Oʻzbeklarda birdamlik qay darajada?
Birdamlik nima? Bugungi oʻzbek xalqida birdamlik qay darajada? Millatning guruhlarga, firqalarga, "kult"larga, oqimlarga boʻlinib ketishining yomon tomoni yoʻqmi? Millat oʻzi istaganidek birlikka erishuvi uchun nimalar talab etiladi? Azon Global tahlilchisi Muhammad Dovud Asadulloh maqolasida ushbu savollarga javob oling.
Birlik,
birdamlik gʻoyalari asrlar osha insoniyat hayotining bir boʻlagi boʻlib kelgan. Dunyo
tarixida hech bir xalq yoʻqki, birdamliksiz dunyo sahnasida oʻz oʻrnini egallab,
uyushgan millat sifatida shakllanmagan boʻlsa. Bugungi dunyo voqeligida eng koʻzga
tashlanadigan jihatlardan biri shuki, milliy birdamlikka ega boʻlmagan yoki buni
shakllantirishda bir qator kamchiliklarga yoʻl qoʻygan millatlar, xalqlar davr
shiddati va mamlakatlarning shafqatsiz kurashi ichida yoʻq boʻlib ketishi muqarrar.
Hozirgi mavzuda Oʻzbekistonda milliy birlik, birdamlik qay darajada ekani, unga
boʻlgan favqulodda zaruriyat va uni qay tarzda shakllantirish — echim izlash haqida
soʻz boradi.
Insonlar — ijtimoiy mavjudot. Ular oʻzaro uyushish, birlik,
birgaliksiz yashay olmasligini tarix yaxshi koʻrsatadi. Faylasuflarning taʻʻrifi
bilan aytganda "ijtimoiy maxluq" sanalgan inson jamiyatni birlik bilan
shakllantiradi.
Bugungi oʻzbek xalqida birdamlik qay darajada?
Tarixan oʻzbek xalqi turfa xil oʻtish davrlarini boshdan
kechirdi. Bu vaqt davomida uning qoni oʻzgardi, tafakkuri, dunyoqarashi, tili,
madaniyati, oʻzligi turfa xil shakllarni qabul qildi, yillar osha yangilanib
boraverdi. Sir emas, millatga yangi qon bilan hamohanglikda yangi gʻoya va oʻzlik
ham kirib singadi. Millatimiz bir necha bor oʻzlik oʻzgarishiga uchradi. Bulardan
eng asosiysi dastavval oʻn toʻqqizinchi asr ikkinchi yarmidan boshlab yigirmanchi asr
boshigacha, soʻngra oʻtgan asrning 20 yillaridan 90-yillarigacha davom etgan rus
mustamlakachiligining ayovsiz fikriy tizginlaridir. Mustaqillikdan keyingi qayta
shakllanish va birlik tomon harakatlar tabiiy ravishda yuzaga chiqqan boʻlsa ham,
ular keltirgan oqibatlar global miqyosdagi jarayonlar fonida bir xil natijalarni
— yo oʻrnida depsinishni yoki yangi shakllangan global voqelik hamda totalitar,
hukmron siyosatning turfa xilligi ortida turli yoʻnalishlarga boʻlinishni keltirib
chiqardi.
Birdamlik tasniflari
Milliy birdamlikni turli jihatlar boʻyicha tasniflash, tahlil
qilish, ochib berish va taʻʻriflash mumkin boʻlgani uchun, dastavval uni klassik ilmiy
uslubda tasniflab olamiz.
Mashhur frantsuz faylasufi Emil Dyurkheym birdamlikni ikki
turga — mexanik birdamlik hamda organik birdamlikka ajratgan. U mexanik
birdamlikni umumiy oʻziga xoslikka asoslangan birdamlik sifatida belgilagan.
Ushbu umumiy oʻziga xoslik altruizmga yoʻl ochadi, yaʻʻni jamiyat aʻʻzolari maʻʻlum
axloq asosida bir biriga yordam qoʻlini choʻzadi. Ushbu turdagi birdamlik anʻʻanaviy
jamiyatni aks ettiradi. Unda guruh bir xil andoza va meʻʻyorlar asosida
ijtimoiylashgan boʻlib, uni "biz" degan kuchli tuygʻu birlashtirib turadi.
Organik birdamlik, aksincha, aʻʻzolar tabaqalashgan,
tafovutlashgan, lekin bir-biriga bogʻliq boʻlgan zamonaviy jamiyatda paydo boʻladi.
Zamonaviy jamiyatning har xilligi, oʻz navbatida, umumiy oʻziga xoslik hissi va u
bilan bogʻliq altruizmni kamaytiradi. Birdamlik uchun turtki funktsionaldir: yaʻʻni
u boshqalarga va jamiyatga yordam berish mening manfaatlarimga xizmat qiladi",
degan tamoyilga amal qiladi.
Zamonaviy Evropa jamiyati organik birdamlik tipiga misol
boʻlsa, oʻzbek jamiyati mexanik birdamlikka misol boʻladi, lekin bu bilan mazkur
tur oʻzbek jamiyatini toʻla aks ettiradi deyishdan yiroqmiz, zero bugungi millat
oʻzaro uyuushishga asoso boʻluvchi na axloqiy va na umumiy, yakdil manfaatlarga ega
emas.
Bugungi oʻzbek jamiyati axboriy, madaniy, siyosiy, ijtimoiy
jihatdan turli guruhlarga, firqalarga, "kult"larga, oqimlarga boʻlinib
ketgan. Aslida boʻlinishning qandaydir zararli tomonlari yoʻq. Biroq buning uchun
boʻlinishlarning markazini qandaydir gʻoya, milliy oʻzlik birlashtirib turishi kerak.
Taassufki, bizga etishmayotgani millat sifatida jamiyat ichida birdamlik hissini
uygʻotuvchi oʻziga xos milliy zehniyat. Dindor-dinsiz, konservat-liberal,
gʻarb-Rossiya bahslari bunday birdamlik yuzaga kelishiga toʻsqinlik qilayotgan bir
omil. Yana biri hukumatning oqsoq siyosati mahsuli oʻlaroq iqtisodiy beqarorlik
hamda notenglik natijasida millat vakillarining dunyoqarashida moddiyatning
ustunlik qilishi.
Maʻʻlum bir standard axloqsiz millatni "tarbiyali",
axloqli va printsipli qilib boʻlmaydi. Buning uchun muvofiq siyosat yurgizilmogʻi —
umuman saylovlarda, hukumat va davlat ishlarida, jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro
ijtimoiy munosabatlarda chinakam halollikka erishilmogʻi kerak. Gʻoyalar
mushtarakligi, fikrlar umumiyligi, bir maqsad, bir yoʻl ostida birlashish kabi
balandparvoz nutq va yoziqlardan naf yoʻq. Mashhur mutafakkir Ali Shariatiy
taʻʻkidlaganidek, umumiy birlikka, birdamlikka erishish uchun avvalo jamiyat sifatli
yoʻsinda toifalarga boʻlinib, oʻzaro ajralib olishi lozim. Tartibsizlik albatta bir
kun kelib birlikka yoʻl ochadi.
Muyyan jamiyat, millat oʻzi istaganidek birlikka erishuvi uchun
quyidagilar talab etiladi:
• Haqiqiy
birdamlik. Bu insonlarning bir biriga oʻzaro manfaat umumiyligi asosida emas,
balki xayrixohlik, simpatiya, mehr-oqibat asosida koʻmak berishi, muomala va
munosabatda boʻlishi.
• Taʻʻlimiy
va ilmiy birdamlik. Taʻʻlim va ilmiy birdamlik deganda shaxslar, jamoalar, jamiyat
va davlat oʻrtasidagi umumiy majburiyat tushuniladi: barcha odamlarga taʻʻlim olish
imkoniyatini berish, oʻquvchilarni bilimga intilishga undash va savodsizlik va uning
salbiy oqibatlarini bartaraf etish yoʻlida birlashish.
• Himoyaviy
birdamlik. Jamiyatidagi har bir shaxs oʻz jamiyati, mamlakati va millatini himoya
qilishga hissa qoʻshishi kerak. Bundan
tashqari, ular adolatsizlik va zulmga uchragan odamlarni himoya qilishi zarur.
• Axloqiy
birdamlik. Bu millatning qadriyatlari va axloqiy tamoyillarini himoya qilish,
jamiyatni tartibsizlik, buzuqlik va tanazzuldan asrash majburiyat va huquqini
bildiradi. Bu tuzatishdan koʻra oldini olish afzaldir, degan tushunchaga asoslanadi,
yaʻʻni jamiyatning kichik bir qismi ham korruptsiya va buzuqlikka duchor boʻlib qolsa,
soʻng bu buzuqlik va tanazzul tarqalib, butun jamiyatga taʻʻsir qilishi mumkin va
natijada jamiyatni tuzatish va isloh qilish imkonsiz yoki eng kamida qiyin boʻlib
qolishi mumkin.
• Iqtisodiy
birdamlik. Iqtisodiy birdamlik iqtisodiy oʻzaro bogʻliqlik tamoyiliga asoslangan
boʻlib, har bir inson xalq boyligini yoʻqolish va isrofdan saqlash va narxlarni
manipulyatsiya qilish, bitimlardagi firibgarlik, monopoliya va zaiflikdan foydalanish
kabi zararli tijorat va iqtisodiy faoliyatning oldini olish ustida hamkorlik qilishi
zarur.
• Ijtimoiy
hamjihatlik. Bu turdagi birdamlik jamiyatda ustuvor ahamiyatga ega boʻlishi, davlat
qonunlarida ham jamiyat kambagʻal, kasal va muhtojlarga gʻamxoʻrlik qilish yukini oʻz
zimmasiga olishi uchun qonuniy belgilab qoʻyilishi kerak. Qurʻʻonda aytilganidek:
"oʻzi yaxshi koʻrib turib molini qarindosh-urugʻlariga, etim-esirlarga,
miskin-bechoralarga, yoʻlovchi-musofirlarga, tilanchi-gadolarga va qullarni ozod
qilish yoʻlida beradigan, namozni toʻkis ado qilib, zakotni beradigan kishi va
ahdlashganlarida ahdlariga vafo qilguvchilar va xususan ogʻir-engil kunlarda va
jangu jadal paytida sabr-toqat qilguvchilar yaxshi kishilardir" (Rohman
surasi, 177-oyat)
• Siyosiy
hamjihatlik. Siyosiy birdamlik odamlarning siyosiy huquqlari himoya qilinishini va
ularning siyosiy tartib va davlatni muvofiq boshqaruv tamoyillari asosida qurishda
masʻʻuliyatni baham koʻrishini taʻʻminlaydi.
• Jamoat
birdamligi. Jamoat birdamligi oʻz masʻʻuliyati va vakolati ostida boʻlgan
kishilarning umumiy manfaatini ifoda etish vakolatini nazarda tutadi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, "hammangiz
valiysiz va oʻz qoʻl ostingizdagilar uchun masʻʻulsiz. Hukmdor oʻz hukmi ostidagi
uchun valiy va masʻʻuldir; Erkak oʻz oilasiga vasiydir; ayol erining uyida valiy
boʻlib, uning qaramogʻidagilarga masʻʻuldir; xizmatkor Xoʻjayinining mol-mulkiga
qoʻriqchi va uning vasiysi uchun masʻʻuldir. Bas, sizlar hammangiz valiysizlar va
sizga tobe boʻlganlarga masʻʻulsizlar" (Buxoriy va Muslim rivoyatlari)
Savol tugʻiladi. Oʻzbek millatidagi yuqori birdamlik
turlarining qaysilari bor-u, qaysilari yoʻq? Oʻzi umuman, nazariy jihatdan tasnif
etilgan mazkur turlar haqiqiy, chinakam birdamlikka yoʻl ocha oladimi? Buning uchun
bugungi voqelikka bir qur nigoh tashlash va tahlil qilish talab etilib, ijtimoiy
soha vakillaridan chuqur ilmiy izlanishlar olib borishni taqozo qiladi.
Hozirgi post-modern davrda ijtimoiy tarmoqlar jamiyat
kayfiyati, ruhiyati va holatini aks ettiruvchi inʻʻikos boʻlib xizmat qilayotgan bir
paytda, uni jamiyatni haqiqatdan harakatga keltiruvchi kuchli instrument — vosita
deb hisoblash mumkin. Bu — birinchi vosita.
Ikkinchidan, baʻʻzi faollar bot bot taʻʻkidlab kelayotganidek,
birlik uchun fikr maydonlarini bino etuvchi (vosita oʻlaroq) ijtimoiy klublar
kerak bizga. Haqiqiy va sifatli fikr albatta oʻzaro fikriy hamjihatlikka va
maqsadlar mushtarakligiga yoʻl ochib, bora bora kishilarni vaqt asnosida etilib
boradigan gʻoya atrofida chambarchas bogʻlash, birlashtirish kuchiga ega.
Yana biri — yagona til vositasida jamlanish. Oʻzbek tiliga
eʻʻtibor turli xil baland sahnlardan jamiyatning oʻrtasiga olib tushilishi, uni
jamiyatning haqiqiy intilishlarini chinakam aks ettira oladigan, ifodalay oladigan
kuchga ega ekanligini namoyon etish uchun xalq bir yoqadan bosh chiqarishi zarur.
Mustamlakachilik tizginlaridan chiqib ketish oson kechmaydi. Bunga toʻgʻanoq boʻlib
turgan omillar ustida yaxshilab ishlansa, ularning tashi emas, ichkarisi, mohiyati
tahlil qilinib, oʻrganilsa,
birdamlikning siyosiy koʻrinishini bir qadar qurish mumkin boʻladi. Bulardan ogohlik
shakllangach, birdamlik muammosini hal etsa boʻlar, ehtimol.
Muhammad Dovud Asadulloh, Azon Global tahlilchisi