29.04.2024 10:10

AQShda qoʻlga olingan talabalar soni 700 nafardan oshdi

AQShda Falastinni qoʻllab-quvvatlab oʻtkazilayotgan talabalar namoyishlari yanada avj olmoqda. Shu vaqtga qadar 700 dan ortiq talaba qoʻlga olindi. Namoyishlar esa mamlakatdagi 80 dan ziyod oliygohlarni qamrab oldi. Gʻazolik bolalar esa ularga oʻziga xos tarzda minnatdorchilik bildirmoqda.

19 aprelʻ kuni AQShdagi Kolumbiya universitetida Falastinni qoʻllab-quvvatlab namoyishga chiqqan talabalar politsiya tomonidan qoʻlga olingani ortidan boshlangan noroziliklar toʻlqini butun mamlakatni qamrab oldi. The New York Times maʻʻlumotlariga koʻra, shu vaqtga qadar 700 dan ortiq talaba qoʻlga olindi.

Talabalar universitetlarning Isroilning Falastin hududlarini bosib olishini qoʻllab-quvvatlovchi kompaniyalarga moliyaviy sarmoya kiritishiga qarshi norozilik bildirishmoqda. Talabalar talablari orasida Gʻazo sektorida oʻt ochishni toʻxtatish, AQShning Isroil ishgʻoliga harbiy yordamini toʻxtatish va Isroil ishgʻol armiyasiga qurol etkazib beruvchi kompaniyalardan universitet sarmoyalarini olib qoʻyish ham kiradi.

Aksariyat universitetlarda talabalar politsiyaning namoyishchilarni tarqatish, musulmon talabalarning ibodatlariga qarshilik koʻrsatishga urinishlariga toʻsqinlik qilmoqda. Jumladan, Ohayo universitetida namoz oʻqiyotgan musulmon talabalarni ushbu universitetda tahsil oluvchi boshqa talabalar politsiyadan himoya qilib turdi (video).

Bostondagi Shimoli-Sharqiy universitet talabalari Gʻazoni qoʻllab-quvvatlab chodir tikkan talabalarni olib ketayotgan politsiya mashinasining chiqib ketishiga toʻsqinlik qildi.

Nʻyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida dindor yahudiylar Gʻazo va Falastinga hamdardlik sifatida chodirli oromgoh qurgan talabalarni qoʻllab-quvvatlash uchun chiqishdi.

Yana bir qiziq holat. Gʻazolik bolalar Amerikada ularni qoʻllab-quvvatlab namoyish oʻtkazayotgan talabalarga oʻziga xos tarzda minnatdorchilik bildirmoqda. Ular oʻzlari yashab turgan chodirlarga “Kolumbiya universiteti talabalariga rahmat”, “Talabalar bizga umid bermoqda”, “Rafahdan. Biz sizga kuch-quvvat yuboramiz”, “Gʻazo bolalari sizlar bilan fahrlanadi” kabi shiorlarni yozib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishmoqda.

Avvalroq hibsga olishlar fonida boshqa taʻʻlim muassasalarida norozilik namoyishlarining oldini olish choralari koʻrilgani maʻʻlum boʻlgan edi. Jumladan, Harvard universitetida tarixiy hududga kirish cheklandi, bir qator universitetlar masofaviy taʻʻlimga oʻtdi. Ayrim oliygohlar talabalarini Falastinni qoʻllab-quvvatlovchi harakatlarda qatnashgani uchun oʻqishdan chetlashtirildi.

Mavzuga aloqador