Gʻarb shunday pallaga keldiki, endi ortga yoʻl yoʻq. U boshi berk koʻchaning oxiriga yaqinlashib qoldi. Juda koʻp olimlar tomonidan yuz yillardan beri bot-bot gapirilib kelinayotgan voqeliklar bugunimizda nafaqat gʻarbda, balki unga intilayotgan barcha oʻlkalarda oʻzining real oqibatlari bilan koʻz oldimizda namoyon boʻlib turibdi. Axloqiy chirkinlik va jamiyatning barcha ishlarida, odamlarning istalgan faoliyatida bepardalik kabi fojiali illatni endi sunʻʻiy pardalar ila koʻzdan yashirib boʻlmay qoldi.

Eng yomoni, globalizatsiyaning fojiali oqibati butun dunyo ahlini toʻlaqonli qamrab olmoqda. Bugunning odamlar ustidan hukmron vositasi virtual tarmoqlar ekani sir emas. Koʻcha-koʻyda oʻynab yurgan bolalarning turli trendlarga oid soʻz yoki musiqalarni aytib yurishi, undagi qahramonlarga taqlid qilishi umum fojiasining suv yuzasiga chiqib qolgan bir uchidir. Bu axloqqa oid masala. Lekin jiddiy. Biz bir yoʻqotilgan avlodni koʻrdik, endilikda yana biriga guvoh boʻlish arafasidamiz. Avvalgisidan farqli oʻlaroq, hozirgi avlod layoqatsiz, noqobil, favqulodda erinchoq va oʻta axloqsiz boʻlib, ular jamiyatning katta qismini tashkil etgani uchun yoʻqotish darajasi keng qamrovli boʻlishiga xizmat qiladi.

Bu oʻrinda oʻzimizni, madaniyatimizni yoki dinimizni Gʻarb holati, voqeligi bilan taqqoslamaslikning iloji yoʻq. Liberalizmning tamal gʻoyasi shuni koʻzda tutadiki, individ (yakka shaxs) irodasi millat irodasiga, individ inkori millat inkoriga aylanadi. U oʻz joniga qasd etishni irod etsa, xuddi shunday, millat ham oʻz joniga qasd etadi. Yakka shaxs butun jamiyatni aks ettiradi. Unga teskari jamiyatlardan farqli oʻlaroq, u buni tabiiy qabul qiladi. Erkinlikning bir qismi deb biladi. Uning birdan-bir vazifasi shaxsni – u nimani irod etishi, tanlashidan qatʻʻi nazar – himoya qilishdan iborat. Bunda har qanday ierarxik tuzilma tamoman barbod boʻladi. Har qanday tuzilmalar gorizontal shakl olib, jamiyat ishlarini tartibga solishni faqat boshqalarga ziyon-zarar keltirish nuqtai nazaridan amalga oshiradi. Qadriyat masalasi liberalizmning mazkur iroda erkinligi gʻoyasidan kelib chiqadi va uning oʻzi oxir-oqibat jamiyat uchun oʻrnatilgan, soʻroqqa olinmaydigan qadriyatga aylanadi. 

Bugun oʻzbek jamiyati ogʻzidagi luqmasini yutolmayotgan, shu bilan birga, qayt ham qilolmaydigan holatda. Anʻʻana va qadriyat tushunchalarini tan olsa-da, uning asosini inkor etish – yaʻʻni dinning jamiyatga toʻlaqonli singishi, kirib borishiga toʻsqinlik qilishi, boshqa tomondan, liberal qadriyatlarga intilsa-da, uning bosh tamoyili boʻlgan shaxsiy iroda erkinligini bemalol oyoqosti qilishi – uning arosatda ekanligini koʻrsatadi. Bunday mavhumlik yoshlarning oʻzlari uchun yoʻlni oʻzlari belgilashga, trendga qarab harakatlanishiga sabab boʻladi. Misol uchun, dinni haminqadar anglagan, bilgan, tushunchaga ega qatlam, toifa unga tamoman ega boʻlishni, diniy erkinlikni mutlaq qoʻlga kiritishni istasa, bunga teskari oʻlaroq, hayotning engil-elpi, «bilganimcha yashayman» uslubini media, jamiyat va zamon nuqtayi nazaridan ongiga juda chuqur singdirib boʻlgan, endi qadriyat deb atalmish oliy qiymatni fahmlay olmaydigan yoshlar kelajagi nursiz va mavhum, oʻtkinchi bugunning hayp va trendlari aro mayllarni maksimal qondirish tuzogʻiga oʻzini asir aylagan. 

Jamiyatda muayyan qadriyatning vazifasi uning oqimini bir tekis ushlash, innovatsion kayfiyat va daxlsiz umum gʻoyalarining etilishiga toʻsiq qoʻymagan holda jamiyatning axloqiy butunligini saqlashdir. Bunday qadriyatni koʻpchilik ham, aksincha kamchilik ham belgilash huquqiga ega emas. Biʻʻaks tarixiy yoʻl – eng toʻgʻri echimdir. Andozani tarixga asosan olish adashmaslik kafolatini taʻʻminlaydi. 

Islomning umuminsoniy tamal tamoyillariga shaxsning oʻzi va jamiyat oldidagi masʻʻuliyatini – ham oʻziga, ham jamiyatga zarar etkazish birdek zararli ekani va haromligi, umummilliy farogʻat va ilm sari yakdil harakat, jamiyat tartibini saqlashga masʻʻul boʻlgan maʻʻlum ierarxiya, aʻʻzolar oʻrtasida belgilangan oʻzaro madaniyatli munosabatlar kabilar kiradi.

Mavzuga aloqador