Isroilning Gʻazoda bir yildan buyon amalga oshirib kelayotgan qatliomidan nafaqat millionlab falastinliklar, balki ona tabiat ham zarar koʻrmoqda. Urushning dastlabki 120 kunidayoq Isroil hujumlari natijasida atmosferaga 652 ming tonnagacha karbonat angidrid gazi chiqarildi, bu 26 ta davlatning yillik emissiyasidan koʻproq.

Gʻazo sektoriga bir yildan hujumlar uyushtirib kelayotgan Isroil turli usullar, jumladan, oq fosforli bombalardan foydalangan holda insonparvarlik inqirozini keltirib chiqarishi bilan bir qatorda, atrof-muhitning keng koʻlamda vayron boʻlishiga ham sabab boʻlmoqda, deb yozadi Anadolu.

Isroilning 2023 yil 7 oktyabrʻ kuni Gʻazoga uyushtirgan hujumlari natijasida 40 mingdan ortiq inson halok boʻldi, 100 mingga yaqin kishi jarohatlandi, minglab odamlar gumanitar tashkilotlar tomonidan qurilgan chodirlarda yoki boshpanaga aylantirilgan maktab va shifoxonalarda yashashga majbur boʻlmoqda. Tinimsiz davom etayotgan portlashlar gumanitar inqirozga qoʻshimcha ravishda, atrof-muhitga zarar etkazmoqda.

Hujumlarning 200-kunida Isroil Gʻazoga 75 ming tonna bomba tashlagani eʻʻlon qilindi. Bu Ikkinchi Jahon urushi paytida Xirosimaga tashlangan bombalar hajmidan taxminan 6 baravar koʻpdir.

Londondagi Qirolicha Meri universiteti tadqiqotiga koʻra, Isroil hujumlari natijasida Gʻazodagi binolarning 54-66 foizi shikastlangan yoki butunlay vayron boʻlgan. Dastlabki 120 kun ichida, shu jumladan 2024 yil fevralini ham hisobga olgan holda, Isroil hujumlari natijasida atmosferaga 420 000 dan 652 000 tonnagacha karbonat angidrid ekvivalenti chiqarildi, bu 26 mamlakatning yillik karbonat angidrid emissiyasidan koʻproq.

Hujumlar natijasida atrof-muhitga zarar etkazuvchi eng muhim omillardan biri xalqaro huquq tomonidan taqiqlangan oq fosforli bombalardan foydalanishdir.

Amnesty International tashkiloti Isroil armiyasi Gʻazoning tinch aholi zich joylashgan hududlarida oq fosforli artilleriya snaryadlarini qoʻllaganini hujjatlashtirdi va koʻplab dalillarni taqdim etdi.

Tuproq va suvda uzoq yillar qolishi mumkin boʻlgan oq fosfor qisqa muddatda oʻzi bilan aloqaga kirishgan oʻsimliklarni nobud qiladi, uzoq muddatda esa oʻgʻit vazifasini bajarib, oʻsimliklar, suv oʻtlari va yoʻsinlarning haddan tashqari oʻsishiga sabab boʻladi.

Suv inqirozi tobora chuqurlashib bormoqda

Isroil nafaqat harbiy nishonlarni, balki Gʻazoning muhim infratuzilmasini ham nishonga olmoqda. Elektr tarmoqlari, suv quvurlariga uyushtirilgan hujumlar natijasida Gʻazoda katta suv inqirozi vujudga keldi. BMTning Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam agentligi (YuNRVA) dastlabki 8 oyda hujumlardan suv va sanitariya inshootlarining taxminan 67 foizi vayron boʻlgani yoki zarar koʻrganini eʻʻlon qildi.

Oxfam xalqaro yordam agentligi tomonidan iyulʻ oyida eʻʻlon qilingan "Suv ​​jinoyatlari" hisobotiga koʻra, bir kishi favqulodda vaziyatlarda omon qolish uchun kuniga 15 litr suv isteʻʻmol qilishi kerak boʻlsa, gʻazoliklar eb-ichish, tozalash va choʻmilish kabi ehtiyojlarini qondirish uchun 4,74 litr suvga ega. Isroil hujumidan oldingi davr bilan solishtirganda, bu raqam gʻazoliklar uchun mavjud boʻlgan suv miqdori 94 foizga kamayganini koʻrsatadi.

Isroilning Gʻazo sektoriga suv etkazib berishni toʻxtatgani sababli ogʻirlashgan suv muammosi aholini ifloslangan quduq suviga tayanishga majbur qilmoqda. Gʻazoliklar suv olish uchun soatlab turgan navbatlarga qayta-qayta hujum qilgan Isroil, jumladan, 2023 yil 17 oktyabrʻ kuni suv idishlari bilan uyiga qaytayotgan ikki bolani oʻldirdi.

Chiqindilarni yigʻib boʻlmaydi

Gollandiyaning PAX for Peace nodavlat tashkiloti iyunʻ oyida eʻʻlon qilgan "Gʻazoda urush va chiqindi" hisobotiga koʻra, Gʻazo sektori atrofidagi koʻchalar va dalalarda kamida 225 ming tonna qattiq chiqindi toʻplangan. Chiqindi yigʻish vositalari hujumlarda shikastlangan va Isroil Mudofaa Kuchlari (TsAXAL) chiqindilarni yigʻish joylariga kirishni toʻsib qoʻygan. Mojaro boshlangandan beri aholining 85% dan ortigʻi koʻchirilgan Gʻazoda hujumlardan keyin binolarning 62% vayronaga aylangan va birgina shaharning oʻzida kamida 100 ming tonna qattiq chiqindi toʻplangan.

Epidemik kasalliklar xavfi

Tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qila olmaslik, kimyoviy moddalar va radioaktiv moddalarning tuproqqa va er osti suvlariga chiqishi gepatit B va C kabi kasalliklarning tarqalishiga olib kelmoqda. Kimyoviy moddalar birinchi navbatda chiqindixonalardan suv va tuproqqa tushadi, keyin esa bu hududlardagi qishloq xoʻjaligi faoliyati natijasida oziq-ovqat zanjiri orqali odamlar va hayvonlarning tanasiga kiradi. 2024 yil 4 mart kuni Falastin Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan bayonotga koʻra, taxminan 2,3 million falastinlik istiqomat qiluvchi Gʻazo sektorida 1 millionga yaqin yuqumli kasallik qayd etilgan, davolanish uchun esa etarli tibbiy muassasalar mavjud emas.

Vayronagarchilikning uglerod yuki

BMT Isroilning Gʻazo sektoridagi hujumi natijasida vayronagarchiliklar natijasida qolgan 23 million tonna vayronalarni tozalash yillar talab qilishi mumkinligini maʻʻlum qildi. BMTga koʻra, Isroilning Gʻazoga hujumlari paytida 156,000 dan 200,000 gacha inshoot, jumladan, fuqarolik uylari, kasalxonalar va maktablar shikastlangani yoki butunlay vayron boʻlganini hisobga olsak, ularni qayta qurishda 46,8 milliondan 60 million tonnagacha karbonat angidrid gazi chiqarilishiga sabab boʻladi. Bu 135 dan ortiq mamlakatlarning yillik karbonat angidrid emissiyasidan oshadi hamda Shvetsiya va Portugaliya emissiyasiga teng.

Mavzuga aloqador