Foto: “Gazeta.uz”

Bolalik Ramazonlari

Ramazon – oʻzi bilan bogʻliq shirin-shirin xotiralarni har damgidan ham yorqinroq yodga soladigan ajib fursat.

Qoʻlchalaridan birida pul, bittasida idishni mahkam ushlab, koʻcha boshiga nisholda olishga ketayotgan bola qalbidagi quvonchdir Ramazon.

Nimagadir qoqinib, qoʻlidagi nisholda er bilan bitta boʻlgan goʻdakni turgʻizib, ust-boshini qoqib, yana boshqa kosaga nisholda toʻldirtirib bergan bobo haqidagi xotiralardir.

“Birpasda tugab qoldi-ya roʻza”, deb koʻzyosh toʻkayotgan buvisini koʻrib: “Ertaga hayit boʻladigan kunda ham yigʻlaydimi?” deya oʻylanayotgan kichkintoy koʻzidagi hayratdir Ramazon.

Kattalarning murgʻak koʻngil ishtiyoqini soʻndirmaslik uchun “Yosh bolalar roʻzani ikkiga boʻlib tutadi”, degan gaplari sabab tushda qornini toʻygʻazib, iftor paytida hamma bilan birga ogʻiz ochayotgan kichkintoy qalbida koʻz ochgan ibodatga muhabbatdir.

Iftorlik dasturxoniga tayyorlangan taomlarning yoqimli isi dimogʻini qitiqlasa ham, bobosi gapiga kirib odob saqlab oʻtirgan bolakayda shakllanayotgan sabr koʻnikmasidir Ramazon.

Bir oy davomida iftorlikka tansiqroq narsa pishirish uchun erinmay supra ochadigan onasi, opalari qavatida kichkina joʻvasida jiddiyat bilan somsaga xamir yoyayotgan qizchaning urinishlaridir.

Qadr kechasi uxlamay chiqish yaxshiligini oʻzicha tushunib, ertalabgacha oʻtirishga qaror qilgan, biroq iftordan keyinoq uxlab qolgan, tong otganida uygʻonib oʻksinayotgan sabiyni quchib tasalli berayotgan onaning jonga malham soʻzlaridir Ramazon.

Bobosi, dadasi, amaki-togʻasi, akalari bergan hayitlik pullariga orzu qilgan qoʻgʻirchogʻini olish uchun shoshayotgan, egnidagi yangi atlas koʻylagining shitirlashiga quvonib chopayotgan qizaloqning shodliklaridir...

Aslida shular emasmi hali juda kichkinaligimizdan murgʻak koʻngillarimizda Ramazonga muhabbat uygʻotgan? Ana shu xotiralar emasmi bizga Ramazonni yanada aziz, yanada sevimli qilgan? Bobolarimiz, buvilarimiz, ota-onalarimiz, yoshi ulugʻlarimizning eng katta xizmatlaridan bittasi shu ekani rost-ku!

Endi oʻzimiz ham kattalar qatoridamiz. Farzandlarimiz qalbida Ramazonga, roʻzaga ishtiyoq, muhabbat, shavqni shakllantirish, ular yodida eng goʻzal xotiralarni qoldirish bizning zimmamizda. “Buning uchun unday qilishimiz kerak, bunday qilmogʻimiz lozim”, deyishga esa hojat yoʻq. Bolaligimiz Ramazonlari bilan bogʻliq xotiralarni, kattalarning xatti-harakatlarini eslasak, kifoya.

Ramazonni hurmatiga munosib oʻtkazish, jajji koʻngillarda bu oy bilan bogʻliq eng goʻzal taassurotlarni qoldirish barchamizga nasib qilsin!

Zumrad Foziljon qizi

Mavzuga aloqador