24.01.2024 18:05

Rossiya Ukrainada gʻalaba qozonsa, nima boʻladi?

Rossiya Ukrainada gʻalaba qozonsa, nima boʻladi? Navbatdagi oʻlja kim?

Oq ayiqning navbatdagi yurishi Evropagami, Markaziy Osiyogami?

Shu kunlarda dunyo matbuotida AQSh va Evropa Ittifoqining jami  100 milliard dollardan ziyod yangi yordamlarni ajratishga shoshilmayotgani haqidagi xabarlar fonida Ukrainaning 2024 yil mobaynida Rossiyadan engilishi haqida maʻʻlumotlar paydo boʻlmoqda. Hatto hozirdanoq Prezident Vladimir Putinning navbatdagi oʻljasi kim boʻlishi borasida taxminlar aytilyapti. Aslida xulosa chiqarishga hali erta. Ammo urushda Rossiyaning qoʻli baland kelsa, “oq ayiq” toʻxtamaydi. Ishtahasi ochiladi. Evropa va AQSh bugun oʻzi qoʻygan sanktsiyalar tuzogʻiga oʻzi tushdi. Rossiyaning iqtisodiyoti esa urush tufayli kutilmaganda oʻsish yoʻliga oʻtgan, hatto dunyoning beshinchi iqtisodiyotiga aylandi. Aytish kerakki, Rossiya Ukrainaning bosib olingan hududlaridagi 12 trillion dollarlik koʻchmas mulklarga Atom elektrostantsiyalari, GESlar, katta-kichik zavodlar, korxonalarga ham ega chiqdi. Hatto Ukrainani Qora dengiz va Azovdan, Kechr boʻgʻozidan ayirib, deyarli quruqlik mamlakatiga aylantirib qoʻydi. Eʻʻtibor bering, Rossiya Federatsiyasi birinchi navbatda Ukrainaning Azov dengizi va Kerch boʻgʻozi qirgʻogʻidagi hududlariga bostirib kirdi. Navbat Qora dengiz sohillaridagi Odessaga ham kelishi mumkin. Bu viloyat bosib olinsa, Moldovaning Dnestrboʻyidagi isyonkor respublikasiga quruqlik orqali chiqa oladi. Urushda Rossiyaning engilishi uning parchalanishini anglatadi. Ukrainaning magʻlubiyati esa Ukrainani parchalaydi va uning hududida Novorossiya degan tuzilmaning paydo boʻlishi Rossiyaning superderjava maqomi tiklanishiga imkon beradi. AQShlik taniqli siyosatshunos Zbignev Bjezinskiy oʻzining “Buyuk shaxmat taxtasi” asarida yozganidek: «Ukrainasiz Rossiya Evroosiyo imperiyasi boʻlolmaydi. Rossiya Ukrainasiz ham imperatorlik maqomi uchun kurasha oladi, ammo u keyin asosan Osiyoning imperator davlatiga aylanadi va katta ehtimol bilan rivojlanayotgan Markaziy Osiyo bilan zaiflashuvchi mojarolarga aralashadi. Agar bu amalga oshsa, oʻz kuchini yoʻqotganidan afsuslangan boʻlardi». Qolaversa, Evroosiyo qitʻʻasida kim hukmron boʻlsa, oʻsha butun dunyoni boshqaradi, degan gʻoya bor. Yaʻʻni bu erda AQShning qanday rol oʻynashi, qaysi shaxmat donalari bilan muloqot yuritishi va mintaqadagi dushmanlariga qarshi qanday siyosat yuritishi ochiq bayon etilgan. Zbignev Bjezinskiy Evroosiyo qitʻʻasini dunyodagi eng strategik ahamiyatga ega boʻlgan hudud sifatida tasvirlaydi. Bu mintaqa shu darajada kengki, uni bitta davlat nazorat qila olmaydi. Evroosiyoning sarhadlari ulkan va bu qitʻʻada eng katta hududga ega boʻlgan davlat – Rossiya. Amerikaning maqsadi – Rossiyani parchalash. Shuning uchun rus-ukrain mojarosida Kievga katta pul tikkan. Ammo Ukrainani asl holatiga qaytarib olish rejasi baribir rus siyosatchilarining xayolidan ketmaydi.  Ukrainaning mustaqilligi Rossiyani Qora dengizdagi ustuvorlik holatidan ham mahrum etardi. Shuning uchun buyuk Rus davlatini qurish orzusidagi Putin Ukrainaga bosqin boshladi.  Bjezinskiy «AQSh Shimoliy Evropada Ukraina, Kavkazda Ozarboyjon, Markaziy Osiyoda Oʻzbekiston bilan yaqin hamkorlik qilishi kerak. Chunki bu davlatlar Rossiyadan mustaqil geosiyosat yuritishga koʻproq harakat qiladi», degan gʻoyani ilgari suradi. Bu holat goʻyo Rossiyaga signal berayotgandek tassurot uygʻotadi. Natijada Rossiya Ozarbayjonni oʻziga qaratish va Gʻarb bilan uning munosabatlarini keskinlashtirish maqsadida Qorabogʻni Bokuga qaytarishda yordam qildi. Yordami esa urushda teskari qarab turish va Armanistonga zamonaviy qurol-yarogʻ bermaslik boʻldi. Qorabogʻdagi S–300 zenit raketalarini ham harakatsiz holga keltirdi. Vaholanki, ayrim siyosatdonlar Rossiyaning Ozarboyjon va Armanistonni kelishtirishga qaratilgan siyosati tanazzulga yuz tutdi, deb hisoblamoqda. Hozir Armaniston Rossiya bilan emas, Gʻarb davlatlari bilan yaqinlashmoqda. Yaʻʻni Kavkazda ham Rossiyaning mavqei pasayib ketdi. Endi Markaziy Osiyodagi kalit davlatlarga boʻlgan eʻʻtibor borgan sari kuchayib boraveradi, degan qarashlar bor. Aslida Rossiya Shushada qoʻshin joylashtirmadimi? Ozarboyjon ham rus qoʻshinlarining mintaqada qolishiga rozi. Shushada Turkiyaning atigi 70 nafar qurolsiz harbiysi bor, xolos. Rossiyaning 2500 nafar askari mavjud, kamiga butun Yaqin Sharq va Fors koʻrfazini nazoratda ushlash uchun Shushaga radiolokatsion qurilmalarini olib kelyapti.

Oʻzbekiston ham Rossiyadan uzoqlashib ketolmaydi. Eng katta savdo hamkori va eng katta investori Rossiya hisoblanadi. Boz ustiga, tabiiy gaz etkazib berishni boshlagan Moskva Toshkentni har tomonlama bogʻlab oldi. Qozogʻiston esa Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodi sanaladi, tabiiy energiya zaxiralariga boy va mintaqaning Rossiyaga chegaradosh yagona davlati. Chegaralar uzunligi 75 ming kvadrat kilometr. Kremlning soʻnggi yillarda kuchayib borayotgan imperialistik ambitsiyalari fonida aynan Qozogʻiston Putin va Rossiyaning boshqa mashhur siyosatchilari nomini eng koʻp tilga olayotgan davlatlardan biri ekani ayon boʻladi. Qolaversa, Rossiya tomonidan eri, davlatchiligi qayta-qayta oshkora savol ostiga olingan postsovet davlati ham Qozogʻistondir. Rasmiy Ostonaning Ukraina, uning ayirmachi va ishgʻol ostidagi hududlari mustaqilligi, anneksiyasi yuzasidan Rossiya mavqeiga zid chiqishlari esa ikki oʻrtadagi dahanaki jangni yanada qizitdi. Ammo bu chiqishlar yuzaki, deb oʻylayman. Prezident Qosim-Joʻmart Toʻqaev barcha chiqishlarida Rossiya Federatsiyasini oʻzining eng yaqin ittifoqchisi, strategik hamkori va usiz dunyo muammolari hal boʻlmaydigan davlat sifatida eʻʻtirof etmoqda. 2022 yilgi tartibsizliklarga aylanib ketgan ommaviy namoyishlar manzarasida aynan Qozogʻiston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti butun faoliyati davomida ilk va hozircha soʻnggi bor oʻzining harbiy kontingentidan foydalangan, prezident Qosim-Joʻmart Toʻqaevning soʻrovi bilan u erga tinchlikni saqlash kuchlarini yuborgan davlat boʻladi.

Qozogʻiston prezidenti Rossiyaning hududiy daʻʻvolaridan qoʻrqmasliklarini bildirdi. Qosim-Joʻmart Toʻqaevning aytishicha, Qozogʻiston va Rossiya oʻrtasidagi chegara oʻz vaqtida delimitatsiya va salmoqli darajada demarkatsiya qilingan, bu ikki davlat parlamentlari tomonidan tasdiqlangan va ratifikatsiya qilingan. “Shuning uchun bizda Rossiya tomonidan hududiy daʻʻvolar boʻyicha hech qanday xavotir yoʻq”, deya bayon etgan edi Qozogʻiston prezidenti. Qosim-Joʻmart Toʻqaevning aytishicha, Rossiya bilan ikki tomonlama asosda, shuningdek, tegishli integratsiya birlashmalari doirasida muntazam doʻstona aloqalarini davom ettirishadi.

Boya taʻʻkidlaganimizdek, Evroosiyo ulkan hudud va uni bir aktor boshqarolmaydi. Shuning uchun Rossiya va Xitoy mintaqadagi taʻʻsirni ushlab turish, AQSh va Evropa ustunligiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida kelishuvga erishdi. Shu bilan bir qatorda, oʻzlarining qoʻshma bayonotlarida Markaziy Osiyo “suvereniteti va milliy taraqqiyotini taʻʻminlashda qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻzaro muvofiqlashtirishni kuchaytirishga tayyor” ekanliklarini taʻʻkidlashgan. “Rangli inqiloblar”ni import qilishga urinishlar va mintaqa ishlariga tashqi aralashuvni qabul qilmasliklari”ga ham urgʻu berishgan.

Tarixdan Markaziy Osiyo imperiyalarning qiziqish markazi boʻlib kelgan. Bu kelajakda ham davom etadi. Ayniqsa, hozir kuchayib bormoqda. Menimcha, bu vaziyatda Markaziy Osiyo davlatlariga xavf bilan birga imkoniyat ham shakllanmoqda. Yaʻʻni Markaziy Osiyo mamlakatlarining integratsiyasi uchun ham sharoit vujudga kelmoqda. Ammo hozircha bu imkoniyatdan ular foydalana olishmaydi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston ittifoqchi sanalsa-da, zimdan raqobat bor. Tojikiston va Qirgʻiziston oʻrtasida tez-tez janjal boʻlib turadi. Rossiya panjasi hali baquvvat. Ukraina urushi ruslar gʻalabasi bilan tugasa, dastlabki bosqichda “oq ayiq” Rossiya va Belarus ittifoqiga boshqa sobiq sovet respublikalarini majburlab qoʻshib oladi. Kuchga toʻlgandan keyin ularni muxtoriyat sifatida qoʻshib olishga kirishadi. Bugun rus shovinist siyosatchilari berayotgan bayonotlardan shuni anglash mumkin.

Ochigʻini aytganda, Rossiyaning Ukrainadagi gʻalabasi butun dunyoda seziladi, chunki AQSh hamkorlari va ittifoqchilari Vashington mudofaa vaʻʻdalarining ishonchli ekanidan shubhalanishni boshlashi mumkin. Boltiqboʻyi davlatlarida rasmiylar Ukrainada Rossiya harbiy kuchlari magʻlubiyatga uchramasligi ehtimoli tufayli jamoatchilikni navbatdagi urushga tayyor boʻlishga chaqirmoqda. AQSh prezidenti Jo Baydenning ishonchli bayonotlariga qaramay, AQSh va boshqa ittifoqchilar bir paytlar Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan davlatlarni himoya qilish uchun oʻz qoʻshinlarini haqiqatan ham xavf ostiga qoʻyadimi, degan savollar ortib bormoqda.  Bundan tashqari, Donald Tramp kelasi yilgi prezidentlik saylovlarida gʻalaba qozonishi va yirik alyanslardan, jumladan, NATOdan chiqish hamda Putin bilan Ukraina boʻyicha kelishuvga erishish haqidagi ochiq vaʻʻdalarini bajarishi mumkinligi hali hisobga olinmagan. Rossiya gʻalabasi Evropa Ittifoqiga yoʻl oladigan qochqinlar oqimini keltirib chiqaradi, bu mamlakatlarda ijtimoiy xizmatlarga bosim kuchayadi va Evropa Ittifoqi aʻʻzolari oʻrtasidagi ziddiyatni keskinlashtiradi. Rossiya qoʻshinlari Polsha, Slovakiya, Vengriya va Ruminiya chegaralariga potentsial jihatdan ancha yaqinroq keladi, Qrim esa Kremlga Qora dengizda hukmron mavqeni taqdim etadi, AQSh ishonchli tiyib turuvchi kuch yaratish uchun oʻzining Evropa kuchlariga katta sarmoya kiritishi kerak boʻladi.

Vladimir Putin urushda muvaffaqiyat qozonsa, navbat Boltiqboʻyi davlatlariga kelishi mumkin. Litva, Latviya, Estoniya NATOning Rossiyaga qoʻshni boʻlgan aʻʻzolaridan. Rossiya prezidenti anʻʻanaviy urush bilan cheklanmaydi. Gʻarbga qarshi kiberhujumlar yoki dezinformatsion kampaniyalarda koʻpincha Moskva ayblanadi.  NATOning boshqa barcha aʻʻzolari, jumladan yadroviy kuchlar AQSh, Buyuk Britaniya va Frantsiya ularga yordam berishi mumkin. Ammo buning hech qanday kafolati yoʻq, oxir-oqibat qanday javob qaytarish har bir davlatning oʻziga bogʻliq boʻlib qoladi. Bu esa etnik ruslar koʻp boʻlgan Latviya kabi Rossiya bilan chegaradosh davlatlarni asabiylashtirishi tabiiy. Latviyaning ikkinchi shahri Daugavpils Belarusdan 25, Rossiyadan 120 kilometr uzoqlikda joylashgan. U erda yashovchi har oʻn kishidan sakkiztasi oilasida rus tilida gaplashadi. Aksariyati Latviyadagi rus tiliga ixtisoslashgan maktablarda oʻqigan. Ular anʻʻanaga koʻra yangiliklarni Rossiya televideniesi, radiosi yoki yangiliklar saytlaridan oladi. Latviya Vladimir Putinning bu erda etnik ruslarni goʻyo “qutqarish” ga urinishi mumkinligidan xavotirda. Chunki bu narsa Rossiya qurolli guruhlarining 2014 yilda Rossiya chegarasi yaqinidagi Donbass viloyatining bir qismini egallab olishi uchun bahonalaridan biri boʻlgan. Latviya hukumati etnik ruslarni rus propagandasidan uzib qoʻyishga urinib, Rossiya telekanallarini taqiqladi. Shuningdek, rus tilidagi taʻʻlimga chek qoʻydi. Sovet davridan qolgan obidalar buzib tashlandi. Ammo Latviyada juda ogʻriqli nozik chiziqlar bor. Yangi siyosat etnik ruslarning integratsiyalashuvini yaxshilashga qaratilgan, biroq tanqidchilar buni fuqarolarni hukumatning gʻarbparast qarashlarini qabul qilishga majburlashga urinish, deyishadi. Ular bu holat koʻplab etnik ruslarning butunlay begonalashishiga olib keladi, va hatto, Vladimir Putinga xayrixoh qilib qoʻyadi, deb ogohlantirmoqda.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, hamma gap urushning yakunida qolgan. Mabodo Rossiya gʻalaba qozonsa, Ukrainani istilo qilsa, bu uning kuchiga kuch qoʻshadi. Xohlasa, Boltiqboʻyiga ruslarni himoya qilish bahonasida kiradi. Yoki Kavkaz va Markaziy Osiyoda hukmronlik oʻrnatishga kirishadi. Hozir esa bu ishlarni amalga oshirgani insoniy resurslar etishmayapti.

Mavzuga aloqador