26.03.2025 16:23

QADR KEChASI...



Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:

"تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْوِتْرِ مِنَ الْعَشْرِ الْأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ"

(رَوَاهُ الشَّيْخَانِ عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا)

yaъni: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi oʻn kunligini toq kechalaridan izlanglar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Qadr kechasi haqidagi dalillarni oʻrganib chiqqan ulamolarimiz Ramazonning yigirma ettinchi kechasi (yigirma oltinchidan yigirma ettinchiga oʻtar kechasi)ni Qadr kechasi ekaniga baъzi ishoralar borligini bayon qilganlar. Shuningdek, Qadr surasining tafsirida ham qadrning yigirma ettinchi kechada ekaniga engil ishoralar borligini aytganlar. Masalan, Qadr surasida “Laylatul Qadr” kalimasi uch bora qaytarilgan. Aslida arab tili fasohati qoidasiga koʻra bunday vaziyatda zamirlar (olmoshlar) ishlatilishi kerak edi. Lekin Qurъoni karim biz bilgan har qanday nisbiy  qonuniyatlardan ustun turadi. Buni bilgan ulamolar aynan ushbu “Laylatul Qadr” kalimasining uch marta qaytarilishi bejiz emas, deyishib, undan ayrim ishoralarni chiqarib oldilar: Arab yozuvida “Laylatul Qadr” kalimasi toʻqqiz harfdan iborat. Uning uch marta qaytarilishi esa bu harflarning yigʻindisi yigirma ettiga teng ekanini bildiradi. Bu bilan Qadr kechasi yigirma ettinchi kechada ekaniga ishora boʻlmoqda, deydilar.

Yana bundan tashqari ushbu sura oʻttizta kalimadan tashkil topgan. Bu kalimalarning yigirma ettinchisi “هِيَ ” yaъni “U” olmoshidir. Ushbu olmoshdan “Laylatul Qadr” iroda qilingan. Demak, bu oʻrinda ham Qadr kechasining yigirma ettinchi kechada ekaniga engil ishora bor deyilgan.

Shunday ekan, musulmon kishi ramazon oyining oxirgi oʻn kunida jiddi-jahd bilan ibodat qilishi, xususan 27 kechada esa boshqa kunga nisbatan yanada shijoat ila ibodatga berilmogʻi kerak boʻladi. Shoyad, Alloh taolo oʻzining keng rahmati ila ming oydan yaxshiroq boʻlgan kechani topishga barchamizni muvaffaq qilsa!

Oysha raziyallohu anho onamiz “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq boʻlsam nima deb duo qilay?” deb soʻraganlarida Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

"اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي"

(رواه الامَامُ الترمذى عن عائشةَ رضِيَ اللهُ عنها)

yaъni: “Siz: “Allohumma innaka ъafuvvun, tuhibbul ъafva faъfu ъanniy”, yaъni, “Yo Alloh, albatta, Sen kechiruvchisan, kechirishni yaxshi koʻrasan. Meni (gunohlarimni) kechirgin” deb ayting”, – dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Shunday ekan, bu kechada roʻzador bedor boʻlib, ahli ayolini ham, yoru doʻstlarni ham savobli ishlarga chorlashi maqsadga muvofiq. Alloh taolo oʻsha kechaning barakotidan ming oylik ibodatning ajru savobidan koʻra yaxshiroq ajru savob berishidan umidvor boʻlishi kerak.

Qadr kechasini nafl va qazo namozlar, zikru tasbihlar, Qurъon tilovati, kitobxonliklar kabi savobli amallar bilan oʻtkazishimiz kerak. Shuningdek, fursatdan foydalanib ibodatimiz soʻngida Alloh taologa duo-tazarrular qilib, Ramazon oyidan gunohlardan forigʻ boʻlib chiqishimiz va barcha ezgu maqsadlarimizga erishishimiz kabi hojatlarimiz hamda Alloh taolo yurtimizni tinch qilib, har xil balo-ofatlardan Oʻz hifzu himoyasida saqlashini Allohdan soʻrashimiz maqsadga muvofiq boʻladi.

Mavzuga aloqador