14.05.2024 10:22
"Barcha falastinliklarni oʻldirishga" chaqirgan kongresmen talaba namoyishchilarni Gʻazoga haydashni taklif qildi
AQShning bir necha respublikachi vakillari Falastinni qoʻllab-quvvatlab oʻtkazilayotgan namoyishlarda hibsga olingan talabalarni Gʻazoga olti oyga jamoat ishlariga joʻnatish va chet ellik talabalarning vizalarini bekor qilishni nazarda tutuvchi ikkita qonun loyihasini ishlab chiqdi.
"Antisemitizm jamoat xizmati" toʻgʻrisidagi qonun deb nomlangan birinchi qonun loyihasi 2023 yil 7 oktyabrdan boshlab AQSh kollejlari kampusida “mahkum etilgan yoki noqonuniy faoliyatda ayblangan” har qanday shaxsni kamida olti oyga “Gʻazoda jamoat xizmatiga” yuborishni taklif qiladi.
Qonun loyihasida AQSh universitetlari boʻylab tarqalgan Falastinni qoʻllab-quvvatlovchi chodir shaharlar haqida alohida aytilmagan boʻlsa-da, u 2023 yil 7 oktyabrdan, HAMAS Isroilga kutilmagan hujumini boshlagan kundan keyin kollejlar kampuslaridagi faollikka qaratilgan.
Bahsli qonun loyihasini Falastinga qarshi pozitsiyasi bilan tanilgan Tennessi vakili Endi Ogles ilgari surdi. Fevralʻ oyi boshida jurnalistlarning falastinlik bolalarning oʻlimi haqidagi savoliga u: "Biz ularning barchasini oʻldirishimiz kerak", degan edi.
“Chet elda oʻqish toʻgʻrisida”gi qonun deb nomlangan ikkinchi qonun loyihasi “qoʻzgʻolon yoki noqonuniy norozilik uchun hibsga olingan” yoki “tuzatish, qatnashish yoki yordam berish vaqtida hibsga olingan” har qanday chet elliklarning “F, J yoki M vizasini bekor qilishga” qaratilgan".
Rendi Veber bilan birga qonun loyihasini imzolagan vakil Jeff Dunkan X ijtimoiy tarmogʻidagi postida oʻz qoʻllab-quvvatlashini bildirdi va shunday dedi: “Bizga Amerika zaminida HAMAS tarafdorlari kerak emas, ular bizning qonunlarimizni buzadi va yoshlarimizda Amerikaga nisbatan nafrat uygʻotadi".