“Ozodlik”da kuni kecha shu mavzuda koʻrsatuv chiqdi. Albatta, ular mavzuni oʻzlarining maqsad-muddaolaridan kelib chiqib yoritishgan. Shuning uchun koʻrsatuvda madrasa tizimini zimdan qoralashga, kamsitishga urinish, mavjud vaziyatni achinarli, hatto tahlikali deb baholashga moyillik, rasmiylarning eʻʻtiborini jalb etishni koʻzlangani seziladi. Zero, Qirgʻizistonning yangi rahbariyati barcha sohalar qatori diniy sohani ham qatʻʻiy nazoratga olishni koʻzlayotgani sir emas. Buni mamlakatda 16 yoshgacha diniy taʻʻlim olishini taʻʻqiqlash masalasi koʻrib chiqilayotganidan ham bilish mumkin. Bu borada qoʻshnilaridan oʻrnak olishayotgan boʻlsa, ehtimol.

Koʻrsatuvda suhbatdosh boʻlgan Qirgʻiziston Din ishlari boʻyicha Komissiyasi sobiq boshligʻining madrasalar va diniy taʻʻlim borasidagi dahshatli fikrlaridan qoʻshnilardagi hamkasblari bilan “bitta maktab”da oʻqigani ayon boʻlib turibdi. Uning iddaosiga koʻra respublikada madrasalar soni haddan ziyod koʻp, aslida har bir viloyatda bittadan boʻlsa, etarli. Hozir u erlardagi taʻʻlim jarayoni nazorat qilinmaydi, bu esa aholining turli radikal oqimlarga aʻʻzo boʻlishini kuchaytiradi va hokazo. Tanish jumlalar, shundaymi? Yaxshiyamki, uning oʻrniga kelgan yosh mansabdorlarning fikrlashi tubdan farq qilar ekan. Biroq bu jihatdan katta aholiga ega qoʻshnilari ortda qolgan, ularda hamon oʻsha “eski, tanish qoʻshiq” aytilib yotibdi...

Koʻrsatuvdagi qoʻshilish mumkin boʻlgan mulohazalardan biri madrasalarda diniy taʻʻlim bilan birga dunyoviy fanlar ham oʻqitilishi kerakligi. Bu – toʻgʻri talab. Aslida bu yanglishlikning ildizi ilmni tasniflash borasidagi mezonlarning buzilishiga taqaladi. Avvalboshda ilm bu ilm edi, diniy va dunyoviyga ajratilmagandi. Faqat nomi bor edi: Kalom, mantiq, hadis, handasa, falakiyot, tib, kimyo kabi. Ilmning “bu diniy, mana bunisi dunyoviy” deya ikkiga boʻlinishi bilan musulmonlarning tanazzuli ham yuz bera boshladi.

Fikrimcha, hozir madrasalarda oʻqitiladigan fanlar baʻʻzaviy maʻʻlumotlar beradigan mohiyatda boʻlishi kerak. Bu taʻʻlim maskanlarida asosan, sogʻlom aqida, toʻgʻri fikr va uygʻoq vijdonni tarbiyalash muhim, ayniqsa, jamiyatshunoslik, tarix, siyosatshunoslik fanlari xolis yozilgan manbalar asosida, albatta, oʻqitilishi darkor. Aynan shu fanlar talabalarning sogʻlom islomiy tafakkur egalari boʻlishini taʻʻminlaydi.  Talaba qizlardan biri toʻgʻri taʻʻkidlaganidek, ayol-qizlar jamiyatning yarmi, oʻz oʻrnida qolgan yarmini tarbiyalovchisi. Shunday ekan, bu murabbiyalar kelgusi avlodni toʻgʻri islomiy tafakkur bilan tarbiyalashi zarur, qolgan ishlarning hammasi oʻz-oʻzidan iziga tushib ketaveradi.

Albatta, bu mulohazalar Qirgʻizistondagi mavjud voqelikka tegishli. Bizda esa ishni yana ham boshlangʻich bosqichlardan boshlash talab etiladi. Zero, bugungi kunda Oʻzbekistonda 15 ta diniy taʻʻlim muassasasi faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Shulardan 13 tasi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va oʻrta maxsus islom bilim yurtlari. Yaʻʻni Toshkent oliy Islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi va 10 ta oʻrta maxsus Islom bilim yurti, shundan 2 tasi ayol-qizlar oʻrta maxsus Islom taʻʻlim muassasasidir. Salkam 37 million aholisi bor Oʻzbekistonning 94 foizi musulmon ekanini hisobga olsak, islomiy oʻquv yurtlarining soni juda-juda oz ekan ayon boʻladi. Boz ustiga ulardagi talabalarning qabul kvotasi ham oʻta kam. Misol uchun, Toshkentdagi “Xadichai Kubro ayol-qizlar oʻrta maxsus islom bilim yurtida bir yilda atigi 20 nafar talaba qabul qilinadi. Talabalikka nomzodlar esa 18 yoshga toʻlgan kolledj, litsey va 11-sinfni tugatgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlishi kerak. Mazkur talab ikkinchi ayol-qizlar oʻrta maxsus islom bilim yurti – Buxorodagi “Joʻybori kalon”da oʻqimoqchi boʻlganlarga ham tegishli. Aholi zich yashaydigan va dindorlik darajasi ham yuqori boʻlgan Fargʻona vodiysida bironta ham ayol-qizlar madrasasi yoʻq...

Uchta fandan test va ogʻzaki imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan talaba anchagina qimmat shartnoma pulini toʻlashi kerak. 2020-2021 oʻquv yili uchun Oʻquv shartnoma puli Stependiyali   – 8.831.290 soʻm, stependiyasiz 7.631.290 soʻmni tashkil etgan. 2024-2025 oʻquv yili uchun bu summa qancha boʻlgani haqida bilim yurti saytidan maʻʻlumot topilmadi. Bu va boshqa barcha madrasalarda birorta ham davlat granti boʻyicha oʻrin yoʻq.

  Solishtirish uchun: 7 millionga  ham etmagan aholiga ega Qirgʻizistonda 130 ta islomiy oʻquv yurti rasmiy roʻyxatdan oʻtgan. Ulardan 34 tasi ayol-qizlar madrasasidir. 

Shu oʻrinda adolat yuzasidan taʻʻkidlash kerakki, bizdagi oʻrta maxsus islom bilim yurtlarida dunyoviy fanlar ham oʻqitiladi. Misol uchun, Buxorodagi “Joʻybori kalon” madrasasida 2016 yil yanvarʻ oyidan ximiya-fizika labaratoriya xonasi tashkil qilingan. Bundan tashqari, 2017 yilda ayol-qizlar taʻʻlim muasasalari uchun oʻquv rejalar takomillashtirilgan. Unga koʻra, ayol-qizlarni jamiyatdagi integratsiyalashuvini oshirish maksadida diniy-maxsus fanlar tizimida ijtimoiy-gumanitar fanlar boʻyicha soatlar koʻpaytirilgan. Jumladan, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari huquqiy asoslari, oila huquqi, oila psixiologiyasi, yosh fiziologiyasi va gigienasi, maʻʻnaviy-maʻʻrifiy ishlarni tashkil etish metodikasi kabi yangi fanlar kiritilgan.

Ammo asosiy muammo baribir diniy taʻʻlim muassasalarining soni kamligi, borida ham qabul kvotasining nihoyatda oz ekani. Shuningdek, diniy taʻʻlim olish yoshini qayta koʻrib chiqish, yaʻʻni 18 yoshdan emas ancha oldinroqdan boshlash zarur ekanini bugun zamonning oʻzi taqazo qilib turibdi. Shuning uchun ham koʻrsatuvni koʻpchilik millatdoshlarimiz qiziqib koʻrdi. Izoh qoldirganlarning deyarli hammasi qoʻshnilardagi bu holga havas qilgan, qoʻllab-quvvatlagan. Bu koʻrsatuvdan va u haqidagi mulohazalardan diniy taʻʻlimning, ayniqsa, ayol-qizlarning diniy taʻʻlim olishi naqadar muhimligi ravshan boʻldi. 

Bulardan quyidagicha xulosalar olish mumkin: bugun Oʻzbekistonda umuman diniy taʻʻlimga, jumladan, ayol-qizlarning diniy taʻʻlim olishiga oʻta kuchli ehtiyoj mavjud. Ehtiyoj esa u yoki bu shaklda, albatta, qondiriladi. Demak, bu ehtiyojni qondirishning toʻgʻri va qonuniy yoʻllari ochilishi, koʻpaytirilishi shart. Aks holda, yashirin hujralar faoliyati davom etaveradi, hukumat esa bu “yot unsurlarni sinf sifatida tugatish” uchun kurashaveradi.

Oddiy xalq anglab turgan real voqelikni rahbarlarimiz ham eʻʻtirof etishsa va diniy taʻʻlimni toʻgʻri va tezroq yoʻlga qoʻyishsa, ijobiy natija oʻzini koʻp kuttirmaydi. Biz davlat va jamiyat sifatida bugun toʻqnash kelayotgan koʻp muammolar echiladi, millat uygʻonadi, oʻzligini taniydi, mamlakat rivojlana boshlaydi, “halollik vaktsinasi” kabi sunʻʻiy ilojsizlik choralariga ehtiyoj qolmaydi, inshaalloh. Tabiiyki, buni davlat sifatida istasak va bu istagimizni “Katta ogʻa”ga moʻltiramay amalga oshira olsak...


Mavzuga aloqador