“Hayotga qarashingni oʻzgartir”: Odamlar nima uchun deist boʻladi? (+video)
Bugun – bilim, maʻʻlumot koʻpaydi, ilm olish imkoniyatlari chek-chegara bilmay qoldi. Biroq ilm-fan taraqqiy etgani sari ruhiy tanazzul, insoniylikdan, yaratilish mazmun-mohiyatidan uzoqlashish, hissiy va qalbiy haqiqatlarni aql va mantiq bilan inkor etish ham kuchaydi. Ana shunday inkorchilar orasida deistlar ming yillar davomida haqligini millionlab bor isbotlagan haqiqatlarni rad etishni boshladi. Ushbu izlanishimizda ularni fosh qilish, oʻzlarining usullari, aql va mantiq yoʻli bilan inkor etishni maqsad qildik. Ikkinchi qism – odamlar nima uchun deist boʻlishlari haqida.
Kishi nega deist boʻladi? Nima uchun paygʻambarlar va kitoblarni
inkor qiladi? Bu inkor biror dalilga tayanadimi yoki boshqa sababi bormi?
Hozirgi videoda shu savollarga javob beramiz. Buni deist
bilan suhbat koʻrinishida namoyish qilamiz. Suhbatdoshimizdan soʻraymiz:
– Alloh paygʻambar va kitob yubormaganini qaerdan bilasan?
Yoʻqsa, Alloh tajalli qilib, senga koʻrindiyu, “Men paygʻambar va kitob yubormadim”,
dedimi? Har qalay, bunday boʻlishi mumkin emas. Unda sen Allohning biror
paygʻambar yubormaganini qaerdan bilasan? Tabiiyki, inkoring dalilga
asoslanmagan. Endi esa senga deist boʻlishing sababini tushuntiramiz.
Har bir gunohda kufrga etaklaydigan yoʻl mavjud. Gunoh tavba
va istigʻfor bilan oʻchirilmasa, egasini kufrga olib boradi. Yaʻʻni bunday: avvalo
oʻzing gunohlarga koʻmilgan va haromlarga mubtalo boʻlgansan. Maʻʻsiyatdan
qutulolmayapsan. Gunohdan olayotgan naqd lazzatingni doʻzax haqidagi fikrlar yoʻqqa
chiqaradi. Gunohingdan endi zavqlanayotganingda xayolingga qabr azobi, jahannam
qiynogʻi va hisob-kitob keladi. Ana oʻsha onda doʻzax boʻlmasligini orzulab qolasan.
Shugina emas, jahannamning egasi – Alloh ham boʻlmasligini, istagancha gunoh
qilib, kayfu safo surishni istaysan.
Ayni shu tasavvurdan Allohni inkor qilish tuygʻusi va mayli
maydonga keladi. Oldiniga Allohni inkor etishni xohlaysan. Biroq bunday
qilolmaysan. Chunki harf kotibsiz, igna ustasiz va tashkilot boshqaruvchisiz
boʻlmasligi, boʻlolmasligini bilasan. Shunday ekan, butun boshli olam ustasiz,
egasiz va sultonsiz boʻlishi mumkinmi? Mukammal bu borliqlar oʻzidan oʻzi yaralib
qolganmi? Koinotdagi nuqsonsiz nizomni tasodif deya olamizmi?
Bular haqida sen ham oʻylaysan va xuddi shu sababli Allohni
inkor qilolmaysan. Ayni paytda U Zotning buyruqlariga boʻysunish ogʻir keladi. Bu
safar oʻz-oʻzingga deysanki: “Yaratuvchi boʻlsin, mayli, ammo amr va qaytariqlari
boʻlmasin. Hamma narsa erkin va halol boʻlsin. Hisob va azob boʻlmasin”.
Buyruq va qaytariqlar boʻlmasligi uchun esa paygʻambarlar va
kitoblar boʻlmasligi kerak. Mana shu qarash seni paygʻambarlar va kitoblarni inkor
qilishga undaydi. Oʻylaysanki, inkor qalqoni ortida ham gunohlarni bemalol
qilasan, ham Allohga ishonch soyasida kimsasizlik va egasizlikdan qutulib, bir
navi huzurga erishasan. Yaʻʻni birorta buyruq senga tegishli emas, istaganingcha
gunoh qilishing mumkin, lekin boshingga ish tushsa, yordam soʻraydigan yaratuvching
mavjud.
Xulosa shuki, sen deistlikni tanlarkan, dalilga
asoslanmagansan. Doʻzaxdan qoʻrquv va u haqida oʻylashning naqd lazzatlaringni
yoʻqqa chiqarishi seni deistga aylantirdi. Seni deist qilgan nafsingning
hiylasidir.
Holbuki, quyidagicha fikr yuritsang, botil eʻʻtiqodingdan
darhol voz kechasan: sen gunohkor boʻlsangu, ammo imon haqiqatlarini qabul
etsang, balki Alloh gunohlaringni kechirar. Hech qursa, maʻʻsiyatingga yarasha jazo
oʻtaganingdan soʻng jannatga kirarsan. Lekin agar bemalol gunoh qilish uchungina
imon haqiqatlarini inkor etsang, kofir sifatida dunyodan oʻtganing sababli
jahannamda abadiy qolasan, jannatning hidini ham hidlolmaysan.
Bu maqomda ekansan, senga nasihatimiz shuki: gunohlardan
qutulolmayapsanmi, Allohdan afv va hidoyat soʻra, panohiga sigʻin. Xotirjam gunoh
qilaman degan oʻy bilan aslo deist boʻlma. Yoʻqsa, oxirgi nafasingda shunday pushmon
chekasanki, bu holatning qanchalar ogʻirligini tasavvur ham qilolmaysan.