13.05.2024 13:05

Afgʻonistonda 300, Indoneziyada 27, Braziliyada 144 kishi suv toshqinlari qurboni boʻldi

Afgʻonistonda 300, Indoneziyada 27, Braziliyada 144 kishi suv toshqinlari qurboni boʻldi

Dunyo boʻylab davom etayotgan suv toshqinlari qurbonlari soni ham ortib bormoqda. Soʻnggi kunlarda suv toshqinlari sababli Afgʻonistonda 300 dan ziyod kishi ofat qurboniga aylangan boʻlsa, bu koʻrsatkich Keniyada 267, Braziliyada 144, Indoneziyada 27 nafarni tashkil etmoqda. Jabrlanganlar soni va zararlar miqdori ham juda yuqori.

Dunyoning turli mintaqalarida global iqlim isishi natijasida anomal suv toshqinlari sodir boʻlishda davom etmoqda. Ayni paytda Afgʻoniston tabiiy ofatdan eng koʻp zarar koʻrgan davlatlardan boʻlib turibdi.

Jumladan, Bogʻlon viloyatida suv toshqinlari sababli 311 kishi hayotdan koʻz yumdi, 2011 ta uy vayron boʻldi va 2800 ta uy zararlandi, deya xabar bermoqda BMTning Afgʻonistondagi vakolatxonasi. Tinimsiz yogʻayotgan yogʻingarchiliklar sababli mamlakatning boshqa viloyatlarida ham suv toshqinlari kuzatilmoqda.

Afrikada joylashgan Keniya davlatida ham kuchli yomgʻir sabab boʻlgan suv toshqinlari kuzatildi. Qurbonlari soni 267 nafarga etdi. Bu haqda jurnalistlarga Keniya Ichki ishlar vazirligi rahbari Kiture Kindiki maʻʻlum qildi.

Taxminan uch hafta oldin mamlakatni qamrab olgan sel va kuchli yomgʻirning boshqa oqibatlari natijasida 188 kishi jarohatlangan, yana 75 kishi bedarak yoʻqolganlar roʻyxatida, dedi vazir.

Vazirning soʻzlariga koʻra, noqulay ob-havo sharoiti qariyb 389 ming kishining hayotiga salbiy taʻʻsir koʻrsatgan, 56 ming oila oʻz uyini tashlab ketishga majbur boʻlgan.

Braziliyada kuchli yomgʻir sabab boʻlgan suv toshqinlarida halok boʻlganlar soni 144 kishiga etdi, 125 kishi bedarak yoʻqoldi.

Janubdagi Rio-Grande-du-Sul shtatida oʻtgan haftadan beri davom etayotgan kuchli yomgʻirdan keyingi suv toshqini tufayli qurbonlar soni ortib bormoqda.

Shtat fuqarolik mudofaasi bayonotida aytilishicha, qurbonlar soni 137 kishi, bedarak yoʻqolganlar soni esa 125 kishini tashkil etmoqda.

Jarohatlanganlar soni 800 kishiga etdi. 2,1 milliondan ortiq odam toshqindan jabr koʻrdi, 620 mingdan ortiq kishi boshqa joyga koʻchishga majbur boʻldi.

Indoneziyaning Gʻarbiy Sumatra provintsiyasida kuchli yomgʻir suv toshqini va koʻchkilarga olib keldi. Shanba kuni bir necha soat davom etgan kuchli yomgʻir Sumatraning eng faol vulqoni boʻlgan Marapi togʻidan pastga kul va toshlarni oqizib keldi.

Tabiiy ofat Gʻarbiy Sumatra provintsiyasining Agami va Tanah-Datar hududlarida yuz berdi. Ikki hududni suv bosgan, kamida 100 ta uy, masjid va jamoat obʻʻektlari vayron boʻlgan.

Rasmiylarga koʻra, qurbonlar soni ortishi mumkin, chunki 18 kishi bedarak yoʻqolgan.

 

Mavzuga aloqador