgan yili dekabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham “[Atlantika va Tinch okeanlarini bogʻlovchi] shimoliy dengiz yoʻli orqali yuk tashish Suvaysh kanaliga qaraganda ancha samaraliroq boʻlib borayotgani”ni aytgan edi.
Joriy ziddiyat nafaqat savdoni izdan chiqarmoqda, balki turizmning pasayishiga ham olib kelyapti. Shuningdek, tovarlar, xizmatlar va yoqilgʻi narxlarining oshishi har oy import qiymatining koʻtarilishiga sabab boʻldi. Misr koʻplab strategik tovarlarni, jumladan, neft, gaz, temir, bugʻdoy, makkajoʻxori va dori-darmonlarni xorijdan import qiladi.

Tehron va Tel-Aviv oʻrtasidagi keskinlik Qohirani Isroil gazidan mahrum qilishi mumkin. Bunday holat mamlakatda elektr taʻʻminotidagi uzilishlarga olib keladi va turizm, mehmonxona va koʻngilochar xizmatlar sifatiga jiddiy taʻʻsir qiladi. 

Aviakompaniyalarning Misr havo hududlarini chetlab oʻtishi vaziyatni yana-da ogʻirlashtiradi.
Mintaqadagi geosiyosiy keskinlikning yana bir oqibati neft narxining oshishidir.

Bu Eronning Isroilga hujumidan soʻng Brent xomashyosi boʻyicha fyuchers shartnomalari narxining taxminan besh foizga qimmatlashishida namoyon boʻldi. Agar mojaro kengayib, Eron neft inshootlari nishonga olinsa, narxlar yana-da koʻtarilishi mumkin.

Bundan tashqari, Gʻazodagi urush ikkinchi yilga oʻtarkan xavfsiz sarmoyaga boʻlgan talabning oshishi tufayli oltin narxlari ham koʻtarilmoqda. Bu omillar, umuman olganda, Misrda inflyatsiya darajasini oshiradi va bozorlardagi yuqori narxlar toʻlqinini yuzaga keltiradi.

Voqealar rivoji mamlakatdan xorijiy kapitalning chiqib ketishi, investorlarning Misr bozoriga investitsiya kiritishdan bosh tortishi va livanlik qochqinlar oqimi ortishidan darak bermoqda.
Evropa tiklanish va taraqqiyot banki Yaqin Sharqda kuchayib borayotgan inqiroz Misr va Iordaniya kabi davlatlarni qamrab olishidan ogohlantirdi.

Urush mintaqaviy miqyosda kengaysa, BMT Taraqqiyot Dasturi bashoratlariga koʻra, Misrning ehtimoliy yoʻqotishlari Suvaysh kanali va turizm sektoridan olinadigan daromadlarning kamayishi hisobiga 13,7 mlrd dollarga etishi mumkin.

Iyulʻ oyida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Gʻazodagi urush va Qizil dengizdagi vaziyatning keskinlashuvi sababli joriy moliya yilida Misr iqtisodiyotining oʻsish prognozini aprel oyidagi 4,4 foizdan 4,1 foizgacha pasaytirdi.

Boshqa tomondan, Livanda 3 ming kishining jarohatlanishi yoki oʻlimiga sabab boʻlgan peyjerlarning portlashi Misr xavfsizligi uchun koʻplab savollar va muammolarni paydo qilmoqda.

Gap shundaki, Misr armiyasi uchun aloqa vositalari va kiberxavfsizlik tizimlarini yahudiy davlati tomonidan moliyalashtiriladigan AQSh va Evropadagi kompaniyalardan sotib olishga majbur. Arab Defence saytining xabar berishicha, bu kompaniyalar orasida harbiy-sanoat majmuasida etakchi boʻlgan, Isroil armiyasini maxsus uskunalar va aloqa tizimlari bilan taʻʻminlaydigan Fransiyaning Thales kompaniyasi ham bor. Aynan shu kompaniya Misr armiyasiga ham aloqa tizimlari va kuzatuv radarlarini etkazib beradi. Shu nuqtai nazardan, Misrda mobil telefon foydalanuvchilariga taʻʻsir qiluvchi shunga oʻxshash xavfsizlik buzilishlari haqidagi xavotirlar mantiqan asoslidir.

Misr bosh vaziri Mustafo Madbuliy ham bu haqda soʻz ochib, “hukumat Livandagi voqealarni sinchiklab oʻrganib, muayyan saboqlar olgani”ga ishora qildi.

Anonim manbalarga koʻra, peyjer portlashlari mintaqadagi mamlakatlarni, xususan Misrni oʻz kiberxavfsizlik strategiyalarini qayta koʻrib chiqishga undagan. Ayniqsa, kelajakda elektromobillar yoki elektron qurilmalarni nishonga olishi mumkin boʻlgan bu turdagi hujumlarning takrorlanish ehtimoli dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Axborot xavfsizligi boʻyicha mutaxassis Valid Hajjoj Qohira va “Xalq” kanalida efirga uzatilayotgan “Hadis al-Qohira” dasturiga telefon orqali bogʻlanib, elektromobillarni masofadan turib boshqarish mumkinligi sababli ularni tuzoqqa aylantirish xavfi haqida ogohlantirdi.

Shunday qilib, Misr mintaqadagi xavfsizlik va harbiy vaziyatning yomonlashuvi tufayli barcha sohalarda katta yoʻqotishlarga uchramoqda. Bu ulkan yoʻqotishlar uning moliyaviy va iqtisodiy imkoniyatlarini cheklaydi, milliy xavfsizligi va strategik manfaatlariga tahdid soladi.

Mavzuga aloqador