05.10.2025 13:39
462
OAVdagi “zilzila”: Amerikada media dunyosida qattiq toʻlqin
Taker Karlson - Amerika ommaviy axborot vositalaridagi eng mashhur va taъsirli jurnalist, avvallari “Isroil tarafdori” deb hisoblangan shaxs yaqinda AQSh siyosiy va media muhitiga haqiqiy “bomba” tashladi.
U millionlab tomoshabinlar koʻrgan jonli efirda ilgari hech kim aytmagan gapni ochiqchasiga aytdi:
“Xudo tanlagan xalq degan narsa yoʻq. Xudo bolalarni oʻldiradiganlarni tanlamaydi. Bu - bidъat. Ular - jinoyatchilar va oʻgʻrilardir.”
Bu soʻzlar Amerika media sahnasini larzaga keltirdi. Gazeta va onlayn platformalar uning ustidan hujum bilan toʻldi: kimdir uni “nafrat tarqatishda”, boshqalar esa “auditoriyaga yoqish uchun populizmda” aybladi. Ammo aslida Karlson Amerika jamiyatida yillar davomida “taъqiqlangan savol”ni tilga oldi, yaъni AQSh OAVi qachongacha bir yoʻnalishdagi siyosiy safsatalar asiri boʻlib qoladi?
🕍 «Ester loyihasi» va puli toʻlangan inflyuenserlar
Karlsonning bunday “oʻzgarishi” havodan paydo boʻlmadi. Soʻnggi haftalarda jamoatchilikka oshkor boʻlgan rasmiy hujjatlar shuni koʻrsatdiki, Isroil Tashqi ishlar vazirligi dunyo boʻylab, xususan, AQShda — ijtimoiy tarmoqlarda Isroilni oqlaydigan kontent uchun bloger va inflyuenserlarga pul toʻlab kelgan.
AQSh Adliya vazirligiga (FARA qonuniga binoan) taqdim etilgan hujjatlarga koʻra, Isroil tashqi ishlar vazirligi “Ester loyihasi” deb nomlangan media kampaniyaga taxminan 900 ming dollar sarflagan.
Bu kampaniya orqali Instagram, TikTok va boshqa platformalarda inflyuenserlarga har bir post uchun 7000 dollargacha haq toʻlangan. Kontentning asosiy vazifasi — Isroilni “qurbon” yoki “madaniy namuna” sifatida koʻrsatish boʻlgan.
Loyihaning “Ester” deb nomlanishi ham bejiz emas: bu nom qadimgi diniy qissasdagi ayol obrazidan kelib chiqqan boʻlib, u fors podshohining qarorini oʻz xalqi foydasiga oʻzgartirgan. Zamonaviy siyosiy ongda “Ester” Isroilning “muloyim taъsir” simvoli hisoblanadi, yaъni, qurolsiz, ommaviy axborot vositalari orqali ongga taъsir etish salohiyati.
📺 Karlsonning burilishi
Taker Karlson bir paytlar Isroilni qattiq himoya qilgan shaxslardan boʻlgan. Bugun Gʻazo erlarida boʻlayotgan fojialarni koʻrgach, oʻz pozitsiyasini keskin qayta koʻrib chiqdi.
U vayron boʻlgan shifoxonalar, qulagan uylar ostida qolgan bolalar suratlarini koʻrgach, shunday dedi:
“Bolalarni oʻldiradigan kishi Xudo tomonidan tanlangan boʻlishi mumkin emas.”
Uning bu gaplari nafaqat Isroil siyosatini, balki uni qoʻllab-quvvatlayotgan amerikalik jurnalistlarni ham qattiq tanqid qildi.
“Jinoyatlarni oqlayotgan jurnalistlar — oʻsha jinoyatlarning sherigidir,” — dedi u.
Bu bayonotlar Amerika media tizimi uchun haqiqiy “shok toʻlqini” boʻldi. Ungacha OAV jamoat ongini nazorat qilishda mutlaq hukmron deb hisoblangandi.
Ammo hozir vaziyat oʻzgardi:
Gʻazodagi voqealarning haqiqiy tasvirlari va mustaqil jurnalistlar chiqargan materiallar orqali odamlar endi propaganda ortidagi haqiqatni koʻra boshladi.
🌍 “Ester loyihasi” va Karlsonning soʻzlari bir xil nuqtada tutashdi
Taker Karlsonning jonli efirda aytgan soʻzlari aynan “Ester loyihasi” fosh boʻlgan paytga toʻgʻri keldi. Endi AQSh va Gʻarbda muhim savol qoʻyilmoqda:
Gʻarbdagi Isroilga boʻlgan qoʻllab-quvvatlash chindan ishonchlimi yoki pul bilan shakllantirilgan sunъiy hamdardlikmi?
Karlsonning soʻzlari bir lahzali fikr emas - bu Gʻarb axborot tizimidagi ideologik zilzila boʻldi.
Eng mashhur amerikalik diktor “Xudo tanlagan xalq degan narsa yoʻq” deb aytganida, bu nafaqat diniy, balki siyosiy mifning ham emirilishini bildirdi.
Bu voqea Gʻarb ongidagi burilish nuqtasi boʻlishi mumkin: endi haqiqat nafaqat “qarshilardan”, balki oʻsha tizimning ichidagi insonlardan chiqmoqda.
Ehtimol, tarixda shunday deya qayd etilar: bu lahza - yolgʻon va sunъiy rivoyatlarning qulashi va haqiqatning yuzaga chiqishining boshlanishi boʻlgan.
Muallif: Wahid Othman
Ilhomiddin Sayyid Alim tayyorladi.



