27.08.2024 18:04
Dunyo nima uchun Sudan inqiroziga koʻz yummoqda?
Dunyo nima uchun Sudan inqiroziga koʻz yummoqda?
Qariyb 500 kunlik mojaro va zoʻravonliklar Sudanni dunyodagi eng yirik gumanitar inqirozlardan biriga roʻpara qildi.
2023 yil aprelʻ oyida Sudan armiyasi rahbari general Abdul Fattoh al-Burxon va uning sobiq oʻrinbosari Muhammad Hamdan Dagalo boshchiligidagi tezkor qoʻllab-quvvatlash kuchlari (RSF) oʻrtasida hokimiyat uchun kurash boshlandi. Shundan beri halok boʻlgan va yaralanganlar soni qariyb 52 ming kishiga etdi, millionlab odamlar uy-joylarini tashlab ketdi.
Inqirozning naqadar keng tus olib borayotgani BMT tomonidan berilgan takroriy ogohlantirishlarda ham yaqqol koʻrinib turibdi: kuzatuvchilar Sudan hatto “halokat nuqtasida” ekanini ham aytishmoqda.
Sudan urushi qanchalik koʻp musulmonlarning yostigʻini quritib, azoblarga giriftor qilmasin, Ukrainadagi urush haqida kunora gap sotayotgan etakchi davlat rahbarlari va xalqaro jamoatchilik mazkur fojia haqida gapirishni istamayapti.
“Sudandagi mojaro juda yuqori keskinlikka ega boʻlishi mumkin, lekin Gʻarb uchun Ukraina yoki Gʻazo singari geosiyosiy ahamiyatga ega emas, – deydi Afrika boʻyicha mutaxassis Frankoz Sennesael, – Ukraina Evropaning xavfsizligi uchun ahamiyatli, Sudan haqida esa bunday deya olmaymiz. Shuning uchun Kiev Gʻarbning barcha gʻamxoʻrliklariga loyiq. Sudanga esa qotgan nonni ham ravo koʻrishmaydi. Gʻazo ham Isroil bosqinchilari haqida doim qaygʻuradigan AQSh va uning hamkorlari nuqtai nazaridan qaralganda birlamchi masala”.
Sennesaelga koʻra, Sudanni eʻʻtibordan chetda qoldirishning turli sabablari bor: Masalan, BMT obroʻyi va taʻʻsirining pasayishi va Gʻarb mamlakatlarining oʻzlari uchun foydasi boʻlmagan mojarolarga bosh suqishni istamaslik kayfiyati.
“Sudan asosan Gʻarb ommaviy axborot vositalari tomonidan “unutildi”. Oq tanlilar esa goʻyoki, Afrika va uning tashvishlaridan charchoq his qilmoqda”, deydi u.
Bundan tashqari, evropaliklar oʻz hukumatlaridan Sudan boʻyicha biror chora-tadbirlarni ishga solishini talab qilmayapti.
Sennesaelning fikricha, boshqa muammolar bilan oʻralashib qolgan baʻʻzi davlatlar Sudan masalasida aralashadigan ahvolda emas.
“Gʻarb Janubiy Sudan yoki Efiopiyada urushayotgan elitalar oʻrtasida tezkor hokimiyatni boʻlish toʻgʻrisida shartnomalar imzolashni oʻz ichiga oladigan yondashuvni qoʻllamoqda. Shuningdek, Afrikadan chiqmoqchi boʻlayotgan mustamlakachilar tinchlikni saqlash uchun askar yoki pul ajratishga tayyor emas”, deydi Oksford universiteti tadqiqotchisi Sennesael “Anadolu” axborot agentligiga.
Biror kim Sudan uchun yangi tinchlikparvarlik missiyasini yaratish haqida ogʻiz ochgani yoʻq. Sudan aslida xavfsizlik masalalarida koʻp tomonlama munosabatlar taʻʻsirining emirilib borayotgani va Gʻarb mamlakatlarining Afrikadan biroz chekinayotganiga yorqin misoldir.
Shunga qaramay, Fors koʻrfazi davlatlari, Misr va Turkiya tinchlik va xavfsizlik nuqtai nazaridan mintaqaning yangi “himoyachilari” boʻlishga ishtiyoqi borligini koʻrsatishdi.
“Biroq ularning yondashuvini etarli darajada kuchli deb boʻlmaydi. Ushbu aktyorlar muammoning echimi qanday boʻlishi kerakligi haqida toʻliq tushunchaga ham ega emaslar. Mintaqaviy kelishmovchiliklar va shaxsiy manfaatlarni bir tomonga qoʻyib, yakdil ovoz bilan gapira olishmaydi”, deydi tadqiqotchi.
Gumanitar kulfat haqida nega yangiliklarda “lom-mim” deyilmayapti?
Britaniyada yashovchi sudanlik sharhlovchi va faol Mohanad Elbalal ham vatanidagi insoniyat inqirozi global doirada juda past baholanmoqda, degan fikrda.
“Sudan dunyodagi eng katta koʻchish yuz bermoqda. Bu erda gumanitar kulfatning koʻlamini oʻlchash imkonsiz va bu xabarlar xalqaro OAV hamda nashrlar sarlavhasida deyarli koʻrinmayapti”, deydi u “Anadolu”ga.
Jahon ommasi mintaqada aslida nimalar sodir boʻlayotgani, ayniqsa, gumanitar vaziyat haqida gapirishni xohlamayapti. Shu bois ham sudanlik musulmonlar yordamsiz tashlab qoʻyilmoqda.
“Ha, dunyoda gʻazoliklar kabi juda chuqur gumanitar falokatni boshdan kechirayotgan musulmonlar ham afsuski koʻpaymoqda. Misol uchun, bugungacha Sudanni 10 milliondan ortiq odam tashlab ketishga majbur boʻldi”, deydi u.
Ayni paytda sudanlik musulmonlar gumanitar vaziyatidan kelib chiqib xalqaro eʻʻtiborga muhtoj.
“Beqaror” tinchlik muzokaralari
Joriy yilning 14 iyulʻ kuni Jenevada AQSh homiyligida Sudan inqiroziga bagʻishlangan muzokaralar boshlangandi.
AQShning Sudan boʻyicha maxsus elchisi Tom Perrielloning aytishicha, ushbu muzokaralarda Sudan armiyasi ishtirok etmasa ham, RSF, BMT, Afrika Ittifoqi, Misr, Saudiya Arabistoni, BAA, AQSh va Shveytsariyadan delegatsiyalar qatnashdi.
Biroq tahlilchilar Saudiya Arabistoni va AQSh boshchiligida boʻlib oʻtgan muzokaralarning samarasiz oʻtganini taʻʻkidlashdi.
Elbalalning aytishicha, Jenevadagi kelishuv imkoniyati “juda past”, chunki “faqat bitta tomonning oʻzi bilan muzokara olib borib boʻlmaydi”.
“Hatto oʻt ochish toʻxtatilsa ham, ushbu shartlarga rioya qilinishini taʻʻminlaydigan qatʻʻiy choralarsiz, tinchlik taʻʻminlanmaydi”, deydi u.
Uning qoʻshimcha qilishicha, oʻt ochishni toʻxtatishning oʻzi etarli emas. Sulhga erishilgan taqdirda ham, bu gumanitar vaziyatning yaxshilanishiga olib kelmaydi.
Mavhum kelajak
Sudan hozirda mustaqillikdan beri eng murakkab vaziyatni boshdan kechirmoqda.
“Sudan ikkiga boʻlingan va bu bizga Liviyani eslatadi - ikki hukumat suverenlikni daʻʻvo qilsa-da, ularning hech biri oʻz hududini toʻligʻicha nazorat qila olmaydi”, deydi Sennesael.
Ikki general oʻrtasidagi hokimiyat uchun kurash butun mamlakat boʻylab tarixiy mojarolarni qayta qoʻzgʻatdi. Allaqachon mamlakat katta fuqarolik urushi yoqasiga kelib boʻldi.
Tadqiqotchilar kelajakda “mahalliy mojarolar umummilliy zoʻravonlikni qoʻzgʻatishi va bu butun mamlakatni qamrab olishi”dan ogohlantiryapti.
Elbalal barqarorlik uchun poytaxt Xartumni nazorat qilish muhimligini urgʻulaydi.
“Vaziyat beqaror... Tezkor kuchlar poytaxtdan quvilmagunicha, ikki tomonlama jiddiy muzokaralar boʻlmaydi”, - deydi u.