04.04.2024 10:28

Eron Isroilga hujum qila oladimi?

Isroil Eronning Suriyadagi konsulxonasiga havo hujumini uyushtirib, bir qancha generallarini halok qilganidan soʻng rasmiy Tehron tez orada bunga munosib va shiddatli javob berishga vaʻʻda qildi. Isroil matbuoti 48 soat ichida Eron hududidan hujumlar boʻlish ehtimoli haqida xabar tarqatdi ham. Biroq Eron Isroilga qarshi urush ocha oladimi?

Isroilning Amerikada ishlab chiqarilgan F-35 qiruvchi samolyoti dushanba, 1 aprelʻ kuni Suriya hududiga kirib, Eronning Damashqdagi konsulxonasi binosiga 6 dona raketa zarbasini berdi. Natijada konsullik binosi butunlay vayron qilindi, shuningdek, 11 kishi, jumladan, 7 nafar eronlik harbiy halok boʻldi. Qurbonlar orasida Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IIQK)ning ikki nafar yuqori lavozimli generali ham bor.

Hodisadan koʻp oʻtmay Eronning Suriyadagi elchisi Husayn Akbariy uning mamlakati “tez, toʻgʻridan-toʻgʻri va qatʻʻiy” ravishda javob berishini maʻʻlum qildi. Bu kabi bayonotlarni keyinroq mamlakat rahbariyati ham bir necha bor takrorladi. Jumladan, Eron oliy rahnamosi Ali Humayniy:

“Yovuz sionistik tuzilma oʻz jazosini oladi va biz ularni sodir etgan qilmishlaridan pushaymon boʻlishga majburlaymiz”, - dedi.

Mana, oradan toʻrtinchi kun oʻtib bormoqda. Biroq Eron hali “tez” javobini bergani yoʻq. Va biz bunday kun kelishini hali uzoq kutadiganga oʻxshaymiz. Ehtimol, imom Mahdiy tugʻilguncha yoki Iso alayhissalom tushguniga qadar. Ha, toʻgʻri, Eron 48 soat ichida Isroilga javob berishi haqidagi xabarlar tarqalib turibdi. Emishki, bevosita Eron hududidan Isroilga qaratada uchuvchisiz uchoqlar va raketalar uchirilar ekan.

Isroil armiyasi ham Eronning ehtimoliy hujumiga tayyorgarlik koʻrish kerakligi haqida gapirmoqda. Biroq 90 million aholiga ega Eron 9 millionlik Isroildan generallarining qasosini ololadimi? Bunga jurʻʻati, imkoniyati etadimi? Yoki har doimgidek, yuz minglik namoyishlar oʻtkazib, Isroil bayroqlarini yoqish va baqir-chaqirlar bilan kifoyalanadimi?

Yana bir sinalgan yoʻli bor: Isroildan oʻzining Suriya, Iroq, Livan va Yamandagi proksi guruhlari orqali kichkinagina qasosini olishi ham mumkin. Ammo Isroil Pokiston emas, hujumga qarshi darhol hujum bilan javob berish mumkin boʻlgan. Axir uning ortida butun boshli AQSh turibdi-ku.

Buning ustiga, kimsan Isroilning dodini berib qoʻyish haqida gap-soʻzlar yurgan bir vaqtda mamlakat janubi sharqidagi Chexbexar viloyatida “Jaysh al-Adl” harbiylashgan sunniy-balujlar guruhi IIQKning bir qancha bazalari, politsiya boʻlinmalari va boshqa obʻʻektlar nazoratini qoʻlga oldi. Otishmalarda IIQKning uch nafar aʻʻzosi halok boʻldi.  

Bu hujumlar tasodifmi yoki Isroil qoʻli bilan amalga oshirildimi – aniq emas. Ammo Eron va Isroil oʻrtasida urush boʻlishini taxmin qilishdan koʻra imom Mahdiy yoki Iso alayhissalomning kelishini kutgan maʻʻqulroq. Bodroq va ichimliklaringizni esa boshqa tomoshalarga olib qoʻyavering.

Sanjar Said

Mavzuga aloqador