AQSh hukumatining milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Oq uy maʻʻmuriyati Gʻazoda Isroil tomonidan genotsidga yoʻl qoʻyilgani dalillarini koʻrmayotganini maʻʻlum qildi. Bu haqda AQSh hukumati manbasiga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi. https://www.reuters.com/world/us/white-house-we-do-not-believe-genocide-is-occurring-gaza-2024-05-13/
 
Sallivanga koʻra, Qoʻshma Shtatlar HAMASning magʻlub boʻlishini koʻrishni istaydi. Vashingtondagi hukumat rasmiysi, shuningdek, urush girdobida qolgan falastinliklar oʻta ogʻir sharoitda yashayotgani va Isroilning Rafahdagi yirik harbiy amaliyoti xato boʻlganini taʻʻkidlagan.
 
“Biz Gʻazoda sodir boʻlayotgan voqealar genotsid ekanligiga ishonmaymiz. Biz bu daʻʻvoni qatʻʻiy rad etib kelganmiz”, — degan Jeyk Sallivan Oq uyda jurnalistlarga.
 
Xavfsizlik boʻyicha maslahatchi isroillik koʻchmanchilarning Gʻazo shimolidagi Erez oʻtish joyi tomon harakatlanayotgan insonparvarlik yordam karvoniga hujum qilgani haqidagi xabarlardan xavotir bildirgan. Bir haftadan kamroq vaqt ichida ikkinchi bor bunday hodisa roʻy berishi vaziyatni nihoyatda ogʻirlashtirishi mumkinligini bildirgan.
 
Jeyk Sallivan aytishicha, AQSh prezidenti Bayden Isroil etakchisi Benʻyamin Netanyaxuning urushga yondashuviga taʻʻsir oʻtkazishga uringan. Biroq mamlakat oliy rasmiylari Isroil suveren, demokratik davlat ekanligini taʻʻkidlab, pirovardida qarorni uning oʻzi qabul qilishi kerakligini talab qilishmoqda.
 
“Isroil bosh vaziri bizga javob berishi shart emas. U Isroil xalqi oldida javob berishi kerak”, — degan Sallivan.

Mavzuga aloqador