Bombalanayotgan Gʻazo: 157-kunning asosiy yangiliklari
Isroil Gʻazo sektorida bosqinchilik urushini boshlaganiga 157 kun boʻldi. 24 soat davomida Gʻazo sektori, Iordan daryosining Gʻarbiy sohili hamda butun Yaqin Sharq hududida sodir boʻlgan asosiy voqealar dayjesti.
▪️ Ramazonning birinchi kunida bosqinchilar Zaytun, Xon Yunis, Rafah va Nuseyrat hududlariga zarbalar berdi. Kun davomida 85 kishi halok boʻldi, 130 kishi yaralandi.
▪️ 7 oktyabrdan buyon Isroil hujumlari natijasida Gʻazoda jami 31 045 kishi halok boʻldi, 72 654 kishi jarohatlandi.
▪️ Gʻarbiy Sohilda bosqinchilar Nablus va Tulkarmga bostirib kirdi. Ishgʻol ostidagi Sharqiy Quddusda bosqinchilar yuzlab musulmonlarga Ramazon oyining ilk namozini Al-Aqso masjidida oʻqishlariga ruxsat bermadi. 20 kishi hibsga olingan.
▪️ Evropa-Oʻrtaer dengizi inson huquqlari observatoriyasi: Gʻazodagi keksalar dahshatli darajada oʻlmoqda.
▪️ Janubiy Afrika prezidenti Siril Ramafosa: Isroil genotsid ishi boʻyicha Xalqaro sud qarorlariga boʻysunmayapti.
▪️ Yuzlab Falastin tarafdorlari “Genotsidni toʻxtating”, “Bolalarni oʻldirishni toʻxtating” degan shiorlar bilan Los-Anjelesdagi Oskar topshirish marosimi boʻlayotgan joy yaqinida toʻplandi.
▪️ Gʻazodagi norvegiyalik shifokorlar: Biz ochlik va suvsizlanishdan aziyat chekayotgan bolalar sonining koʻpayishiga guvoh boʻlmoqdamiz. Asosiysi, urushni toʻxtatib, chegaralarni ochish, yordamni osmondan tushirmaslik yoki dengiz orqali etkazmaslik.
▪️ Turkiya Qizil Yarim Oy jamiyatining 2 737 tonna gumanitar yuk ortilgan kemasi Misrning Al-Arish portiga etib keldi. Ushbu yuk oziq-ovqat mahsulotlari, suv, un, kiyim-kechak, gigiena vositalari, yashash vositalari, dori-darmonlar va bolalar uchun buyumlarni oʻz ichiga olgan.