14.11.2024 07:50
300 ming bola Livandan Suriyaga qochib oʻtdi
Soʻnggi etti hafta ichida 300 ming bola kuchayib borayotgan keskin vaziyatdan qochib, Livandan Suriyaga koʻchib oʻtdi, deya xabar bermoqda Save the Children tashkiloti.
Aksariyat bolalar yolgʻiz, ota-onalari yoki oilalaridan ajralgan holda yoʻlga chiqqan boʻlib, yaqinlashib kelayotgan qish, zoʻravonlik, oziq-ovqat tanqisligi va kasallik xavfi ostida qolmoqdalar.
Hisob-kitoblarga koʻra, Livandan Suriyaga koʻchib oʻtayotganlarning 70 foizi suriyaliklar, qolganlari livanliklar yoki boshqa millat fuqarolaridir. BMT hisob-kitoblariga koʻra, taxminan 60 foiz bolalar va oʻsmirlar tibbiy yordam, boshpana, oziq-ovqat va suvga juda muhtoj.
Isroil Livan janubi va Bayrutni bombardimon qila boshlaganidan beri Livanda kamida 1,2 million kishi, yaʻʻni umumiy aholining beshdan bir qismi boshqa joyga koʻchirildi, shuningdek, 13 yil muqaddam oʻz mamlakatlarida sodir boʻlgan mojarolardan qochib, Livanda boshpana topgan 1,5 million suriyalik qochqinlar ham.
Livanda turmush oʻrtogʻi va ikki yosh bolasi bilan yashagan 28 yoshli suriyalik qochqin Maysa yana zoʻravonliklardan qochishga majbur boʻldi va Suriyaga koʻchib oʻtdi.
"Livanda boshlangan mojaro bu dahshatni ham olib keldi. Har qanday oʻq kirib oʻtishi mumkin boʻlgan chodirda yashar ekanmiz, bomba va oʻq otish ovozlaridan dahshatga tushdik. Binolar vayron boʻlayotganini koʻrdik, hayqiriqlarni eshitdik, bombardimondan qochayotgan odamlar, hech qachon unutmaydigan dahshatli voqealar va vaziyatlarga guvoh boʻldik", - dedi u.
Eng yomoni, koʻchirilgan bolalar va ularning oilalari 13 yil davom etgan mojarolar, undan keyingi gumanitar va iqtisodiy inqirozlar, shuningdek, bir yil avval sodir boʻlgan dahshatli zilziladan zarar koʻrgan, aholining 38 foizi jabrlangan mamlakatga kelishmoqda. Ayni paytda Suriyaning oʻzida qariyb 16,7 million kishi yordamga muhtoj. Bu aholining 72 foizdan ortigʻi va 2011 yilda inqiroz boshlanganidan beri eng yuqori daraja degani. Yordamga muhtojlarning taxminan 45 foizi bolalardir.
"Kechasi juda sovuq, bolalarimni isitadigan hech narsa yoʻq. Oʻgʻlim sovuqdan kasal, butun vujudida gripp va shamollash bor. Eguligimiz oz qoldi", - deya tushuntirdi Maysa.
Save the Children Suriya tashkiloti direktori Rasha Muhrezning taʻʻkidlashicha, Livandan Suriyaga kelgan bu bolalar va oilalarning koʻpchiligi bir necha yil oldin qarama-qarshi yoʻnalishda xuddi shunday safarni amalga oshirgan. Suriyada esa aksiga olib gumanitar vaziyat ogʻir, oziq-ovqat narxi oʻtgan yilga nisbatan qariyb ikki baravar oshdi va eng kam ish haqi asosiy oziq-ovqat savatining atigi 16 foizini qoplaydi.
“Ayni paytda Suriyada oʻtkir toʻyib ovqatlanmaslikdan qiynalayotgan yarim million bola hayotini saqlab qolish uchun egulik va davolanishga muhtoj”, - dedi u.