13.04.2024 13:30

Gʻazoning yoʻq qilinishi va Amerika imperializmining global qirgʻinbarot urushi

Oʻtgan hafta Michigan shtatidan respublikachi kongressmen Tim Uolberg Gʻazoni 1945 yil – Ikkinchi jahon urushi oxirida AQSh atom bombalari tomonidan kuli koʻkka sovurilgan Yaponiya shaharlari Nagasaki va Xirosima kabi yoʻq qilishni taklif etdi.

“Biz gumanitar yordamga bir tiyin ham sarflamasligimiz zarur”, – dedi Uolberg Enn Arbor janubidagi Dandi shahridagi shahar hokimiyati yigʻilishida. “Bu Nagasaki va Xirosima kabi boʻlishi kerak. Tezroq hal qiling”, - dedi u.

Kongressmenning butunlay himoyasiz va toʻrt devor ichidagi aholini yoʻq qilishga chaqirishi Amerika hukmron sinfini qamrab olgan qotillik kayfiyatini yaqqol ifoda etadi. Oʻnlab yillar davom etgan abadiy urushlardan soʻng Qoʻshma Shtatlar endilikda fashistlar Germaniyasi bilan bogʻliq jinoyatchilik darajasiga yaqin kelib qoldi.

Netanyaxu hukumati Oq uy koʻmagida Falastin masalasiga "yakuniy echim" doirasida Gʻazoni er bilan yakson qilish, aholisini ochlikdan oʻldirish va tirik qolganlarni hududdan chiqarib yuborish qarorini qabul qildi.

Bu Baydenning oʻtgan hafta Isroilga yana 1800 (816,5 kilogramm), 2000 (907 kilogramm) funtli bombalar yuborish haqidagi qarorining mazmunidir.

Isroil Gʻazoning kichik anklavida yadro qurolidan foydalanmaydi, negaki bu Isroilning oʻz erlarini yashash uchun yaroqsiz holga keltiradi va falastinliklar koʻchirilgandan soʻng Isroil egallab olishga umid qilayotgan sohil boʻyidagi koʻchmas mulklarni nurlantirib yuboradi. Ammo Isroil allaqachon Gʻazoga 65 ming tonnadan ortiq oʻq-dori yogʻdirdi, bu Xirosima va Nagasakini portlatgan bombalarning portlash kuchidan uch baravar ziyodroq.

Natijada Gʻazo sektoridagi binolarning 54 foizdan ortigʻi shikastlandi yoki vayron boʻldi,  Nagasaki bombardimon qilinganidan keyingi koʻrsatkich esa 40 foizni tashkil etgan.

Uolbergning falastinliklarni yoʻq qilishga ochiq chaqiruvi teran nigohlar bilan qaraganda gʻoyat muhim ahamiyatga ega, zotan Gʻazodagi genotsid AQShning Ukrainadagi Rossiya bilan bilvosita urushiga va uning Xitoy bilan yaqinlashib kelayotgan, urushga aylanishi mumkin boʻlgan mojaroga aloqadordir.

Isroilni "bizning eng katta ittifoqdoshimiz" deb atagan Uolberg Gʻazoning ochlikdan azob chekayotgan aholisini boqish uchun qilingan har qanaqa harakat Eron va Rossiya hamda Xitoy uchun tuhfa boʻlishini aytdi.

Gʻazo uchun "Nagasaki va Xirosima" echimini taklif qilgach, Uolberg darhol "Ukrainada ham shunday boʻlishi kerak", "AQShning maqsadi Rossiya kuchlarini yoʻq qilish boʻlishi kerak"ligini eʻʻlon qildi.

Keyinroq Uolberg izoh berib, “HAMAS va Rossiya qanchalik tez taslim boʻlsa, oldinga siljish shunchalik oson boʻladi”, dedi.

Uolberg AQShning butun siyosiy idorasi va ommaviy axborot vositalari yashirmoqchi boʻlgan narsalarni baralla aytmoqda. Bayden maʻʻmuriyati Qoʻshma Shtatlar Rossiya bilan urushda emasligini va Xitoy bilan "mojaroga" intilmasligini bir necha bor eʻʻlon qilgan.

Agar Qoʻshma Shtatlar Rossiyani "taslim qilish" va Adolʻf Gitler muvaffaqiyatsizlikka uchragan joyda muvaffaqiyat qozonish uchun unga qarshi hujumkor urush olib borishga harakat qilsa, bu muqarrar ravishda Ikkinchi Jahon urushidan beri kuzatilmagan ommaviy oʻlim va qirgʻinga sabab boʻladi.

Shu nuqtai nazardan, Gʻazo genotsidi global mojaroning ibtido nuqtasi boʻlib, keyingi qadamlarda qurbonlar yuz minglab, hatto yuzlab millionlab kishilarni tashkil etishi mumkin.

20-asrning eng katta dahshatlari: jahon urushi, genotsid va yadroviy xolokost ehtimoli yana bir bor tahdid solmoqda.

Mavzuga aloqador