02.02.2024 18:10

Feministlarning Gʻazo imtihoni: ularning asl yuzi fosh boʻldi

Gʻazo feministlarni fosh qildi

 Dunyo boʻylab koʻpchilik singari men ham hissiy ezildim. Kunimning aksar qismini yangiliklarni tekshirish, fojia haqida oʻqish va Gʻazodagi poyonsiz urushning mangu yakunini orzu qilish bilan oʻtkazmoqdaman. Shuningdek men jismonan ham nihoyatda charchadim. Dam olish kunlarimni umidsiz xayollar surgancha piyoda yurish bilan oʻtkazyapman. Ehh, agarda aksar qismimiz doimiy ravishda koʻchalarga chiqib,  gapirganimizda edi, bizning umumiy ovozimiz rahbarlarimizni nihoyat doimiy oʻt ochishni toʻxtatishga chaqirishga undagan boʻlar edi, balki.

Jismoniy va hissiy charchoqlar oʻz yoʻliga. Bundan ham yomoni, Gʻazodagi ayollarning azob-uqubatlariga mutlaqo befarq koʻrinadigan oʻz mamlakatim — Birlashgan Qirollik hamda butun dunyodagi befarq feministlarga nisbatan gʻazab va adovatim kun sayin ortib bormoqda.

Men har kuni ijtimoiy tarmoqlarda feministlarning fikr-mulohazalari va postlariga duch kelaman. Ular oʻz postlarida Xamasning 7-oktabrdagi hujumi chogʻida isroillik ayollarga nisbatan qoʻpol xatti-harakatlari va undan keyin garovga olingan ayollarga nisbatan yomon  munosabatda boʻlganini daʻʻvo qilish bilan bandlar. Ushbu daʻʻvolar ortida biror asos bormi-yoʻqmi, bilmadim. Har holda, ayol-qizlarga ogʻir jinoyatlarni qoʻllash sira ham eʻʻtibordan chetda qoldirib, oqlab yoki unutib boʻlmaydigan ishdir.

Ammo ayni paytda, oʻzini feminist deb eʻʻlon qilgan bu shaxslar, Isroilning falastinlik ayollarga nisbatan xuddi shunday qoʻpol harakatlari haqida sukut saqlashmoqda.

Isroilning Gʻazoni yillardir qamalda tutishi va toʻgʻridan-toʻgʻri bombardimon qilishlari oʻn minglab falastinlik ayollar va bolalarni nobud qildi, mayib qildi va vayronalar ostida qoldirdi. Ular qishni uy-joy va taʻʻminot jihozlarisiz qarshi oldilar. Sogʻliqni saqlash tizimining deyarli toʻliq ishdan chiqishi, oziq-ovqat va toza suvning etishmasligi Gʻazodagi 45,000 homilador va 68,000 emizikli onalarning kamqonlik, qon ketish va oʻlim xavfiga duch kelganini anglatib turibdi. Ayni damda, bosib olingan Gʻarbiy Sohilda yuzlab falastinlik ayollar va bolalar hamon qamoqda boʻlib, koʻplari sudsiz, jirkanch sharoitlarda yashashga majbur etilmoqda.

Bu falokat oshkora bir tarzda oʻz davrini surmoqda, biroq Britaniyadagi va umuman Gʻarbdagi feministlarning koʻpchiligi bu haqda goʻyoki tildan qolgan, aytadigan gaplari yoʻqdek.

Nega falastinlik ayollarning musibati eʻʻtiborga olinmaydi? Nega falastinlik ayollar va bolalarning kurashlari teng darajada eʻʻtiborga loyiq emas, deb koʻrilmoqda? Borgan sari shunga amin boʻlyapmanki, bu shunchaki eʻʻtibor susayishi emas, balki koʻrib koʻrmaslikka olish boʻlib, u tuzatib boʻlmas darajada shikast etib boʻlgan axloqiy kompasning oqibati ekan.

Soʻnggi uch oy ichida men bu savollarni chuqur va jiddiy oʻyladim. Bir paytlar oʻzim hurmat qilgan mualliflarning koʻplab feministik kitob va maqolarlari mutolaasiga shoʻngʻidim, ularning feminizm haqidagi talqinini va unda nega falastinlik ayollarga oʻrin ajratilmasligini tushunishga urindim.

Borib-borib shu xulosaga keldimki, ularning olgʻa surayotgan feminizm falastinlik ayollarni birinchi navbatda Isroil yoki boshqa tashqi kuchlar tomonidan emas, balki falastinlik erkaklar tomonidan ezilgan, deb daʻʻvo qilar ekan. Ular nazdida falastinlik ayollar deyarli hech qanday vakolatga ega emas va ular gender zoʻravonligi avj olgan jamiyatning abadiy qurbonlari, goʻyo. Qolaversa, ularga koʻra falastinlik erkaklar, ayollarga zoʻravonlik va zulm qilish bilan nom qozongan chuqur patriarxal, diniy va ijtimoiy konservativ ruhdagi HAMAS kabi guruhlarning sinonimi ekan.

Aynan shuning uchun bunday qarash feministlarga Isroilning Gʻazoga hujumi falastinlik ayollarni “Hamas changalidan ozod qilishga” koʻmak beradi, degan daʻʻvolarini asoslash uchun yordam beradi va urushning falastinlik ayollarga etkazayotgan haqiqiy, jiddiy zararini mutlaqo eʻʻtiborsiz qoldiradi.

Mazkur yondashuv notoʻgʻri shakllangan tarixiy qarashlarning bir qismidir, yaʻʻni hamisha feminizmning ortiga yashirinuvchi mustamlakachilik va imperiyachilik maqsadlari shu kabi xurofiy qarashlar bilan xaspoʻshlanadi. Bu feministlar AQShning Afgʻonistonga bostirib kirishini qoʻllab-quvvatladilar, negaki u goʻyo "afgʻon ayollarini ozod etish"ni maqsad qilgan, ammo ular, masalan, Isroildagi chuqur patriarxal va radikal diniy jamoalarda yashovchi yahudiy ayollarni kuch bilan "ozod etish" haqida bahslashishni sira ham xayollariga keltira olmaydilar.

Feminizmning bu shaklida hamdardlik yoki gʻazab universal feministik tamoyillarga yoxud barcha ayollarga vakolat va imkoniyat berish istagiga emas, balki shaxsiy xususiyatlar va siyosiy qarashlarga tayanadi. Bunday feministiklar, ayniqsa musulmon, bugʻdoyrang erkaklarga qarshi kurashni birinchi planga chiqarishadi, bu esa ayollarni ozod qilish ritorikasini kuch-qudrat vakillarining maqsadini kengaytirish vositasiga aylantiradi. Bu, koʻpincha, mazlumlarni qurbon qilish evaziga amalga oshadi.

Aynan shu nuqtai nazardan, Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatish zarurligiga Gʻarb feminislarining sukut saqlashi nafaqat maʻʻnaviy, balki siyosiy tanazzulni ham ifoda etadi. Himoya bahonasida mahalliy xalqlarni tarixiy ezadigan mustamlakachi va imperiyachi kuchlar bilan oʻzaro bogʻlangan va til biriktirgan feminizm shakli shu tarzda davom etadi.

Bu sukunat zamonaviy "mustamlaka feminizmi"ning ramzi boʻlib, bu erda "ozod etiluvchi ayollar" ritorikasi chuqurroq zoʻravonlik harakatlarini koʻzdan panalaydi. Bu yordam niqobi ostidagi bosqin va ishgʻollarni oqlab, falastinlik ayollarni shunchaki qutqarishga muhtoj qurbonlar sifatida koʻrsatib, ayni paytda ularning qarshilik koʻrsatish huquqini inkor etadi. Xulosa qilib aytganda, Gʻarb feministlarining bir yoqlama empatiyasi zoʻravonlik charxpalagini davomli aylantirib turuvchi tuzilmalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ularning vazifasi barcha ayollar va zaif qatlamning, kelib chiqishi yoki ijtimoiy sharoitlarining murakkabligidan qatʻʻi nazar, huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilib, geosiyosiy qarama-qarshiliklardan ustun turish edi.

Hamas va butun Falastin jamiyatining ayollarga nisbatan zulmiga ishora etuvchilardan tashqari, oʻt ochishni zudlik bilan toʻxtatish chaqiriqlarini maʻʻqullamaydigan feministlar ham bor. Ular bu qilmishlarini "neytrallik" yoki "murakkablik kompleksi" deb ataydilar. Ehtimol, aynan mazkur pozitsiya meni boshqalarga qaraganda koʻproq hayratda qoldiradi hamda gʻazabga soladi.

Gʻazoda yuz berayotgan bunday dahshat oldida betaraf boʻlib turishni oqlab boʻlmaydi, axir!

Bugungi kunda falastinlik ayollar insoniy va ayollik qadriyatlariga jiddiy tahdid soladigan dahshatlarni boshdan kechirmoqda. Onalar oʻz farzandlarini yalang qoʻl bilan koʻmmoqda; oilalar uylari vayron boʻlgani, hayoti barbod boʻlgani etmaganidek, doimiy ochlik va bomba yomgʻiri ostida oʻlim tahdididan aziyat chekmoqda.

 Bunday sharoitda sukunat neytral pozitsiya boʻlolmaydi! Bugungi sukunat davom etayotgan fojiani passiv maʻʻqullash bilan tengdir aslida. Ushbu ehtiyotkor va siyosiy jihatdan "neytral" feministlar oʻzlarida jasorat topib, oʻt ochishni toʻxtatishga chaqirishlari uchun yana qancha inson nobud boʻlishini kutish kerak? Halok boʻlayotganlar sonining ortib borishi shunchaki statistika emas; u shaxs hayotini, barbod kelajakni va feminizm asoslanadigan tamoyillarga nisbatan bevosita eʻʻtirozni paydo qiladi.

Bugungi kunda aytilmay qolgan haqiqatlar ham aytilganlari kabi katta ahamiyatga va taʻʻsirga egadir.

Koʻplab taniqli feministlar oʻzlarining gender, jins va jamiyat haqidagi doimiy nutqlarida, falastinlik ayollarning kurashlari haqida lom-mim demayaptilar. Ularning platformalari muhim masalalarni yoritishga qodir boʻlgani holda, boshqalarni chetga surib qoʻyishdek nozik kuchga ham egadir. Aksar hollarda yuqori darajadagi faollar va mashhurlarning gʻarblik boʻlmagan ayollar haqida yozish va gapirishni istamasligi sabab, ular duchor boʻlayotgan muammo va tashvishlar etibordan chetda qolayotganiga guvoh boʻlyapmiz.

Ushbu maxsus sukunat feministik birdamlikning oʻtimliligini shubha ostiga qoʻyadi. Xossatan, koʻpchilik intiladigan taniqli feministlarning sukut saqlashi ularni zulmga ayni sherikka aylantiradi. Falastinlik ayollar fojiasiga nisbatan sukut saqlash sizning muammongiz, albatta, biroq sukutingiz keng omma qarshisida shu qadar baland aks-sado bermoqdaki, sizning butun mehnatingiz, ishingiz odamlar oldida kun sayin oʻz qadri, qiymatini yoʻqotib bormoqda.

Agar siz falastinlik ayollarning azob-uqubatlari haqida soʻz ochmaydigan yoxud Gʻazoda zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish chaqiriqlarini maʻʻqullamaydigan "feministlar" toifasidan boʻlsangiz, mening sizdan bitta, juda oddiy talabim bor. Gʻazodan tarqalib turgan fotosuratlarga bir boqing. Balki siz ulardan koʻzingizni olib qocharsiz, ularni shunchaki targʻibot deya rad etarsiz lekin atigi bir soniyaga oʻz tarafkashligingizni va “aqlli” bahonalaringizni chetga surib, oʻsha suratlarga yaxshilab qarang. Murgʻaklarining jonsiz, qonga belangan jasadlarini koʻtarib turgan onalarning mungli koʻziga bir on nazar soling. Oyogʻi-qoʻllari uzilgan, etlari tanasidan ayrilgan, kasalxona pollarida yolgʻiz yotgan bolalar tasvirlariga nazar solib koʻring. Bomba tushgan uyining vayronalari ostida halok boʻlgan oila aʻʻzolarining qolgan-qutgan jasadlarini yigʻishga urinayotgan, motamsaro yosh ayollar tasvirlariga boqing. Ana oʻsha suratlarga bir qarasangiz, aminmanki, "hozir oʻt ochishni toʻxtatishni talab qilish toʻgʻri emas" degan oʻyingiz mutlaqo xato ekaniga amin boʻlasiz. Va bu tasvirlarni chindan koʻrganingizdan soʻng, siz hamon "neytral" boʻlishni, sukut saqlashni yoxud "islomiy zulm" haqida gapirishni istar ekansiz, unda oʻzingizni feminist deb atamay qoʻyavering!

 Maryam Aldossari,

Yaqin Sharqdagi Gender tengligi tadqiqotchisi