01.02.2024 12:20

AQSh Turkiya va Livan kompaniyalariga sanktsiyalar kiritdi

AQSh Turkiya va Livandagi 3ta kompaniya va 1 jismoniy shaxsga nisbatan Islom inqilobi korpusi qoʻriqchilari va Hizbullohni moliyaviy qoʻllab‑quvvatlagani uchun sanktsiya kiritdi. Ular Eron xomashyosini jahon bozorida xarid qilish, tashish va sotishda ayblangan.

AQSh Gʻaznachiligi Livan va Turkiyadagi 3 ta yuridik shaxs va 1 jismoniy shaxsga IRGS va Hizbulloh moliyaviy tarmogʻiga muhim moliyaviy yordam koʻrsatgani uchun sanktsiyalar kiritdi. Bu haqda Yeni Safak nashri xabar bermoqda.

Eron xomashyosini jahon bozorida xarid qilish, tashish va sotishda ayblangan Turkiyada joylashgan Mira Ihracat Ithalat Petrol kompaniyasi, shuningdek, uning bosh direktori va egasi Ibrohim Agaogʻlu taxallusi bilan tanilgan Ibrohim Talal al-Uvayrga nisbatan sanktsiya kiritilgan.

Bundan tashqari, sanktsiyalar Livanning ikkita kompaniyasi: Hizbulloh bilan aloqador boʻlgan va Eron tovarlarini Suriyaga katta miqdorda sotilishiga yordam bergan Yara Offshore SAL hamda millionlab dollarlik Eron tovarlarining Suriyaga etkazib berilishida ishtirok etgan Hydro Company kompaniyasiga joriy etildi.

Yuqorida tilga olingan shaxslarga nisbatan sanktsiyalar ularning AQShdagi mol‑mulk va bank hisoblariga kirishni toʻsib qoʻyadi hamda cheklovlarga duchor boʻlgan shaxslar va kompaniyalarga amerikaliklar bilan biznes yuritishga ruxsat bermaydi.

Mavzuga aloqador