05.08.2024 07:39

Britaniyada musulmonlar va qora tanlilarga qarshi pogromlar uyushtirildi

Britaniya bosh vaziri Key Starmer butun mamlakat boʻylab musulmonlar va qora tanlilarga qarshi pogromlar uyushtirgan "oʻta oʻng qanot bezorilar" tezda javobgarlikka tortilishiga vaʻʻda berdi. Britan hukumati rahbarining aytishicha, barcha aqlli odamlar zoʻravonlikni qoralashi kerak.

"Men shuni bilishingizni xohlaymanki, bu zoʻravon olomon bizning mamlakatimiz vakili emas va biz ularni javobgarlikka tortamiz", - dedi Starmer pogromlarning potentsial qurbonlariga telemurojaatida.

Yakshanba kuni ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida oʻta oʻngchi namoyishchilar olomon tomonidan qora tanli oʻtkinchilarni kaltaklangani va qirgʻin qilingani aks etgan yangi videolar tarqaldi. Namoyishchilar tartibsizliklardan foydalanib, Britaniya boʻylab doʻkonlarni ham talon-taroj qilishdi.

Hukumat nafaqat tartibsizliklarni, balki “Internet muhitini qizdirib, keyin yashiringanlarni” ham javobgarlikka tortishga vaʻʻda berdi.

Sobiq konservativ bosh vazir Rishi Sunak ham tartibsizliklarni qoraladi: “Britaniya koʻchalarida biz koʻrayotgan hayratlanarli manzaralarning Sautportdagi fojiaga hech qanday aloqasi yoʻq. [...] Politsiya bu jinoyatchilar bilan tezda kurashish uchun bizni toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi va ular qonunning toʻliq ogʻirligiga duch kelishlari kerak".

Ichki ishlar vaziri Ivette Kuper “mahalliy masjidlarga uyushtirilgan sharmandali tahdidlar va hujumlar tufayli” ularni koʻproq himoya qilish uchun 29,4 million funt sterling mablagʻ ajratishga vaʻʻda berdi: pogrom xavfi ostidagi masjidlarga qoʻshimcha xavfsizlik xodimlari taklif qilinishi mumkin.

Tell Mama tahliliga koʻra, jami 10 ta masjid, jumladan Sautport, Liverpul va Xartlpuldagi islomiy ibodatxonalarga hujum uyushtirilgan yoki tahdid qilingan.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan hafta boshida musulmonlar va qora tanlilarga qarshi boshlangan pogromlar yakshanba kuni butun mamlakat boʻylab tarqaldi. Zoʻravonliklar Sautportdagi bolalar raqs sinfiga pichoqli hujum uch qizchaning oʻlimiga sabab boʻlganidan keyin avj oldi. Gumonlanuvchi Ruandalik oilada tugʻilgan 17 yoshli Aksel Rudakubana boʻlib chiqdi.

Ruanda musulmon davlati emasligi va gumonlanuvchi Aksel Rudakubana noqonuniy muhojir boʻlmaganiga qaramay, oʻta oʻng kanallarda hujumchi goʻyoki islom diniga eʻʻtiqod qilgani va mamlakatda noqonuniy yashayotgani haqida dezinformatsiyalar tarqaldi. Bir qator oʻta oʻngchi nashrlar hatto 17 yoshli gumonlanuvchi uchun “Ali Al-Shakati” islomiy ismini ham oʻylab topishgan. Bu ijtimoiy tarmoqlarda islomofobik kayfiyatning tez oʻsishiga va undan keyingi pogromlarga olib keldi.

Mavzuga aloqador