17.07.2024 10:29

Afgʻonistonda suv toshqini oqibatida kamida 40 kishi halok boʻldi

 

Afgʻonistonning sharqidagi Nangarhor viloyatida kuchli yogʻingarchiliklar keltirib chiqargan suv toshqini oqibatida kamida 40 kishi halok boʻldi, yana 347 kishi jarohatlandi.

 

Afgʻonistondagi suv toshqinlari oqibatida kamida 40 kishi halok boʻldi, 347 kishi jarohat oldi, deya xabar bermoqda «Anadolu» agentligi.

Qurbon boʻlganlar orasida bir oilaning besh aʻʻzosi ham bor, dedi viloyat matbuot kotibi Sodiqulloh Qurayshiy. Ular uyning tomi qulashi oqibatida halok boʻlgan.

Barcha qurbonlar sharqiy Nangarhor viloyatida qayd etilgan, dedi muvaqqat sogʻliqni saqlash vazirligi vakili Sharaf Zamon. U qurbonlar soni ortishi mumkinligini qoʻshimcha qildi.

Afgʻon rasmiysining aytishicha, jabrlanganlarga tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda va muvaqqat maʻʻmuriyat kasallik tarqalishining oldini olish uchun xalqaro tashkilotlar bilan muvofiqlikda ish olib bormoqda.

Qayd etilishicha, Nangarhor viloyatida 400 ga yaqin uy vayron boʻlgan. Koʻpgina hududlarda elektr energiyasi uzilgan. Jalolobod shahrida aloqa cheklangan. Hozircha etkazilgan zarar aniqlanmoqda.

Hukumat avvalroq mamlakatning 12 ta viloyatida kuchli boʻron va yogʻingarchiliklar boʻlishidan ogohlantirgan.

Eslatib oʻtamiz, Afgʻonistonda may oyida kuzatilgan kuchli suv toshqinlarida 300 dan ziyod kishi halok boʻlgandi.

 

Mavzuga aloqador