Hoshimjon uslubi: Oʻzim javob beraman!
– Gʻoʻza nobud boʻlsa, men javob beraman, agronom javob beradi, – deb baqirib yubordim toʻsatdan. – Shiraga qarshi kurashishning yangi metodi boʻladi bu. Tushundingmi? Zamondan orqada qolibsan, kallavaram…
Xudoyberdi Toʻxtaboev, “Sariq devni minib”.
Oʻzbekiston madaniy jihatdan Islom dunyosining ajralmas qismi hisoblanadi. Oʻzbek millatining qariyb barcha tarixiy yutuqlari Islom dini bilan bogʻliq. Islomsiz oʻzbek oʻzligini yoʻqotadi.
Islomning bugungi global miqyosda jonlanishi Oʻzbekistonda ham sezilmoqda. Bir tomondan xorijiy kuchlar, ikkinchi tomondan ichki siyosiy elita, har biri oʻz manfaatlaridan kelib chiqib, Islom dinining rivojlanishi, ilmiy tilda aytganda “diniy fonning ortishi” qay darajada mamlakat barqarorligini taʻʻminlashi yoki aksincha, siyosiy inqirozga etaklashi ehtimolini baholashga urinmoqda.
Jamiyat hayotida Islom dinining ahamiyati ortib borayotgani kelajakda siyosiy elitaga boʻlgan ishonch va uning barqarorligiga qanday taʻʻsir qiladi? Milliy davlatchilikni rivojlantirishda Islom dinining qaysi jihatlarini olish kerag-u, qaysi jihatlaridan voz kechish lozimligi siyosatchilarni oʻylantirmoqda. Aslida, dinning yarmini olib, yarmini olmaslik mumkin boʻlmasa-da, ular mavjud holatdan kelib chiqib, jarayonlarga aqliy yondoshmoqchi boʻlishyapti.
Dunyoviy davlatlarda Islom bilan qanday munosabat oʻrnatish kerak, degan savolga javob topish uchun davlat institutlari, nodavlat tashkilotlar, hatto mustaqil tadqiqotchilar tomonidan olib boriladigan har qanday mafkuraviy qarashlar va siyosiy kuchlarning taʻʻsiridan xoli boʻlgan ilmiy izlanishlarga ehtiyoj mavjud.
Ammo baʻʻzi idoralar, guvohi boʻlayotganimizdek, dinga oid siyosat yuritishda ilmiy yondashuvlarga asoslanib emas, balki “dehqoncha usul”dan foydalanmoqda. Masalan, dunyo sunʻʻiy intellekt, raqamli texnologiyalar, gumanoid robotlar kabi yuqori texnologiyalarni yaratgan, gibrid texnologik urushlar avj olgan va kundan-kun kiber tahdidlar kuchayib borayotgan bir paytda, mamlakatimizda diniy fonni kamaytirish uchun fuqarolarning nomusi va hissiyotlari inobatga olinmayapti. Dindorlar ichki ishlar organlariga olib borilib, erinmasdan soqoli qirtishlanishi, soʻng ularning avvalgi va keyingi suratlari allaqanday korchalonlarga fotohisobot koʻrinishida taqdim etilishi, xuddi “Sariq devni minib” asaridagi Hoshimjonning gʻoʻzaga tushgan shiraga qarshi kurashiga oʻxshaydi. Hoshimjon ham oʻshanda yangicha metodidan gʻururlanib, “men javob beraman”, degan edi. Ehtimol, ushbu usul ham shu tarzda oqlanayotgandir.
Xoʻsh, qahramonlarimizning sayʻʻ-harakatlari mintaqada dindorlar va davlat oʻrtasidagi munosabatlarning barqarorligiga xizmat qilyaptimi yoki yoʻqmi, buni tahlil qilaylik. Aniqrogʻi, Hoshimjon kabi diplomli, qoʻshtirnoq ichidagi mutaxassislarning yangicha metodlari davlat havfsizligini taʻʻminlashga qaratilganmi yoki davlatga nisbatan fuqarolarning noroziliklarini oshirishgami? Umuman olganda inson huquqlarini hisobga olmaslik siyosiy inqirozni keltirib chiqarmaydimi? Albatta bu savollarning javobi, kabinetlarda, “men javob beraman” deyish bilan emas, balki keng miqyosda fuqarolarni eshitish, ularning xohish-istaklari, qalbidagi hissiy kechinmalarni oʻrganish, aniqrogʻi ilmiy asoslangan ijtimoiy tadqiqotni olib borish bilan erishiladi.
Misol uchun, dunyoviy korruptsiya, iqtisodiy va gaz-svet kabi energetik muammolar Oʻzbekistonda diniy fonning ortishiga turtki boʻlgan. Tadqiqotchilarning taʻʻkidlashicha, davlat tashkilotlaridagi keng koʻlamli korruptsiya, mamlakatdagi iqtisodiy nochorlik fuqarolarda ijtimoiy norozilik kayfiyatini uygʻotib, qonunchilik, sud va ijro organlaridagi adolatsizliklar esa diniy va oxiratdagi adolatga boʻlgan umidni yanada kuchaytirgan. Bu esa har qanday radikal gʻoyalarning tarqalishi uchun qulay sharoitdir. Xalqaro ekspertlar mamlakatdagi iqtisodiy turgʻunlik, keng koʻlamli korruptsiya va hukumatning dindorlarga nisbatan murosasiz va kuchli bosimlari mamlakatda insonlarning radikallashuviga undashini taʻʻkidlashyapti. Bu omillar birlashib, fuqarolarda davlatga nisbatan ishonchsizlikni kuchaytiradi, buzgʻunchi gʻoyaga ega guruhlar uchun esa saflarini kengaytirish imkonini beradi.
Kuni kecha AQShning sobiq prezidenti Donalʻd Trampga nisbatan uyushtirilgan muvaffaqiyatsiz suiqasd ortidan, AQSh Maxfiy xizmati direktori Kimberli Chitl isteʻʻfoga chiqdi.
“Maxfiy xizmatning vazifasi mamlakatimizning yoʻlboshchilari va moliyaviy infratuzilmasini himoya qilishdan iborat. 13 iyulʻ (suiqasd) kuni biz bu vazifani uddalay olmadik. Tashkilot direktori sifatida, butun yomon havfsizlik uchun masʻʻuliyatni oʻz boʻynimga olaman”, – deya izohladi Chitl oʻz isteʻʻfosini.
Darhaqiqat, mamlakatning havfsizligi birinchi oʻrinda uning rahbariyatini, shuningdek, mamlakatning iqtisodiy, harbiy, texnologik sohalarini turli tahdidlardan himoya qilish, buning uchun eng ilgʻor echimlarni taklif qilish va uni amalga oshirish hisoblanadi.
Biroq, birorta zamonaviy tadqiqotlar, Hoshimjon uslubidan tashqari albatta, mamlakat xavfsizligi fuqarolarning soqolini oldirish orqali kafolatlanishini tasdiqlamagan, hozircha.
Aksincha, bunday xatti-harakatlar mamlakatimiz fuqarolarini davlat organlariga qarshi qayrab, mamlakatdagi iqtisodiy muammolar va korruptsion holatlar bilan birga yoshlarning radikal gʻoyalarga berilib ketishi, yurtimizda ichki vaziyatning yomonlashuviga olib kelishi mumkin. Ayni paytda bu borada alohida tadqiqotlar oʻtkazilishi va hayotga tatbiq etilishi joiz.