Bayden maʻʻmuriyati dengiz mahsulotlari, alyuminiy va poyabzal ishlab chiqaruvchi uchta Xitoy kompaniyasi bilan savdo qilishni taqiqladi. AQSh Moliya vazirligi ushbu firmalarni Shinjon-Uygʻur avtonom rayonida yashovchi turkiy aholini majburan ishlatayotganlikda ayblagan. Bu haqda TRT teleradiokanali xabar berdi.

Avvalroq Qoʻshma Shtatlar Xitoyning toʻqimachilik, quyosh panellari va dengiz mahsulotlarini qayta ishlash singari ishlab chiqarishning turli sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalarini qora roʻyxatga kiritgan edi. Rasmiy Vashington ularning barchasida uygʻurlar qul kabi majburiy mehnatga tortilganidan xavotir olayotganini bot-bot takrorlab keladi.

Yangi jazo choralarini inobatga olganda Xitoyning inson huquqlarini toptashga asoslangan dasturlarida ishtirok etayotgan tashkilotlar roʻyxatiga 68 ta kompaniya kiritilgan – bu yil boshidagi firmalar soniga qaraganda ikki baravar koʻp degani.

"Xitoy hukumati mintaqada milliy ozchilik vakillarini zavod, kon va mehnat lagerlariga majburan koʻchirish dasturini amalga oshirmoqda. Rasmiylar bu dasturlar goʻyoki qashshoqlikka qarshi kurashishga qaratilganini aytib, suvdan qururq chiqishga urinyapti", – deyiladi bu haqdagi bayonotda. 

Shunga qaramay, inson huquqlari boʻyicha ekspertlar uygʻurlarga nisbatan tazyiqlar ortib borayotgani, ish joyini biroz muddatga tashlab ketganlar esa  qattiq jazolanishini aytib kelishadi.

Mavzuga aloqador