13.04.2024 08:20

Eron va AQSh bir-birini ogohlantirdi

Eron arab davlatlari orqali AQShni Isroil bilan bogʻliq vaziyatga aralashsa, Amerikaning mintaqadagi harbiy bazalariga hujum qilish bilan ogohlantirdi qildi. Jo Bayden esa Tehron muvaffaqiyatga erisha olmasligini aytdi.

Eron bir qancha arab davlatlari orqali Jo Bayden maʻʻmuriyatiga AQSh Isroil bilan vaziyatga aralashsa, mintaqadagi Amerika bazalariga hujum qilinishi haqidagi xabarni etkazdi. Bu haqda amerikalik uch nafar anonim amaldorga tayanib, Axios nashri xabar berdi.

Manbalarning soʻzlariga koʻra, eronliklar Isroilning Damashqdagi Eron konsulxonasiga hujumi uchun AQShni javobgar deb bilishlarini aytgan.

"Bizga hujum qilgan kuchlarga hujum qilamiz, shuning uchun bu ishga aralashmang va biz ham [sizning ishingizga] aralashmaymiz", deyilgan AQSh maʻʻmuriyatiga yuborilgan xabarda.

Shu bilan birga, Eron boshqa kanallar orqali mintaqada harbiy keskinlikni kuchaytirmaydigan qilib cheklangan javob choralarini koʻrish toʻgʻrisidagi "muvozanatliroq" xabarlarni ham etkazmoqda, deya qayd etdi ikki manba.

AQSh rasmiylari esa Isroil oʻzini oʻzi himoya qilish holatida ekaniga ishontirish hamda keskinlik yoyilib ketmasligi uchun mintaqadagi hamkorlar va Isroil bilan doimiy aloqada boʻlib turganini maʻʻlum qildi. Shuningdek, Amerika hukumati Isroildan Eronga qarshi har qanday javob choralari haqida AQShni oldindan xabardor qilish va u bilan maslahatlashishni soʻragan.

AQSh prezidenti Jo Bayden jurnalistlar savoliga javob berar ekan, Eronni Isroilga hujum qilmaslikka chaqirdi. U Isroilni himoya qilishga vaʻʻda berib, Tehron kuch ishlatishga qaror qilsa, muvaffaqiyatga erisha olmasligini aytdi.

Avvalroq Livandagi Eronga yaqin Hizbulloh harakati Isroil hududiga raketa zarbalarini berdi – barcha raketalar urib tushirilgan.

Mavzuga aloqador