05.08.2024 11:35

Bangladeshda hukumat zoʻravonligiga qarshi namoyishlarda 48 kishi halok boʻldi

Bangladeshda davlat xizmatiga kvota ajratish qaroriga qarshi chiqqan namoyishchilar oʻlimiga eʻʻtibor qaratish maqsadida tashkil etilgan namoyishlarda 48 kishi halok boʻldi. Poytaxt va ayrim hududlarda "muddatsiz komendantlik soati" eʻʻlon qilindi.

Bangladeshda Mustaqillik urushi faxriylari oilalariga davlat sektori kvotalari ajratilganidan soʻng boshlangan norozilik namoyishlari vaqtidagi zoʻravonliklarga eʻʻtibor qaratish maqsadida tashkil etilgan hukumatga qarshi namoyishlarda 48 kishi halok boʻldi.

Oʻtgan haftalarda "davlat sektori kvotasi qaroriga" qarshi namoyishlarda 200 dan ortiq odam halok boʻlganidan keyin butun mamlakat boʻylab hukumatga qarshi namoyishlar davom etmoqda.

Yangilangan namoyishlarda “soliq toʻlamang va ishga bormang” deya chaqirgan namoyishchilar baʻʻzi jamoat binolariga hujum qilib, bir nechta mashinaga oʻt qoʻyishdi, deya xabar berdi mahalliy OAV.

Rasmiylarning bildirishicha, mamlakatning turli hududlarida politsiyaning hukmron Avami Ligasi partiyasi tarafdorlari va namoyishchilar bilan toʻqnashuvi oqibatida 48 kishi halok boʻlgan, yuzlab odamlar yaralangan.

Poytaxtda "muddatsiz komendantlik soati" eʻʻlon qilindi

Dhaka Tribune xabariga koʻra, Ichki ishlar vazirligi Dakka va baʻʻzi hududlarda "agar boshqacha koʻrsatma boʻlmasa, muddatsiz komendantlik soati" eʻʻlon qilinganini bildirdi.

Hukumat, shuningdek, mamlakatda 3 kunlik taʻʻtil eʻʻlon qildi.

Eslatib oʻtamiz, Bangladeshda 1971 yildagi Mustaqillik urushida qatnashgan faxriylarning oila aʻʻzolari uchun davlat ish oʻrinlarining 30 foizini ajratuvchi kvota tizimidan noroziliklar sabab boʻldi. Keyinroq mamlakat Oliy sudi kvotani 7 foizga kamaytirishga qaror qildi, biroq bu namoyishlarni toʻxtata olmadi.

Hukumat armiyasi bilan toʻqnashuvlarda 200 dan ortiq namoyishchi halok boʻldi, 11 ming nafardan ziyodi, asosan talabalar hibsga olingan.

 

Mavzuga aloqador