18.12.2023 20:11

Isroil-Falastin urushining 74-kuni: eng muhim yangiliklar dayjesti

Isroilning Gʻazoga hujumlari boshlanganidan buyon 19 453 kishi, jumladan 7729 nafar bola halok boʻldi, shuningdek, 52 286 kishi, shu jumladan 8663 nafar bola jarohatlandi. – Al Jazeera


Gʻarbiy Sohilda isroil tomonidan yil boshidan buyon 505 kishi, ularning 111 nafari – bolalar, 7 oktyabrdan buyon esa 297 kishi, jumladan 70 nafar bola oʻldirildi yoki olgan jarohatlaridan vafot etdi. - TRT


Falastin mahbuslar jamiyati (PPS), isroil ishgʻol kuchlari 7 oktyabrdan beri 46 jurnalistni hibsga olganini maʻʻlum qildi, shuningdek, kamida 96 nafar jurnalist va OAV xodimi hayotdan koʻz yumdi. WAFA


Isroil qasddan Gʻazodagi sogʻliqni saqlash tizimini izdan chiqarayotganini taʻʻkidlagan JSST rahbari Tedros Adxanom: “Biz Kamol Advan kasalxonasi binosida boshpana topgan qochqinlarning xavfsizligidan juda xavotirdamiz va bu qochqinlarga qilingan hujumlar qonuniy protokollarga ziddir”, - dedi. - IRNA


Isroil hukumati ishgʻol qilingan Gʻazo sektorida tinch aholini ochlikdan oʻldirishdan urush usuli sifatida foydalanmoqda, bu – urush jinoyati hisoblanadi, deya maʻʻlum qildi Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti bugun. - WAFA


AQSh mudofaa vaziri Lloy Ostin Tel-Avivda isroil bosh vaziri Binʻyamin Netanyaxu, mudofaa vaziri Yoav Galant, milliy xavfsizlik kengashi raisi Tsachi Xanegbi va bosh shtab rahbari Gertsi Xalevi va boshqalar bilan koʻrishib, “Gʻazodagi urush bilan bogʻliq dolzarb masalalarni muhokama qildi”. – Anadolu


Mossad rahbari David Barnea, Qatar bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon Ol Tani hamda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilʻyam (Bill) Berns Polʻshaning poytaxti Varshavada isroil va HAMAS oʻrtasida mahbuslar almashinuvi boʻyicha yangi kelishuvni muhokama qilish uchun uchrashdi. Bu muzokaralar qancha davom etishi va shu paytgacha qandaydir taraqqiyotga erishilgani haqida maʻʻlumot berilmagan. - Isroil matbuoti


Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tajani va Rim papasi Frantsisk isroilni Gʻazodagi cherkovda isroil mergani tomonidan ikki ayol otib oʻldirilgani uchun tanqid qildi. - Al Jazeera


Iordaniya Transport, sanoat va savdo vazirligi BAA, Saudiya Arabistoni va Iordaniya hududi orqali isroilga quruqlikdan yoʻl ochilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. - TRT


AQSh prezidenti maʻʻmuriyati rasmiylari Oq uyning Gʻazo sektoriga bostirib kirgan isroilni soʻzsiz qoʻllab-quvvatlashi Jo Baydenning mamlakat ichkarisida va xorijdagi obroʻsiga putur etkazishi mumkinligidan xavotirda. - The Washington Post

Mavzuga aloqador